Yangilanish va qadriyatlar uygʻunligi

15:24 20 Mart 2026 Jamiyat
239 0

Andijon viloyatining Bobur shahrida umumxalq Navroʻz bayrami munosabati bilan oʻtkazilayotgan xalq sayli bugun nafaqat bayram, balki milliy ruh, qadriyat va yangilanish timsoliga aylangan. Bahorning ilk nafasi ufurib turgan bu goʻshada tabiat uygʻonishi bilan birga insonlar qalbida ham yangicha kayfiyat, ezgu orzular va pok niyatlar joʻsh urayotgandek.

Sayl maydoniga qadam qoʻygan kishi avvalo doshqozonlarda qaynayotgan sumalak hidiga, yangi yopilgan qatlama va koʻk somsalarning issiq bugʻiga goʻyo bir zumda mahliyo boʻladi. Bu yerda har bir taom nafaqat taʼm, balki asrlar davomida shakllangan milliy anʼanalarning davomi sifatida namoyon boʻlmoqda.

Maydonda yangrayotgan kuy-qoʻshiqlar esa bayramga yanada jon bagʻishlaydi. Havaskor jamoalar ijrosidagi milliy kuylar, qoʻshiqlar va raqslar yigʻilganlarning qalbiga iliqlik ulashib, ularni bir maqsad — bayram shodligini birgalikda his etishga chorlamoqda. Dorbozlar oʻz mahorati bilan tomoshabinlarni hayratga solsa, polvonlar bellashuvlari orqali milliy sport anʼanalarini namoyon etmoqda.

Ayni paytda, sayl hududidagi rassomlar ham befarq emas. Ular shu goʻzal lahzalarni oʻz asarlarida muhrlashga kirishgan. Bahor rangi, insonlar chehrasidagi quvonch va milliy muhit ular chizgan suratlarda yanada jonlanadi.

Navroʻz bugun faqat anʼanalarni namoyon etish bilan cheklanib qolmayapti. U zamonaviy yondashuvlar, yangi gʻoya va loyihalarni ham namoyish etish imkoniga aylanmoqda. Jumladan, “Andijon suv taʼminoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan namoyish etilgan havoda muallaq favvora koʻpchilikning eʼtiborini tortdi.

— Ushbu loyiha aslida yangilik emas, — deydi jamiyat bosh muhandisi Xumoyunjon Alimov. — Shunchaki, unga bahoriy kayfiyatni singdirgan holda mehmonlar eʼtiboriga havola etdik. Ushbu favvora ostiga 200 litrli suv idishi oʻrnatilgan boʻlib, suv nasos yordamida yuqoriga koʻtariladi. Koʻtarilgan quvur orqali tashqariga otilib, yana hovuzga tushadi. Bu orqali biz tabiatdagi suv aylanishini ifoda etdik. Shu bilan birga, suvning hatto quruq adirlarni ham gullab-yashnagan bogʻlarga aylantirishdagi beqiyos ahamiyatini tasvirlashni maqsad qildik.

Darhaqiqat, bu kabi yangicha loyihalar Navroʻz bayramining mazmun-mohiyatini yanada boyitmoqda. Bir tomonda milliy qadriyatlar, ikkinchi tomonda zamonaviy fikr va tashabbuslar uygʻunligi namoyon boʻlayotgani esa bu bayramning hayotiyligi va davomiyligini taʼminlaydi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер