«XX asr Gerakli» — Ginnesning rekordlar kitobiga 29 bor kirgan oʻzbek polvoni haqida eshitganmisiz?
Faxriddin Axnazarov Samarqand viloyati Paxtachi tumanining Forish qishlogʻida duradgor oilasida 11 farzandning sakkizinchisi boʻlib dunyoga kelgan. Tugʻilganda 6 kg. 200 gramm boʻlgan ekan. 12 yoshida akasi — “Oʻzbek yoʻlbarsi” deb nom qozongan Bahrom Axnazarov izidan borib, sirk sanʼatiga qadam qoʻydi.
Ginnes rekordlariga kirishim shunday boshlangan edi. Tinch okeani mintaqasidagi davlatlar boʻylab gastrolga chiqqandik. Maykl (guruh rahbari) juda xavotirlandi. Chunki chiptalarimiz qimmat edi. Shunda men Mayklga bir taklif bildirdim: «Chiqishlarimizdan bir oy oldin reklamamiz uchun yoʻlovchi samolyotni maʼlum masofagacha tortib boraman. Hali bu tryukni dunyoning hech bir polvoni bajargan emas. Gazetalar bu haqida yozadi va biz bepul reklama uyushtiramiz», – dedim.
Maykl ishonib-ishonmay taklifimga rozi boʻldi. Men shu tariqa Gonkongda birinchi rekordimni oʻrnatdim.
«Rekordlarim ichida Arab amirliklarida koʻrsatgan tryukimdan oʻzim ham faxrlanaman. Oʻshanda har biri 7 tonna keladigan AQSH harbiy yuk mashinalarini tishimda tortgan edim», — deydi Faxriddin Axnazarov.
29-marta Ginnes rekordlariga kiritilgan Faxriddin qoʻllarining kafti bilan taxtaga 100 talab mixni qoqadi, tishida 150 kilogrammlik yukni bemalol koʻtaradi, 16 yoʻlovchisi bor avtomobilni bir qoʻli bilan hech bir qiyinchiliksiz maʼlum masofagacha tortib bora oladi.
Bolalikdagi kumiri — Gollivudning eng mashhur aktyorlaridan biri Arnold Shvarseneggerning Faxriddin Axnazarov chiqishlarini koʻrish uchun farzandlari bilan birga tomoshaga kelishi, AQSHning 42- prezidenti Bill Klinton, Angliya qirolichasi Yelizaveta II larning oʻzbek polvoni shou-dasturiga tashrif buyurishi, “Oskar” taqdimotida chiqish qilgani, jahon kino sanʼati namoyondasi Jeki Channing birga filmga tushish taklifini bildirishi...
Bu kabi muvaffaqiyatlar dongʻi dunyoga taralgan polvonni aslo havolantirmagan. U hamon oʻzini dunyo miqyosida tasavvurga sigʻmas natijalarga erishgan muzaffar inson emas, farzandlari uchun jonkuyar ota, rafiqasi uchun vafodor umr yoʻldosh, uni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onasining yuzini yerga qaratmagan qobil farzand deb biladi.
Oilaning katta farzandi Bahrom Axnazarov bilan boshlangan polvonlar sulolasining sirk sanʼatidagi faoliyatini Qahramon, Ozod, Navroʻz, Kamol, Moʻminjon, Shohrux, Ulugʻbek Axnazarovlar davom ettirmoqda.
«XX asr Gerakli» — Faxriddin Axnazarovning zamondoshi, qishloqdoshi va tengdoshi oʻlaroq bir paytlar bu oila tufayli butun bir tuman yoshlari ogʻir atletika bilan shugʻullana boshladi va qishloqdagi har bir xonadonda shu sport turiga oid sport anjomlari paydo boʻldi.
Har davrning oʻz qahramonlari bor. Milliy qadriyat va anʼnalarimizni jahon arenalariga olib chiqib, dunyoga tanitgan, zamonaviy sirk shoulari bilan uygʻunlashtira olgan Axnazarovlar tom maʼnoda millatimizning ana shunday qahramonlaridir.
Muhayyo PIRNAFASOVA.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring