Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Yurtimizda 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan referendumda yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi tomonidan yoqlab ovoz berish orqali qabul qilinganligi unda xalqimizning Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha orzu-umidlari va intilishlari oʻz aksini topganligidan dalolat bermoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi Oʻzbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Referendum koʻp millatli buyuk xalqimizning birdamligi va hamjihatligi, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurishga qatʼiy qaror qilganligining ishonchli ifodasi boʻldi.
Xususan, Konstitutsiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi – ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilab berildi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi.
Hokimiyatlar boʻlinishi prinsipi hamda oʻzaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining zamonaviy konsepsiyasini hisobga olgan holda, Oliy Majlis, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati oʻrtasida vakolatlar qayta taqsimlandi. Joylarda hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modeli nazarda tutildi.
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini soʻzsiz va toʻliq amalga oshirish, unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarni Yangi Oʻzbekiston ulugʻvor gʻoyasiga hamohang tarzda roʻyobga chiqarish, davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yoʻlga qoʻyish, fuqarolar oʻz hayotida xalq Konstitutsiyasi ruhini yaqqol his etib turishini taʼminlash maqsadida:
1. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani soʻzsiz va toʻliq amalga oshirish barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasi etib belgilansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash uchun shaxsan javobgar hisoblanadi;
yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida toʻgʻridan-toʻgʻri va soʻzsiz qoʻllaniladi;
yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ularni amalga oshirish uchun boshqa qonunchilik hujjatlarining mavjud emasligi yoki qonunchilikka Konstitutsiyaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmaganligi vaji bilan qoʻllashni rad etish qatʼiyan taqiqlanadi.
3. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Quyidagilar:
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ustuvor gʻoyalarini roʻyobga chiqarish va normalarini hayotga tatbiq etish boʻyicha Davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda – Davlat komissiyasi) 2-ilovaga muvofiq tarkibda;
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat prinsiplarini izchil amalga oshirish boʻyicha ekspertlik kengashlari (keyingi oʻrinlarda – ekspertlik kengashlari) 3–7-ilovalarga muvofiq tarkiblarda tuzilsin.
5. Belgilansinki, Davlat komissiyasi:
yangi tahrirdagi Konstitutsiya va dasturni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishini taʼminlaydi;
davlat organlari va tashkilotlari, ekspertlik kengashlarining yangi tahrirdagi Konstitutsiya va dasturni amalga oshirish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
yangi tahrirdagi Konstitutsiya va dasturni amalga oshirishda keng jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar va xorijiy ekspertlar ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratadi;
yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalga oshirish doirasida qilingan ishlarni kengaytirilgan tarzda yiliga kamida ikki marotaba tanqidiy muhokama qilib boradi hamda davlat organlari va tashkilotlari, ekspertlik kengashlari rahbarlarining hisobotlarini eshitadi.
6. Ekspertlik kengashlari (T.Narbayeva, N.Ismoilov, N.Yoʻldoshev, J.Qoʻchqorov, A.Tashkulov):
2024-yil 1-yanvarga qadar oʻrta va uzoq istiqbolli suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni rivojlantirish konsepsiyalari ishlab chiqilishi va Davlat komissiyasiga kiritilishini taʼminlasin;
yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlangan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatning ustuvor prinsiplari ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida aks ettirilishi ustidan monitoring olib borsin;
yangi tahrirdagi Konstitutsiya va dasturning amalga oshirilishi yuzasidan har chorakda Davlat komissiyasiga hisobot kiritib borsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalga oshirish jarayonini axborot-tahliliy, ilmiy va ekspertlik jihatdan taʼminlash uchun masʼul etib belgilansin va uning zimmasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish;
davlat organlari, ayniqsa, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarining toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanishi holatini monitoring qilib borish;
yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida yangi oʻquv dasturlari, darsliklar va boshqa qoʻllanmalarni tayyorlash boʻyicha ilmiy-metodik chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish.
8. Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari korpusini shakllantirishning majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimini joriy etish haqidagi takliflari maʼqullansin.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bir oy muddatda majoritar-proporsional shaklga asoslangan saylov tizimiga oʻtishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish tavsiya etilsin.
9. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 32-moddasida belgilangan mamlakat boʻylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi toʻliq roʻyobga chiqarilishini taʼminlash maqsadida:
Vazirlar Mahkamasi (A. Aripov) ikki oy muddatda “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi lozim boʻlgan shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish boʻyicha qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin;
Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov) bir oy muddatda fuqarolarni yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olishda xabardor qilish tartibini joriy etishga qaratilgan mutlaqo yangi mexanizmlarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasini taqdim qilsin.
10. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 78-moddasida belgilangan bolalar va yoshlarda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanish, Vatanga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻularini shakllantirishga oid qoidalarni amalga oshirish maqsadida 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab respublika fuqarosi hisoblangan va 18 yoshgacha boʻlgan bolalarning madaniy meros obyektlariga, jumladan koʻrgazmalar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar, shuningdek, davlat muzeylariga toʻlovsiz kirish tartibi joriy etilsin.
