Yozyovonda xizmat sifati shahardagidek
Markaziy Fargʻona hududida joylashgan Yozyovon tumanida yaqin yillargacha xizmatlar soni ancha cheklangan edi. Shu bois yozyovonliklar hatto oddiy tekshiruv yoki xizmat uchun ham viloyat markazi — Fargʻona shahri yoki qoʻshni tumanlarga borishga majbur boʻlardi. Yoʻl xarajatlari baʼzan davolanishdan ham qimmatga tushar, bu esa odamlarning vaqt va imkoniyatlarini cheklab qoʻyardi.
Bugun esa vaziyat tubdan oʻzgarmoqda. Endilikda zamonaviy klinikalar, doʻkonlar va servis nuqtalari orqali aholi uyidan chiqmasdan barcha imkoniyatlarga ega. Qishloq koʻchalarida yangi doʻkonlar, servis nuqtalari va zamonaviy binolar qad rostlamoqda. Ayniqsa, katta avtomagistral yoʻli boʻyida joylashgan Toshhovuz mahallasidagi oʻzgarishlar eʼtiborga molik. Ilgari boʻsh yotgan yer maydonlarida bugun 50 turdagi xizmatlarni qamrab olgan tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi. Natijada 100 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi va xizmatlar 24/7 rejimida yoʻlga qoʻyildi.

— Oxirgi paytlarda ayrim hududlarda oʻzgarishlar shu qadar tezlashdiki, buni har bir qadamda his qilish mumkin, — deydi Fargʻona viloyati iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi shoʻba boshligʻi Zohidjon Soliyev. — Fargʻona, Margʻilon, Qoʻqon shaharlari, shuningdek, Uchkoʻprik va Oltiariq tumanlarida bu yaqqol namoyon boʻlmoqda. Har bir mahallada oʻrtacha 18 turdagi xizmat yoʻlga qoʻyilishi natijasida viloyat boʻyicha 4,5 mingdan ziyod yangi shoxobcha ish boshladi. Eng muhimi, qariyb 20 ming aholi bandligi taʼminlandi. Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida elektron auksionlar orqali qariyb 2 mingta loyiha amalga oshirilib, yengil va koʻchma servis obyektlari uchun 1400 ta yer maydoni savdoga chiqarildi.
Buvayda tumanidagi choʻl-dasht hududlari ham bugun yangi qiyofa kasb etmoqda. Yosh tadbirkor Boburjon Akramzoda tomonidan qishloq xoʻjaligi, chorvachilik va qurilish sohalari uchun 100 ga yaqin xizmat turlari yoʻlga qoʻyildi. Natijada mehnat migratsiyasidan qaytgan oʻnlab yoshlar ish bilan taʼminlandi.

– Ilgari xonadondagi eng oddiy taʼmirlash ishlari ham katta muammoga aylanardi, — deydi Rishton tumanidagi “Qoshqayron” MFYda yashovchi mehnat faxriysi Maqsuda Ergasheva. — Duradgor, chilangar yoki maishiy texnika ustasini topish oson emas edi. Arzimas ish uchun ham haftalab kutishga toʻgʻri kelar, baʼzan esa ish bitmay qolib ketardi. Yaqinda mahallamizda aholi tashabbusi bilan 30 dan ortiq xizmat turini qamrab olgan servis kompaniyasi ish boshladi. U yerga oʻnga yaqin usta jalb etildi. Endi temirchilik ustaxonasi, sartaroshxona, pishiriq sexi, savdo doʻkonlari — barchasi oʻzimizda. Bu, albatta, aholiga katta qulaylik yaratdi.
Shu bilan birga, xizmatlar sohasidagi oʻsish infratuzilma bilan uygʻun rivojlanishi zarur. Elektr taʼminoti, suv, internet va transport tizimlarini yaxshilash bu jarayonning ajralmas qismidir. Agar bu zanjirning bir halqasi uzilsa, butun tizim samarasi pasayadi.

Fargʻona viloyatida moliya, ijara, aloqa va axborotlashtirish, transport hamda taʼlim xizmatlarida oʻsish koʻrsatkichlari yuqori. Dastur doirasida 24/7 rejimida ishlaydigan 11 ta markaziy koʻchada umumiy qiymati 230,2 milliard soʻmlik 279 ta yangi obyekt foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 121 ta obyekt faoliyati kengaytirilib, 64 tasi tunu kun ishlash tizimiga oʻtkazildi. Masalan, Margʻilon shahridagi Ahmad Yassaviy koʻchasining 3 kilometr qismi ham zamonaviy xizmat koʻrsatish hududiga aylantirildi. Bu maqsadda 450 million soʻm mablagʻ ajratildi. Koʻcha infratuzilmasi yangilanib, yorugʻlik tizimi, piyodalar va velosiped yoʻlaklari, infokiosklar, bankomatlar hamda bepul internet maydonlari tashkil etildi. Ayni paytda bu yerda 160 ga yaqin tadbirkorlik subyekti 24/7 rejimida faoliyat koʻrsatmoqda.

— Qisqa vaqt ichida ushbu koʻcha oʻz nomiga mos ravishda haqiqiy boʻstonga aylandi, — deydi quvalik Qahramon Siddiqov. — Bu yerda yaratilgan sharoitlar shahardagidan aslo qolishmaydi.
Oʻtgan yil davomida xalqaro avtomagistral va davlat ahamiyatidagi yoʻllar boʻyida 238 ta loyiha amalga oshirilib, mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi. Joriy yilda esa viloyatning yana 16 ta shahar va tumanida bittadan koʻchani 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi zamonaviy sayilgohga aylantirish rejalashtirilgan. Bu tashabbus doirasida 229 ta yangi savdo va servis obyektlari ishga tushirilib, 450 ga yaqin ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilmoqda.

Umuman olganda, Fargʻona viloyatida xizmatlar sohasi izchil rivojlanib, iqtisodiy oʻsishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Eng muhimi, bu oʻzgarishlar aholi hayotida qulaylik yaratish, bandlikni taʼminlash va tadbirkorlik muhitini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
- “Oʻzgidromet” shoshilinch ogohlantirish eʼlon qildi
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring