Vengriya bilan sarmoyaviy hamkorlik mustahkamlanmoqda
Joriy yilning 26-27-iyul kunlari Oʻzbekiston delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasining (HK) 8-yigʻilishida va uning doirasida tashkil etilgan qoʻshma biznes-forumda ishtirok etdi hamda qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdi.
HK yigʻilishida tarmoqlar kesimida ikki tomonlama hamkorlikning joriy dinamikasi batafsil tahlil qilindi. Ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini toʻldirayotgani taʻkidlandi va shu nuqtayi nazardan ustuvor sohalarda oʻzaro munosabatlarning mavjud salohiyati va imkoniyatlarini toʻliq roʻyobga chiqarish boʻyicha navbatdagi amaliy tadbirlar ishlab chiqildi.
Yigʻilish doirasida ikki mamlakatning 200 dan ortiq ishbilarmon va rasmiy doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum ham boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston tomoni investorlarning qulay faoliyat yuritishi uchun mamlakatda joriy etilgan shart-sharoitlarni taqdim etdi hamda yangi qoʻshma loyiha va tashabbuslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Vengriya tashqi ishlar vaziri Petr Siyyarto bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida vengriya tomoni Oʻzbekiston bilan doʻstlik va samarali ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ikki davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli koʻp qirrali munosabatlar tez surʻatlarda rivojlanib borayotganini yuqori baholadi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat sohalarida hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar investitsiya jamgʻarmasining ishga tushirilishini olqishladilar.
Tomonlar mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarni faollashtirish maqsadida Toshkent va Budapesht shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, oʻzaro sayyohlik oqimining oʻsishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi kutilayotgan viza tartib-taomillarini soddalashtirishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, tashrif doirasida Vengriyaning yetakchi kompaniyalari: KESH, Gedeon Rixter, Meditop, Wizz Air, Bonafarm, Mall Group va Semmelweis University rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi va ular davomida bir qator aniq kelishuvlarga erishildi.
Tashrif yakunida qayd etilganidek, Vengriya va Oʻzbekiston hukumati va ishbilarmon doiralarining aniq amaliy natijalarni qoʻlga kiritishga intilayotgani erishilgan kelishuvlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va oʻzaro manfaatli Oʻzbekiston-Vengriya sherikligini yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring