Yangi obyektlar bayram sovgʻasi boʻldi

12:39 04 Sentyabr 2023 Jamiyat
496 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Harbiy xizmatchilarga uy berildi

Mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi shodiyonasi kunlarida Oqdaryo tumanining Dahbed shaharchasida bunyod etilgan ikkita 5 qavatli turarjoydan 70 ga yaqin xonadon Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga topshirildi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari Qahramon Ochilov, Oqdaryo tumani hokimi Sherzod Qudratov va jamoatchilik vakillari ishtirok etib, Qurolli Kuchlar salohiyatini oshirish, harbiylar va ularning oila aʼzolari yashash sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritdilar. Buning natijasida harbiy xizmatchilar zamon talablariga mos yashash sharoitlariga ega boʻlib, mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga hissa qoʻshmoqda.

— Yigirma yildan beri Vatanimiz mudofaasini taʼminlashdek sharafli vazifada xizmat qilib kelmoqdaman, — deydi ikkinchi darajali serjant Safar Hakimov. — Bu vaqt oraligʻida yurtimizning turli hududlarida, baʼzida sharoiti bor, baʼzida yoʻq joylarda yashashga toʻgʻri keldi. Harbiy xizmatchi har qanday sharoitda oʻz ontiga sodiq boʻlib, vazifasini bajarishi shart boʻlganidek, oilasi ham shunday sharoitlarga koʻnikishga majbur ekan. Yaratganga shukur, mana endi bizni ham oʻz uyimiz — 3 xonali xonadonimiz bor. Bundan farzandlarim juda ham xursand. Bizga mana shunday sharoitlarni yaratib bergan davlatimizdan minnatdorman.

Yangi oʻquv yilida talabalar va oʻquvchilar ham zamonaviy qulayliklardan foydalanishadi

Eng ulugʻ, eng aziz bayram va yangi oʻquv yili arafasida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti talabalari uchun yangi yotoqxona qurilib, foydalanishga topshirildi

Davlat-xususiy sheriklik asosida “Samarqand Sheben klass” MCHJ tomonidan bunyod etilgan mazkur talabalar turar joyi 240 oʻringa moʻljallangan boʻlib, uning qurilish ishlariga 8,5 milliard soʻm mablagʻ sarflangan.

— Mazkur yotoqxonada talabalar uchun barcha zarur qulayliklar yaratilgan, — deydi institut rektori Muhiddin Poʻlatov. — Biroq oliy taʼlim muassasamizda toʻqqiz ming nafarga yaqin talaba tahsil oladi. Shundan toʻrt ming nafari kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiydi va 1600 nafar talabaning yotoqxonaga ehtiyoji bor. Shuning uchun 2024-2025 oʻquv yilida ushbu hududda yana bitta 600 oʻrinli talabalar turar joyi quriladi.

Institutga qarashli 375 oʻrinli talabalar yotoqxonasida esa 1,2 milliard soʻmlik taʼmirlash ishlari olib borilgan. Joriy yil 615 nafar talaba yotoqxonalarga joylashtiriladi va qolgan talabalarga ijara uylaridan joy topishlari uchun institut tomonidan yordam beriladi.

Samarqand davlat tibbiyot universitetida ham davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan yangi talabalar turar joyi qurib bitkazildi.

620 oʻringa moʻljallangan ushbu bino bilan universitet talabalari uchun turar joylar soni umumiy 6 taga yetadi.

Shuningdek, tez kunlarda yotoqxona yonida maishiy xizmat koʻrsatish markazi ishga tushiriladi. Markaz tarkibida sport bilan shugʻullanish uchun zal, kimyoviy tozalash shoxobchasi, atelye, sartaroshxona hamda oshxonalar talabalarga xizmat koʻrsatishi rejalashtirilgan.

Bayram kunlari Narpay tumanidagi 13-umumtaʼlim maktabida ham 180 oʻrinli qoʻshimcha bino qurilib foydalanishga topshirildi. Qariyb 2 milliard 300 million soʻm mablagʻ evaziga bunyod etilgan ushbu ziyo maskanining tantanali ochilish marosimida tuman hokimligi, nuroniylar va mahalla fuqarolari ishtirok etdi.

