Yosh arxivchilar forumi

15:38 16 Iyun 2025 Jamiyat
178 0

Davlatobod tumanidagi Yangi Namangan shaharchasi hududida bunyod etilgan Namangan viloyati davlat arxivining zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi arxiv tizimi mutasaddilari, faol yoshlari, soha faxriylari, “Nuroniy” jamgʻarmasi faollari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlandiki, 19 milliard 200 million soʻm mablagʻ evaziga qurilgan mazkur bino arxiv ishlarini zamonaviy bosqichga olib chiqish, tarixiy hujjatlarni saqlash va ulardan foydalanish imkoniyatlarni yanada kengaytirish bilan birga bilim va tarix markaziga aylanadi.

Namanganda Xalqaro arxivlar kuni doirasida “Yosh arxivchilar forumi” ham tashkil etildi. Mamlakatimizning barcha hududlaridan 100 nafardan ziyod yosh mutaxassis bir joyga jamlandi. Viloyat madaniyat saroyida oʻtkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada yoshlar sohadagi muammolarga yechim topish va oʻzaro fikrlashib, kengashib, yangiliklar boʻyicha oʻzaro tajriba almashish hamda erishilgan muayyan yutuqlarni ommalashtirish, dolzarb mavzularda ustoz-faxriylardan saboq olish imkoniyatiga ega boʻldi.

Bu tashqari, turli sport, “Palov chempionati” musobaqasi va “Zakovat” intellektual oʻyini hamda “Ustoz-shogird”, “Rahbar va yoshlar” va “Uch avlod uchrashuvi” forum mazmundorligini yanada oshirdi.

— Arxiv sohasida oʻttiz toʻrt yil ishladim, — deydi “Oʻzarxiv” agentligi faxriylar Kengashi raisi Dilbar Zokirova. — Yosh arxivchilarga havasim keladi. Chunki avvallari hozirgidek qulay shart-sharoitlar va sohaga eʼtibor ham bunchalik boʻlmagan. “Ustoz-shogird” anʼanasi doirasida yosh mutaxassislarga maslahatim shuki, avvalo, har bir mutaxassis oʻz vazifasiga sidqidildan yondashib, ishiga, burchiga sadoqatli boʻlsin. Albatta, tashabbuskor ham boʻlish talab etiladi. Nazariy bilimlarini muntazam yuksaltirib, amaliyotga tatbiq eta bilish katta ahamiyatga ega. Faoliyatdagi muvaffaqiyatlarning ochqich kaliti shularda mujassam. Yoshlarga faqat olgʻa deyman.

— Oʻn ikki yildan buyon Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida ishlayman, — deydi Yulduzxon Kaipnazarova. — Dastlab operator vazifasida mehnat qildim, endilikda I toifali mutaxassisman. Uchinchi marta forumda ishtirok etishim. Bu safargisi har qachongidan taassurotlarga boy boʻldi. Madaniyat saroyidagi anjumanda koʻp yillik malakaga ega ustozlardan arxiv hujjatlarini raqamlashtirishning oʻziga xos xususiyatlari, bosqichlari va hisobni yuritish, yigʻma jildlarni qayta ishlash qoidalari hamda bu borada xalqaro tajriba, sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash haqida maʼruzalarni tingladik, zarur bilimlarni oʻzlashtirdik. Qolaversa, Namangan shahrida davom etayotgan 64-Xalqaro gullar festivaliga ham bordik, goʻzallik, ajoyib nafosatdan bir olam zavq oldik, juda mamnunmiz.

Muhiddin MAGʻZUMOV,

jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?