Yongʻin xavfining ortishiga sabab nima?

16:03 21 Noyabr 2022 Jamiyat
1056 0

Mamlakatimizda kuz-qish isitish mavsumida favqulodda holatlarning oldini olish maqsadida joriy yilning 15-noyabridan 15-dekabriga qadar “Yongʻin xavfsizligi oyligi” oʻtkazilmoqda.

Statistika maʼlumotlariga qaraganda, respublikamizda har yili 15 mingdan ortiq yongʻinlar sodir boʻladi. Buning oqibatida 900 nafarga yaqin kishi tan jarohati olib, 200 nafardan ortiq inson nobud boʻladi. Koʻrilgan moddiy zarar miqdori esa bir necha milliard soʻmdan oshib ketadi. Mana shu fakt va dalillar tilsiz yovning oqibatlari naqadar ayanchli ekanligini koʻrsatib turibdi.

“Yongʻin xavfsizligi oyligi”dan koʻzlangan asosiy maqsad iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlari, shuningdek, aholi turarjoylarida bunday koʻngil hodisalarning oldini olish, yongʻin xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirishdan iborat ekanligi diqqatga sazovordir.

Oylik doirasida Toshkent shahri, Yashnobod tumanidagi 166-sonli maktabda yongʻinga qarshi targʻibot tadbiri oʻtkazildi.

— Tahlillarning koʻrsatishicha, kuz-qish mavsumida yongʻin xavfining ortishiga sabab boʻladigan asosiy omillardan biri isitish moslamalariga boʻlgan ehtiyojning oshishi hisoblanadi, — deydi Yashnobod tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari, mayor Anvar Ziyabekov. — Shu bois oylik davomida yongʻinlar bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarning oldini olish ishchi-xizmatchilar, taʼlim muassasalari oʻquvchilari va aholi oʻrtasida targʻibot tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda. Ularda yongʻin xavfsizligi qoidalari talablari, favqulodda holatlarda harakatlanish talablari tushuntirilyapti. Shu bilan birga, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari koʻrilmoqda.

Maktab direktori Nilufar Tulebayevaning aytishicha, mazkur taʼlim muassasasida yongʻin xavfsizligi burchagi tashkil etilgan boʻlib, oʻt oʻchirish asbob-uskuna va anjomlari bilan jihozlangan. Bundan tashqari, yongʻin xavfsizligini taʼminlashga masʼul shaxs tayinlangan. U boshchiligida yongʻin xavfsizligi meʼyorlari buzilishining oldini olish, favqulodda holatlar kelib chiqishiga yoʻl qoʻymas chora-tadbirlari yanada kuchaytirilgan. Xususan, gaz, energetika, suv va isitish moslamalarining sozligi doimiy nazorat ostida. Qoʻlbola isitgichlar, maishiy elektr uskunalaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmayapti.

Maktabda xavfsizlik talablariga rioya etish borasida eslatma, yoʻriqnoma, plakatlar va bannerlar ishlab chiqilib, belgilangan joylarga oʻrnatilgani, shuningdek, oʻquvchilarga tarqatilgani oylik tadbirlarining samaradorligini oshirishda qoʻl kelayotir.

Tadbirda obyektlarda favqulodda vaziyatlar yoki yongʻin sodir boʻlganda harakatlanish tartibi boʻyicha amaliy mashq oʻtkazildi. Shuningdek, yongʻin qutqaruv texnikalari va vositalari namoyish etilib, oʻquvchilarga ulardan qanday foydalanish yoʻl-yoʻriqlari koʻrsatib berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?