Yigʻilganlar oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirib, Prezidentimiz tomonidan taʼlimga berilayotgan eʼtibordan mamnun ekanliklarini bildirishdi.

Payariq tuman Markaziy shifoxonasining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Investitsiya dasturi asosida 30 milliard soʻm mablagʻ hisobiga barpo etilgan mazkur yangi bino umumiy jarrohlik, bolalar, terapiya boʻlimlari, bundan tashqari, nevrologiya,endokrinologiya, ginekologiya, kardiologiya, anestizioligiya va reanimatsiya boʻlimlari, operatsion blok, ichki dorixona, oshxona, laboratoriya, sterilizatsiya boʻlimlarini oʻz ichiga olgan.

Shifoxona binosining ochilish marosimida tuman hokimligi, viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi masʼullari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda soʻz olganlar mashaqqatli kasb egalari bir tanu bir jon boʻlib xalqqa xizmat qilayotganligini, ushbu yangi binoda tashkil qilingan xizmatlar aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirishini taʼkidladi.

Kattaqoʻrgʻon shahrida urush yillarida 13 bolani bagʻriga olgan Hamid Samadov jasorati aks ettirilgan monument ochildi

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda shahar hokimligi va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, matonatli va bagʻrikeng inson Hamid Samadovning Ikkinchi jahon urushi yillaridagi hayoti haqida soʻz yuritdi.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Prezidentimiz 2021-yil 24-sentyabrda samarqandlik saylovchilar bilan oʻtkazgan uchrashuvida Ikkinchi jahon urushi yillarida janglarda qahramonlik koʻrsatib, nogiron boʻlib qaytgan Hamid Samadov va uning umr yoʻldoshi Sanobar Samadovaning turli millatga mansub 13 nafar yetim bolani olib, voyaga yetkazganini yodga olgan edi, — deydi G.Alimova. — Shunda Prezident “Bunday insonlarga haykal qoʻyish kerak!”, degan gaplarni aytgan va bu boʻyicha zarur topshiriqlar bergandi.

Hamid Samadov Ikkinchi jahon urushi yillarida ikki marta qahramonlik koʻrsatgan. Birinchisi — Stalingrad va Ukraina jang maydonlarida boʻlsa, ikkinchisi — fuqarolik burchini ado etishda. Hamid aka 1944-yilda urushdan uyiga ogʻir jarohat bilan qaytib, 13 nafar qarovsiz qolgan bolalarni asrab olib, ularga gʻamxoʻrlik qilgan.

Hamid Samadov jasoratiga, odamiylik xislatlariga hamohang tarzda barpo etilgan ushbu yodgorlik majmuasi insoniylikning yuksak namunasiga qoʻyilgan monument boʻldi, deyish mumkin.

Urgut tumanida Bogʻishamol madaniyat markazi binosi foydalanishga topshirildi

Mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan tuman va shaharlarda qator ijtimoiy soha obyektlari foydalanishga topshirilyapti. Urgut tumanidagi 78-son Bogʻishamol madaniyat markazi binosi ham ana shunday inshootlardan biridir.

— Mazkur madaniyat markazi 3,5 milliard soʻm mablagʻ evaziga “Fayz” MCHJ quruvchilari tomonidan rekonstruksiya qilindi, — deydi madaniyat markazi rahbari Shukrullo Karimov. — Markaz binosida maʼmuriyat hamda toʻgarak mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun 5 ta xona, tadbirlar oʻtkazishga moʻljallangan 250 oʻrinli tomoshalar zali bor. Markazimiz boshqa zarur jihozlar bilan ham taʼminlandi.

Madaniyat markazi yangi binosining tantanali ochilish tadbirda jamoatchilik vakillari “Besh qarsak” folklor ansambli jamoasining chiqishlarini ham tomosha qilishdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?