Usmon Xoʻja Poʻlatxoʻjayev kim boʻlgan?
Foto: Халқ сўзи
Sharq ozodlik va mustaqillik kurashlari tarixida XIX asr oxiri —XX asrning dastlabki oʻn yilliklari muhim davr sanaladi. Xususan, Buxoro amirligining soʻnggi kunlari va BXSR faoliyat koʻrsatgan 1920-1924-yillarda jadidchilik harakati vakillari ilm-fan, maorif rivoji va istiqlol uchun kurashda oldingi saflarda boʻldilar. Ular oʻz jonlarini garovga qoʻyib, mustamlakachilik tuzumiga, zulm va zoʻravonlikka qarshi chiqdilar. Shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston – 2030» strategiyasi toʻgʻrisida«gi Farmoni ijrosi doirasida Buxoro shahrida “Jadidlar muzeyi” faoliyatini yoʻlga qoʻyish saʼy – harakatiga kirishilgani ayni muddaodir.
Eʼtiborlisi, bu muzey koʻhna shaharning Usmon Xoʻja Poʻlatxoʻjayev yashagan Govkushon guzari Xoʻja Gulrez koʻchasi 13- uyda tashkil etiladi. Shu oʻrinda nega aynan shu manzilda muzey faoliyati yoʻlga qoʻyiladi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Bu savolga avvalo Usmon Xoʻja Poʻlatxoʻjayevning hayoti va faoliyati toʻgʻrisida soʻz yuritish orqali oydinlik kiritish mumkin.
Gap shundaki, jadidlar orasida Usmon Xoʻja Poʻlatxoʻjayevning alohida oʻrni bor. U 1878-yilda Buxoroda badavlat savdogar xonadonida dunyoga kelgan. Moddiy imkoniyati yetarli ekani va oilasidagi sogʻlom maʼnaviy muhit tufayli yoshligida yaxshi taʼlim olgan, otasining savdo-sotiq ishlariga yordam berish asnosida Turkistonning oʻnlab shaharlarida boʻlgan.
Undagi insoniy fazilatlar, zamonaviy dunyoqarashning shakllanishida tatar maʼrifatparvarlari Kursaviy, Marjoniy, Ismoil Gaspirali, Buxoro jadidlari otasi Ahmad Donish ilgari surgan gʻoyalar oʻz taʼsirini oʻtkazdi. Natijada Usmon Xoʻja jadidchilik harakati va milliy ozodlik kurashi maydoniga faol kirib keldi.1898-yilgi Andijon qoʻzgʻolonida ishtirok etdi. Oʻshanda u Buxoro amirligi fuqarosi boʻlgani uchun Rossiya imperiyasi maʼmurlarining jazosidan qutilib qolgandi.
1909-1911-yillarda Istanbulda oʻqidi. Turkiyadan darslik, oʻquv qoʻllanma, globus, xaritalar olib qaytdi.Ukasi, jadidlar safdoshi Otaulla Xoʻjayev ( u 1937-yilgi qatagʻon qurboni boʻlgan) bilan butun vujudi ila maʼrifatparvarlik ishiga kirishib ketdi. Usmon Xoʻja ochgan maktabda 1912-1913-yillarda 150-200 nafargacha oʻquvchi tahsil olgan. Mazkur maktabda hatto uning jiyani Fayzulla Xoʻjayev ham oʻqigan. Bu ulugʻ ajdodimiz XX asr Buxoro amirligida boshlangan “usuli jadid” maktablari ochish harakatining oldingi safida turganini koʻrsatadi.
1916-yil Turkiston fuqarolarini mardikorlikka olishga qarshi xalq qoʻzgʻolonini qoʻllab-quvvatlagani, 1918-yil martidagi Kolesov isyoni voqealari paytida toʻgʻri pozitsiyada turganligi, 1919-1920-yillardagi Oʻrta Osiyo byurosi yigʻilishlaridagi ishtiroki, amirlikdagi monarxiya tartibi agʻdarilganidan soʻng, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumati tarkibida moliya noziri sifatida ish boshlashi – bularning bari uning yurtparvar tashkilotchi inson boʻlganidan darak beradi.
Usmon Xoʻja BXSR hukumatida bir qator masʼul vazifalarda ishladi.1921-yil sentyabrda Buxoro Markaziy Ijroiya qoʻmitasi (BuxSIK) ning birinchi raisi lavozimiga saylandi. Manbalarda Buxoroning “Birinchi prezidenti” deb qayd etilgan bu yurtparvar inson BXSR hukumati topshirigʻi bilan Sharqiy Buxoroda Favqulodda komissiya raisi lavozimida ham faoliyat yuritdi.U koʻp ming sonli Qizil Armiya qoʻshinlarini Buxorodan olib chiqish, mustaqil davlat tuzish, shoʻro hukumatining shovinistik siyosatiga chek qoʻyish kabi haqli talablarni ilgari surdi.
Usmon Xoʻja shoʻro rejimiga qarshi kurashish maqsadida milliy qoʻshin tuzish uchun 1922-yilda Afgʻonistonga oʻtdi. Uning nomini “xoinlar” roʻyxatiga tirkadilar. Oqibatda Usmon Xoʻja 46 yil vatangadolikda yashadi. Biroq bir lahza ham Vatan mustaqilligi uchun kurash maydonini tark etmadi. Afgʻoniston, Turkiya, Eron, Polsha, Pokiston kabi mamlakatlarda muhojirlikda, xavf-xatar ostida kun kechirdi.
Umrining asosiy qismini Turkiyada oʻtkazgan Usmon Xoʻja bu davlatda Turkiston Milliy birligi (TMB) , Turkiston yoshlar jamiyatini tuzish, ularga rahbarlik qilishda jonbozlik koʻrsatdi. Istanbul shahrida “Yangi Turkiston” (“Yeni Turkiston”) jurnalini nashr ettirdi.Ushbu nashr 1927-1931-yillarda dunyo yuzini koʻrdi. Unda Turkiston ozodligi, madaniyati va tarixi bilan bogʻliq dolzarb masalalarga oid maqolalar bosildi.
Usmon Xoʻja Turkiya Respublikasining birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk bilan yaqin munosabatda edi. Davlat rahbari unga 1923-yilda Anqara hukumati tarkibida ishlashni taklif etgan. Rad javobini berishiga qaramay, Mustafo Kamol vatandoshimizga hukumat darajasida nafaqa tayinlashga koʻrsatma bergan. Usmon Xoʻja vafot qilganida ( 1968-yil) uni xuddi turk obroʻli hukumat aʼzolari va taniqli shaxslari singari Turkiya milliy bayrogʻiga oʻrab dafn qilishgan. Marosimda dunyoning oʻnlab mamlakatlaridan yuzlab muhojir turkistonliklar (oʻzbek) lar qatnashgan. Vafotidan soʻng, unga beriladigan nafaqa turmush oʻrtogʻi Hakimaxonga yetkazib turilgan. Darvoqe, Qoʻqon xoni avlodlaridan boʻlgan bu ayol 1994-yilda hayotdan koʻz yumgan.
Usmon Xoʻjaning 1947-yilda tavallud topgan oʻgʻli Temurxoʻja Usmonxoʻja oʻgʻli filologiya doktori, professor sifatida AQSHning Michigan universitetida uzoq yillar talabalarga taʼlim berdi. Mustaqillik sharofati bilan u yurtimizga bir necha bor kelib, ota – bobolari yashagan uyni, Buxoroi sharifni ziyorat qildi. Temurxoʻja “Buxorodagi uy” romani muallifi sanaladi. Eʼtiborlisi, asarda barcha voqealar hovli “tili”dan hikoya qilinadi.
Aytmoqchi, uning bobosi, yirik savdogar Poʻlatxoʻja Karamatullohxoʻjaning hovlisi Amir Muzaffar hukmronligi davrida 1860-1870-yillarda qurilgan. U tashqi va ichki hovlidan iborat. Sharqona uysozlikning noyob namunasi sanalgan, 150-yillik tarixga ega hovli holati yaxshi saqlangan. Bu yerda uzoq yillar viloyat prokuraturasi, viloyat sudi faoliyat yuritgan. Keyingi paytda undan xususiy mulk egalari mehmonxona sifatida foydalanishayotgan edi. Qadimiy uy Temurxoʻjaning taklifiga koʻra, “Jadidlar tarixi” muzeyiga aylantirilishi munosabati bilan mulk egalari roziligi olingan holda davlat ixtiyoriga oʻtkazildi. Temurxoʻja Istanbuldagi koʻp ming sonli kutubxonasini shu muzeyga taqdim etish niyatida.
Binobarin, muzeyning ochilishi jadidchi ota – bobolarimiz ruhini shod qiladi. Yoshlarimizni istiqlol qadr – qimmatini anglab yetishga, qadriyatlarimizni asrab – avaylashga, ona – yurtga munosib farzand boʻlib yetishga daʼvat etadigan tabarruk maskanga aylanadi.
Shodmon HAYITOV,
Buxoro davlat universiteti oʻqituvchisi, tarix fanlari doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring