Yangi uy, yangi hayot, zamonaviy turmush
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Sardoba suv omborida yuz bergan texnogen hodisa oqibatlarini bartaraf etish doirasida juda qisqa muddatda bunyod etilgan uy-joy massivlariga, butunlay yangi qiyofaga kirgan mahallalarga mediatur tashkil qilindi.
Dastlabki manzil Sardoba tumanidagi “Doʻstlik” mahallasi boʻldi. Mirza vohasi kengliklari oʻramidagi mazkur manzil endi purviqor mahobati va koʻrkam salobati bilan uzoqdanoq koʻzga tashlanadi, kishida qishloq emas, shaharga yaqinlashayotgandek taassurot uygʻotadi. Mirzaobod tumanidagi “Navbahor”, “Yangi Oʻzbekiston”, Oqoltin tumanidagi “Yangi Toshkent”kabi mahallalarda ham shunday: yangi qurilishlar, taʼmirlash –obondonlashtirish, sanoatning yoʻlga qoʻyilishi singari omillar tufayli qishloq bunyodkorligiga yangicha yondashuv kirib keldi va uning hayotida butunlay zamonaviy mazmun-mohiyat paydo boʻldi. Va bu oʻzgarishlarni haqli ravishda Vatanimiz kelajak qishloqlarining amaldagi namunalari deyish mumkin.

“Doʻstlik”da qurilgan koʻpqavatli uylar va ularning hovlilari, koʻcha va yoʻlaklari allaqachon oʻz egalari bilan gavjum.Ushbu massiv 1480 ta oilaga moʻljallangan. Roʻparasida “Oqsaroy group”ning “Sardoba Oqsaroy tekstil” korxonasi. U mingta ish oʻrniga ega yirik yengil sanoat subyekti.Va aytish lozimki, bu atrof javonibdagi yuzlab xonadonlarning turmushi, roʻzgʻori obod boʻlishi uchun juda katta imkoniyat.
— Bizning mahalladan Toshkentgacha qariyb 200 kilometr, — deydi korxona chevari Bahriniso Azimova. — Bu gapni aytayotganimning boisi shuki, avval oʻzimizda ish yoʻqligi tufayli, shuncha uzoq yoʻlda qatnab, poytaxtdagi xususiy sexlarda tikuvchilik qilardim. Endi esa bor-yoʻgʻi bir yarim ming qadam tashlasam, bas, hamma sharoitlarga ega ish joyimda boʻlaman. Uyimdan, oilamdan koʻnglim toʻq, poytaxtda ishlab yurgan vaqtlardagidek xavotirlanmayman. Ha aytgandek, taʼmirdan soʻng uyimiz ham chiroyli, ham qulay sharoitli boʻldi. Yana bu yil oʻgʻlim oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirdi. Egizak qizlarim bitiruvchi sinfda, ular ham talaba boʻlish niyatida astoydil oʻqishyapti. Xullas, hayotimizda quvonchimizga quvonch qoʻshuvchi yangiliklar koʻp.
Nuroniy Rasul Toʻychiyev oʻtgan asrning sakson uchinchi yilidan buyon mana shu kengliklarda yashaydi. Umr yoʻldoshi Nazokat Toʻychiyeva bilan solih farzandlarni voyaga yetkazib, shu zaminga mehr qoʻygan, qishloq xoʻjaligi sohasida samarali mehnat qilgan mutaxassislardan biri. Mirzaobod tumanidagi “Navbahor” mahallasi janubida qad koʻtargan “Nurli kelajak” massiviga tashrif asnosida Rasul Toʻychiyev jurnalistlarni yangi xonadoniga taklif qildi. Mehmonxonasida oʻzbekona manzara: momolardan meros kashtalar bilan bezalgan koʻrpa-yostiqlar taxmoni, bejirim xontaxta... Shu mahal ostonada yopinchiqli kelin paydo boʻldi va mehmonlarni “Kelinsalom”i bilan izzatladi.
— Uch kun avval toʻy oʻtkazdik, — deydi Rasul Toʻychiyev. — Uchinchi kelinimizni yangi uyga tushiramiz deb niyat qilgan edik. Shukr, orzuimizga yetdik. Toʻy-toʻyga ulanyapti. Bizdan keyin kuni kecha yana ikki qoʻshnimiz ham kelin oldi.
Maʼlum qilinishicha, “Navbahor” aholisi uchun zamonaviy yashash sharoiti yaratilgani barobarida, faoliyat turlari ham kengaymoqda. Yaʼni bu yerda ishlab chiqarish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha bir necha loyihalar amalga oshirilmoqda. Deylik, “Sardoba baliqchi” korxonasi hudud uchun butunlay yangi mahsulot — baliq filesi tayyorlashga ixtisoslashsa, boʻrdoqichilik majmuasida ham koʻplab navbahorliklar doimiy ish bilan band boʻladi. Fargʻona viloyati tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik sexida esa allaqachon 40 dan ziyod xotin-qiz mehnat qilmoqda.
“Navbahor”ning koʻpqavatli uylardan iborat “Nurli kelajak” massivi yonida hamisha bahor manzarasi namoyon. Negaki, bu yerda «Beklaster» qoʻshma korxonasi tashabbusi bilan ayni shu mahalla ahli uchun har biri 25 sotixlik issiqxonalar bunyod etildi. Oilalarga berilayotgan issiqxona uchun olingan kreditlarga kafillikni mazkur loyiha doirasida ochilgan ikki masʼuliyati cheklangan jamiyat oʻz zimmasiga olgan. Va kreditlar uzilgach, issiqxonalar oilaning oʻz mulkiga aylanadi. Masalan, hademay, Azamat Hayitov ham ana shunday mulkdor, tadbirkorga boʻladi. Quvonarlisi, unga ajratilgan oynavand dalada qulupnayning ilk hosili pishib yetildi.

— Issiqxona tufayli oila aʼzolarimning bari ishli boʻldi, — deydi Azamat Hayitov. — Shukr, ilk ekinimiz baravj va serhosil rivojlanyapti. Biz uchun yangilik boʻlgan dehqonchilikning bu usulini ham ancha oʻrganib oldik. Qolaversa, issiqxona xoʻjaligini yuritishni mukammal oʻzlashtirishimiz uchun alohida mutaxassislar ham biriktirilgan. Ularning aytishicha, hozir oʻstirayotgan qulupnayimiz yoz oʻrtalarigacha hosil berar ekan. Issiqxonamizda limon koʻchatlari ham oʻsmoqda, yaʼni bir necha yil ichida u limonzorga aylanadi. Bizga berilgan yangi uy shundoq issiqxona yonida. Bu qulaylik mehnatimiz samarasini yana-da oshirmoqda.
Shu tumandagi “Yangi Oʻzbekiston ” mahallasida jurnalistlarni bir guruh kayvoni ayollar “Xush kelibsizlar! Bizning uyga kirib, bir piyola choy iching, mehmonimiz boʻling” deb kutib olishdi. Ha, bunday oʻzbekona mulozamat, koʻchasiga yoki qoʻshnisinikiga kelgan mehmonni ham oʻz mehmoni deb bilishdek oliyhimmatlik xalqimizga xos, takrori yoʻq qadriyatimizdir.
Binobarin,”Yangi Oʻzbekiston” da ham xonadonlar oʻz egalarini bagʻriga oldi. Butunlay yangi tashkil boʻlgan mahallada nurafshon hayot chiroqlari porlay boshladi. Odamlar turmushida esa avval havas qilganidan-da aʼlo oʻzgarishlar paydo boʻldi.
— Uylarni taqsimlashda shaffoflikka toʻla rioya qilindi, — deydi uy bekasi Nasiba Suvonova. — Bunda ota-bobolarimizdan qolgan, sinalgan usul- “chek tashlash”dan foydalanilgani barchaga manzur boʻldi. Shu bilan birga keksasi, nogironi bor oilalar uchun birinchi qavatdan uy berish toʻgʻrisidagi taklifni ham hamma qoʻllab-quvvatladi. Masalan, qaynonamning katta yoshdaligini eʼtiborga olishib, bizga ham birinchi qavatdan xonadon berishdi.Hozir mahallamizda har kuni bayram kayfiyati. Negaki, oʻz uying boʻlganiga nima yetsin. Xonadonlarimizdagi qulaylik, shinamlikdan bir quvonsak, mahallamizdagi obod manzaradan yuz quvonamiz. Buning uchun, Prezidentimizga va xalqimizga cheksiz minnatdorligimizni yoʻllaymiz.
“Doʻstlik”mi “Navbahor” yo “Yangi Oʻzbekiston”- barchasida eʼtiborni tortgan yana bir xushnud manzara — maktabga shoshilayotgan yohud qaytayotgan, koʻpqavatli uylar hovlisidagi oʻyingohlarni toʻldirgan oʻgʻil-qizlar boʻldi. Va shubhasiz, ularning shoʻx-shodon kayfiyati ham bu manzillarga yangi hayot, zamonaviy va farovon turmush, yorqin kelajak qadam qoʻyganligining yana bir dalolatidir.
Ahmadali SHERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- “Soxta tetiklikning haqiqiy halokati”: energetik ichimliklarning sekin, ammo muqarrar yiqitish jarayoni haqida
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring