Vatanga xizmat beiz ketmas

17:31 29 Avgust 2020 Jamiyat
1915 0

Xorijda safarda boʻlganimizda Oʻzbekiston bayrogʻini koʻrsak yo yurtdoshlarimizdan birortasini uchratsak, yurt sogʻinchini qumsab koʻzimizdan yosh qalqadi. Bu bejiz emas, albatta. Negaki, inson yaralibdiki, uning jismu joniga Vatanga mehr-muhabbat, sogʻinch tuygʻulari jo boʻlgan.

Har yili yurtimiz istiqlolga erishgan kunni bir-biridan goʻzal gʻoya va shiorlar ostida nishonlaymiz. Ularning har biri qalbimizda mehr uygʻotib, shu Vatan farzandi boʻlgan keksayu yoshni el-yurt farovonligi yoʻlida jipslashtirmoqda.

Shu nurafshon kunlarda olis moziy, buyuk ajdodlarimiz merosi, istiqlolimizning 29 yillik davri, jumladan, soʻnggi uch yil davomida bosib oʻtgan yoʻlimiz, qilingan xayrli ishlarni mushohada qilamiz. Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil odimlayotgan Vatanimizda bu yilgi mustaqillik bayrami «Sen — qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!» shiori ostida tantana qilinadi.

Alloh taolo hazrati inson qalbiga Vatanni sevish tuygʻusini soldi. Imom Gʻazzoliy rahmatullohi alayh aytadilarOdam Vatanini, garchi u choʻl boʻlsa ham, boricha sevadi. Vatanga muhabbat tuygʻusi – savqi ilohiy. Inson vatanidan boshqa joyda xotirjam boʻla olmaydi.

Buyuk Rabbimizning ilohiy amriga muvofiq (Ahzob surasi, 21-oyat), moʻmin kishi har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ibrat olishga intiladi. Chunonchi, Nabiy alayhissalom Makkadan Madina shahriga koʻchib ketayotib yigʻladilar. Mahzun holda ona shahri Makkaga qayta-qayta qarab: «Qasamki, albatta, sen Allohning eng yaxshi makonisan va Alohning eng mahbub shahrisan. Agar meni sendan chiqarmaganida aslo chiqmasdim», deganlar («Fathul boriy»).

U zot oʻzlari tugʻilib-oʻsgan Makka shahri sogʻinchi bois qattiq qaygʻuga choʻmdilar.

Alloh taolo marhamat qilib: (Ey Muhammad!) Albatta, Sizga (ushbu) Qurʼonni farz qilgan zot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir” (Qasas surasi, 85-oyat) oyatini nozil qilgach, taskin topdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam safardan qaytayotib, Madina koʻchalarini koʻrgach, tuyalarini niqtaganlar. Imom Humaydning rivoyatida: “Madinani sevganlaridan ulovni niqtardilar”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati). Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh ushbu hadisni sharhlab: “Bu hadis Madina shahrining fazlini bildirish bilan birga, Vatanni sevish joiz ekanligiga ham ishora qiladi”, deganlar.

Alisher Navoiy hazratlari bejiz:

Vatan tarkini bir nafas aylama,

Yana ranju gʻurbat havas aylama, deya lutf etmagan.

Oʻzbekiston atalmish goʻzal zaminda xalqimiz bir maqsad yoʻlida birlashib, muhtaram Yurtboshimiz atrofida jipslashib yorqin kelajak, yuksak taraqqiyot sari yoʻl tutmoqda. Oʻz navbatida, Vatan oʻz xalqiga ham ahillikda hikmat koʻpligidan saboq berayotgandek. Buni soʻnggi besh oy davomida yurtga yopirilgan koʻrinmas yov – koronavirus balosiga qarshi kurashda davlatimiz otadek gʻamxoʻr, onadek mehribon boʻlib, yurtdoshlarimizga koʻrsatilgan tibbiy, moddiy, maʼnaviy koʻmaklar misolida koʻrish mumkin.

Eʼtiboringizni yaqin oʻtmishda orzu qilish ham mumkin boʻlmagan, istiqlol tufayli, ayniqsa, soʻnggi uch yil mobaynida voqelikka aylangan taraqqiyot yoʻlimizning hammamizga oynadek ayon koʻrsatkichlariga emas, har birimizning koʻz oʻngimizda sodir boʻlayotgan, bir qarashda oddiy tuyulgan haqiqatlarga qaratmoqchiman.

2020-yilning oʻtgan davri mobaynida yurtimizda koʻplab yangi jome masjidlari ochildi. Bunday xayrli ishlar karantin davrida toʻxtab qolmadi. Balki nafaqat poytaxtda, olis hududlarda ham amalga oshirilmoqda. Kuni kecha yurtimizning janubiy sarhadlarida yashovchi moʻmin-musulmonlarimiz uchun quvonchli voqea sodir boʻldi: Surxondaryo viloyati Termiz tumanida «Varroq Termiziy» masjidi ochildi. Shu bilan mamlakatimizda masjidlar soni 2072 taga yetdi. Bir necha kun oldin esa Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi “Hilol” masjidi ish boshlagani haqidagi xabarni eshitib, mamnun boʻlgan edik.

Toshkent shahrida ulugʻ allomalar nomidagi “Suzuk ota”, “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Fayzulla xoʻja oʻgʻli Murod hoji”, Surxondaryo viloyatida “Hakim Termiziy”, “Shayx Shamsiddin”, «Imom Nizomiddin Sangardakiy», Namanganda «Muhammad al-Amin», Fargʻonada «Chiligijiyda», Navoiyda “Abu Bakr Siddiq” va Toshkent viloyatida «Abu Hurayra» masjidlari hamda Buxoroda “Abdulloh ibn Muborak” nomli yangi jome masjid ish boshlagani moʻmin-musulmonlarni bagʻoyat xursand qildi.

Bu islohotlar, xushxabarlarni hammamiz koʻrib, eshitib, bevosita guvohi boʻlib turibmiz. Bu xayrli ishlar oʻz-oʻzidan amalga oshmayapti. Bularning zamirida bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlikda kunni tunga, tunni tongga ulab mehnat qilayotgan azizlarning saʼy-harakatlari mujassam.

Bu islohotlar nafaqat mamlakatimizda, ayni paytda butun dunyoda eʼtirof etilmoqda. Soʻz isboti bilan goʻzal, deganlaridek, yaqinda AQSHning J.Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti prezidenti Frederik Starr hamda Institut direktori Svante Kornellning “Oʻzbekiston: musulmon dunyosidagi islohotlar uchun yangi model” nomli maqolasi eʼlon qilindi.

Ekspertlarning taʼkidlashicha, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davrida Oʻzbekistonning boy diniy-maʼnaviy tarixga daʼvogarligi amaliy harakatlarda namoyon boʻlmoqda. Mualliflarning eʼtirof etishicha: “Mintaqa, islomning eʼtiqodiy markazi sifatida qaraladigan Yaqin Sharqdan qolishmagan holda, tarixiy, diniy va intellektual asoslariga koʻra, musulmon dunyosining markazi boʻlishga haqli”.

Darvoqe, yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning shaffofligini taʼminlashning amaldagi inʼikosi sifatida ayni paytda xalq muhokamasiga qoʻyilgan Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunini keltirish mumkin.

Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz ravnaqi yoʻlida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning savobi juda ulugʻ.

Paygʻambarimiz alayhissalom: “Bir kecha kunduz «ribot», (yaʼni dushmandan qoʻriqlab chiqish) bir oy tutilgan nafl roʻza va oʻqilgan tungi namozdan yaxshidir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Xulosa shuki, zamonlar oʻtishi, asrlar almashishi bilan hamma narsa unutilishi mumkin. Lekin dinga va Vatanga qilingan xizmat aslo unutilmaydi. Tarixda yaxshi va yomon nom qoldirgan ikki Mahmudni bilamiz. Biri Mahmud Yalavoch, ikkinchisi Mahmud Tarobiy. Yalavoch Chingizxon lashkariga qoʻshilib, oʻz Vataniga xoinlik qilgan boʻlsa, Tarobiy oʻsha yovga qarshi ayovsiz kurashgan.

Chingizxon istilosidan buyon qancha zamonlar oʻtdi, qancha davr, tuzumlar oʻzgardi, ammo asrlar davomida, hatto haliyam xalqimiz Mahmud Yalavochning qilmishidan uyaladi. Eng dahshatlisi, hech kim farzandiga «Yalavoch» deb ism qoʻymaydi, bu nomdagi birorta joy yoʻq. Ammo yurtimizda Mahmud Tarobiy nomi bilan ataladigan koʻchalar, mavzelar koʻp.

Nuriddin XOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?