Oliy Majlis palatalariga bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, bolaning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan toʻliq rivojlanishi uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini qisqa muddatda qabul qilish tavsiya etilsin.
11. Fuqarolarning yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 50-moddasida belgilangan taʼlim olish huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish maqsadida 2023-yil 1-avgustdan boshlab soliq toʻlovchilar tomonidan yoshidan qatʼi nazar farzandlarining Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlarida taʼlim olishlari uchun yoʻnaltiriladigan toʻlovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritilsin.
12. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 41, 65–67-moddalari talablaridan kelib chiqib, shuningdek, mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini taʼminlash, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yoʻl qoʻymaslik maqsadida 2023-yil 1-iyundan boshlab quyidagilar bekor qilinsin:
toʻlov xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar oʻrtasida pul oʻtkazmalari amalga oshirilganda, ularga koʻrsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etish
va rasmiylashtirish tartibi;
chakana savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarining faoliyat koʻrsatish vaqtiga nisbatan cheklovlar.
13. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) Markaziy bank (M. Nurmuratov), Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L. Kudratov), Tabiat resurslari vazirligi (A. Abduxakimov) bilan birgalikda ikki oy muddatda “yashil moliyalashtirish” mexanizmlarini tatbiq etish boʻyicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin va unda shu jumladan “yashil sertifikat”, “yashil kreditlar” va xalqaro tajribada keng foydalaniladigan boshqa institutlarni nazarda tutsin.
14. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 55-moddasida belgilangan har bir shaxsning oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish huquqi kafolatlarini yanada kuchaytirish maqsadida 2024-yil 1-yanvardan boshlab, maʼmuriy sudlarga shikoyat qilishda fuqaro va tadbirkorlik subyektlaridan davlat bojini undirmaslik, bunda davlat bojini ishni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha aybdor tarafdan undirish tartibi joriy etilsin.
Oliy sud (B. Islamov) Adliya vazirligi (A. Tashkulov), Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda 2023-yil 1-oktyabrga qadar ushbu bandda nazarda tutilgan masala boʻyicha qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin.
15. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 21-moddasida belgilangan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllashda mutanosiblik prinsipini hayotga tatbiq etish maqsadida Adliya vazirligi (A. Tashkulov) Oliy sud (B. Islamov), Bosh prokuratura (N. Yoʻldoshev), Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov) hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda:
ikki oy muddatda maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikda shartnomaviy va boshqa fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan javobgarlik choralarini bekor qilish;
2024-yil 1-yanvarga qadar qonunchilik bazasini toʻliq xatlovdan oʻtkazib, unda belgilangan huquqiy taʼsir choralarini mutanosiblik prinsipiga muvofiqlashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.
16. Adliya vazirligi (A. Tashkulov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev), Oliy sud (B. Islamov) va Bosh prokuratura (N. Yoʻldoshev) bilan birgalikda ikki oy muddatda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 29-moddasida belgilangan davlatning huquqbuzarliklardan jabrlanganlarga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyati toʻliq roʻyobga chiqarilishini taʼminlashga qaratilgan mexanizmlarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin.
17. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 26-moddasida belgilangan insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi kafolatlarini yanada mustahkamlash maqsadida Bosh prokuratura (N. Yoʻldoshev) Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Oliy sud (B. Islamov) va Davlat xavfsizlik xizmati (A. Azizov) bilan birgalikda 2023-yil 1-avgustga qadar qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllashda shaxsni hibsxonaga joylashtirishdan oldin majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibini joriy etish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni kiritsin.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 142-moddasi talablaridan kelib chiqib:
a) jinoyat protsessida himoyachining maqomini kuchaytirish maqsadida, unga quyidagi qoʻshimcha huquq va vakolatlar berilsin:
surishtiruv va dastlabki tergovda himoyachi tomonidan istalgan vaqtda jinoyat ishini qoʻzgʻatish va tugatish haqidagi qarorlardan nusxa olish;
koʻrsatmalarni oldindan mustahkamlab qoʻyish (deponirovaniye) uchun sudga toʻgʻridan-toʻgʻri iltimosnoma kiritish;
tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilayotgan shaxslarga malakali yuridik yordamdan foydalanish huquqini kafolatlash maqsadida tergovga qadar tekshiruv jarayonida himoyachi maqomida ishtirok etish;
ish boʻyicha shartnoma asosida sud ekspertizalari oʻtkazilishini va zarur bilimga ega mutaxassislar jalb qilinishini tashkillashtirish;
jinoyat ishi boʻyicha maʼlumotlarga ega shaxslarni soʻrovdan oʻtkazishda ularning roziligi bilan maxsus texnika vositalaridan foydalanish;
b) advokatura sohasiga yosh kadrlarni faol jalb qilish maqsadida 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab oliy taʼlim tashkilotlari yurisprudensiya yoʻnalishida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalariga advokatlik tuzilmalarida mehnat qonunchiligiga muvofiq oʻqishdan boʻsh vaqtda advokat yordamchisi sifatida ish faoliyatini olib borishga ruxsat etilsin.
Adliya vazirligi (A. Tashkulov) Oliy sud (B. Islamov) va Bosh prokuratura (N. Yoʻldoshev), Davlat xavfsizlik xizmati (A. Azizov), Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov) bilan birgalikda ikki oy muddatda himoyachining huquq va vakolatlarini kengaytirishni, advokat yordamchisi sifatida ish faoliyatini olib borish tartibini takomillashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini belgilangan tartibda kiritsin.
19. Bosh prokuratura (N. Yoʻldoshev) Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Milliy gvardiya (R. Djurayev), Davlat xavfsizlik xizmati (A. Azizov) bilan birgalikda bir oy muddatda ushlangan va tergov ostida boʻlgan shaxsning konstitutsiyaviy protsessual huquqlarini batafsil tushuntirib beruvchi koʻrgazmali materiallarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shu jumladan, tergov idoralari binolarida fuqarolarga koʻrinadigan tarzda joylashtirilishini taʼminlasin.
20. Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova), Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I. Abduraxmanov), Adliya vazirligi (A. Tashkulov) va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2023/2024 oʻquv yili boshlanguniga qadar:
barcha taʼlim turlari va bosqichlaridagi Konstitutsiyani oʻrganish boʻyicha oʻquv rejalari va taʼlim dasturlarini qayta koʻrib chiqish va ularni yangi tahrirdagi Konstitutsiya norma va qoidalariga moslashtirish;
oʻquvchilarga, yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyani oʻrgatish boʻyicha zamonaviy metodika asosida darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari va maxsus adabiyotlarni yaratish choralarini koʻrsin.
Mazkur banddagi chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplansin.
21. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (Gʻ.Mirzayev) Adliya vazirligi (A.Tashkulov), Sudyalar oliy kengashi (X.Yodgorov) va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2023–2024-yillarda yangi tahrirdagi Konstitutsiya boʻyicha davlat fuqarolik xizmatchilari va sud-huquq tizimi xodimlarini oʻqitish rejasini tasdiqlasin:
alohida grafik asosida barcha boʻgʻindagi davlat fuqarolik xizmatchilari va sud-huquq tizimi xodimlariga yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini oʻqitishni tashkil etish;
davlat fuqarolik xizmatchilari va sud-huquq tizimi xodimlarining konstitutsiyaviy madaniyati, huquqiy savodxonligini oshirish va baholash tizimini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga moslashtirish nuqtayi nazaridan qayta koʻrib chiqish.
22. Oliy Majlis palatalari, Konstitutsiyaviy sud, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti hamda Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazning yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning moddama-modda ilmiy-amaliy sharhini tayyorlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning moddama-modda ilmiy-amaliy sharhini tayyorlash boʻyicha tahrir kengashi 8-ilovaga muvofiq tarkibda shakllantirilsin va uning ishchi organi etib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti belgilansin.
Tahrir kengashi (M. Raxmankulov):
sharhni tayyorlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning koʻp millatli xalqimizni birlashtirishdagi salohiyatini, unda oʻz aksini topgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat prinsiplarini, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning yangi mexanizmlarini ochib berishga, shuningdek, uning matni aholining keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar uchun tushunarli va sodda tilda boʻlishiga eʼtibor qaratsin;
yetakchi milliy va xorijiy ekspertlar, huquqshunoslar va davlat arboblarini jalb etgan holda, 2023-yil 1-dekabrga qadar sharh matni tayyorlanishini hamda oʻzbek va xorijiy tillarda chop etilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
23. Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti (M.Raxmankulov) va Adliya vazirligi (A.Tashkulov) 2023-yil 1-iyunga qadar oʻzbek va xorijiy tillarda “Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi” yagona milliy portali (keyingi oʻrinlarda – portal) va uning mobil ilovasi ishga tushirilishini taʼminlasin.
Bunda, portal va uning mobil ilovasida fuqaro va tadbirkorlar uchun qonunchilikni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish hamda uni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni taqdim etish imkoniyati nazarda tutilsin.
24. Adliya vazirligi (A.Tashkulov) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti (M.Raxmankulov) bilan birgalikda uch oy muddatda qonunosti hujjatlarini xatlovdan oʻtkazish hamda portalga kelib tushgan takliflarni umumlashtirish natijalariga koʻra yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilishi lozim boʻlgan normalarni qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
25. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ommaviy axborot vositalarida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning hayotga tatbiq etib borilishi, shu jumladan aholining turmushidagi ijobiy oʻzgarishlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
26. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib dasturda ijrochi sifatida nazarda tutilgan vazirliklar, idoralar va ekspertlik kengashlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U.Umurzakovga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring