Yangi avlod bogʻi

11:45 10 Sentyabr 2025 Jamiyat
64 0

Samarqand sayyohlar ziyorat qilish uchun moʻljallangan diqqatga sazovor joy. Shu bois muazzam yodgorliklari, qadamjolari, hunarmandchiligi, tabiati necha asrlardan buyon ne-ne isteʼdodlarni ilhomlantirib, investorlarni qiziqtirib keladi. Bugun ham bu qadim va navqiron kentda zamonaviy aholi yashash manzillari, dam olish maskanlari, sayyohlik obyektlari, taʼlim va tibbiyot muassasalari, yoʻl va koʻpriklar qurilmoqda.

Shunday katta shaharda Alisher Navoiy va Yoshlik istirohat bogʻlari mavjud boʻlib, bu mahallalar aholisining mazmunli dam olishi uchun kamlik qilayotgandi. Viloyat xokimligining tashabbusi bilan shaharning Oʻzbekiston koʻchasida joylashgan sobiq harbiy shifoxona oʻrnida aholi uchun 5,4 gektar maydonni egallagan dam olish maskani barpo etilmoqda. Shahardagi “Vatanparvar” mahallasida joylashgan 7 gektarlik eski dam olish maydonida zamonaviy “Neopark” nomli yangi istirohat bogʻi qurilmoqda.

Joriy yilning avgust oyida boshlangan bogʻning qurilish ishlarida 60 nafardan ziyod quruvchilar, zamonaviy maxsus texnika va mashinalar ishlamoqda. Ayni vaqtda “Amerika togʻlari” attraksioni oʻrnatish, aylanma karusel, akvapark, basseyn va suzish havzalari uchun suvdan foydalaniladigan attraksionlarning ham joylari tayyorlanmoqda.

– Istirohat bogʻida aksariyat daraxtlar saqlab qolinadi. Hududda 4 gektar qoʻshimcha yashil maydonlar barpo etiladi, – deydi “Farovon Turkman SITI” MCHJ ish boshqaruvchisi Bekzod Mahmudov. – Imkoni boricha ilgari qurilgan obyektlarga zarar yetkazilmaydi. Ularning meʼmoriy qiyofasi va qurilishi saqlab qolingan holda qayta rekonstruksiya qilinib, ulardan samarali foydalanish maqsad qilingan.

Barcha attraksionlar bezaklar va bezash elementlari, toʻsiqlar, yoritgichlar, chodirlar, ayvonlar, himoya ekranlari, pavilyonlar, shuningdek, inson hayoti uchun xavfsiz boʻlgan boshqa moslamalar bilan taʼminlanadi.

– Bogʻimizda oilaviy miriqib dam olish uchun barcha sharoitlar yaratilgandi, – deydi Vatanparvar mahallasida yashovchi Bobur Xoʻjamqulov. – Uni buzib oʻrganiga tank, toʻp, qiruvchi samolyot va boshqa jangovar mashinalarning maketlari oʻrnatilishini eshitib xavotirga tushgandek. Loyiha bilan tanishgach, Amir Temur, Mirzo Bobur, Bahodir Yalangtoʻsh kabi nomi yurtimiz dovrugʻini jahonga taratgan fidoyi sarkardalar siymosi saqlangan holda ularga qoʻshimcha 72 metrlik charxpalak, 2 ta avtodrom va karting zali, “Amerika togʻlari” nomli qiziqarli oʻyin-attraksionlari oʻrnatilishidan xursand boʻldik.

“Neopark” shaharning eng gavjum va koʻngilochar maskaniga aylanadi. Yoshlar uchun zamonaviy kutubxona, oʻquv markazi, sunʼiy intellekt, 3D modellashtirish, robototexnika kabi kreativ toʻgaraklar hamda kibersport oʻyinlari tashkil etiladi.

Bogʻda muzqaymoq pavilyonlari, yopiq va ochiq attraksionlar, favvoralar, sovgʻalar doʻkoni, yengil tamaddixonalar sport va sogʻlomlashtirish maskanlari, jumladan, fitnes klub, vorkaut, oranjereyalar, aholi uchun turli dam olish maydonchalari barpo etilmoqda.

Zamonaviy parkda dam oluvchilar uchun 10 ta aylana shiyponcha, 100 ta oʻrindiq oʻrnatiladi. Yangi bogʻning 5 ta kirish darvozasi boʻladi. Istirohat bogʻidan “Hazora” dehqon bozoriga oʻtish uchun 20 metrlik yerosti yoʻli ham quriladi. Kecha-kunduz ishlayotgan maxsus yuk tashuvchi texnikalar yordamida sugʻorish tizimlari va drenaj inshootlari uchun xandaq qazilib, kuniga 500 kubometr tuproq tashish ishlari bajarilmoqda. Aholining kelishi qulay boʻlishi uchun kirish yoʻlaklari, yer usti avtoturargohlari ham tashkil etiladi. Yangi “Neopark”ni 2026-yilning mart oyida foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер