Uyqusizlik kasallikmi?

00:35 22 Dekabr 2020 Jamiyat
17084 0

Yarim tunda toʻsatdan uyquning buzilishi yoki tonggacha uyqu kelmasligi har bir inson hayotida uchraydigan oddiy holat. Ammo buning surunkali davom etishi kishini tashvishga soladi. Xoʻsh, uyqusizlik ham kasallikmi? Uning qanday belgi va davolash usullari bor? SSV Matbuot xizmatining ushbu savollariga tibbiyot fanlari doktori Doniyor Alimov javob berdi.

— Uyqusizlik qanday kasallik va uning kelib chiqish sabablari haqida toʻxtalib oʻtsangiz.

— Tungi uyqu maromining buzilishi, kam yoki yuzaki uxlash, uyqu kelmasligi, bevaqt uygʻonaverish, shuningdek, juda erta uyqu oʻchib ketishi va boshqa holatlar kasallik belgisidir. Tibbiyotda bu xastalik «Insomniya» deb ham ataladi.

Baʼzi odamlarda uyqu bolaligidan buziladigan boʻladi, masalan, u irsiy yoki ilk yoshda boshdan kechirilgan baʼzi kasalliklar, nerv tizimi, bosh miyaning shikastlanishi oqibatida kelib chiqqan boʻlishi mumkin.

Uyqusizlik koʻpincha nerv tizimining kuchli ruhiy, emotsional shikastlari, nevroz, psixoz, bosh miyaning organik kasalliklari(ayniqsa, miya qon tomirlari aterosklerozi), ichki aʼzolar va endokrin bezlar(buyrak, jigar, qalqonsimon bez) kasalliklari bilan bogʻliq nerv tizimining funksional buzilishlarida uchraydi.

Uyqusizlik yotadigan joyning noqulay boʻlishi, biror narsadan kuchli hayajonlanish, birorta kasallikning boshlanish belgisi boʻlishi ham mumkin. Agar uyqusizlik noxush kechinmalar, toliqish, uxlash maromining buzilishidan (funksional uyqusizlik) kelib chiqqan boʻlsa, u qayta tiklanadi. Buning uchun har kuni bir vaqtda odatdagi sharoitda yotish, yaxshi xayollar surish lozim.

— Sogʻlom odamlarda ham uyqu buzilishi mumkinmi?

— Sogʻlom odamlarda uyqusizlikni keltirib chiqaruvchi asosiy omil asabiylashish hisoblanadi. Uxlashdan oldin qancha koʻp xavotirli, xotirjamlikni buzadigan voqea-hodisalar haqida oʻylagan yoki ularning bevosita ishtirokchisiga aylangan odamlar uyqusizlik bilan ham kurashib chiqishga majbur boʻladilar. Chunki asabbuzarlik, xavotirlanish odamni sergaklantiradi. Bu esa uyquning “dushmani” hisoblanadi.

Ayrim kishilar uxlashdan oldin meʼyoridan ortiq ovqatlanadilar. Natijada ovqat hazm qilish tizimi zoʻriqadi. Bu esa ruhiy xotirjamlikka putur yetkazadi.

Shuningdek, yotoqdagi eʼtiborni oʻziga jalb qiluvchi, yorugʻlik tarqatuvchi buyumlar ham bedorlikni keltirib chiqaradi. Chunki bunday buyumlar insonni chalgʻitibgina qolmay, miya faoliyatini faollashishga sabab boʻladi.

Odatiy tartibning buzilishi ham uyqusizlikni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, haftaning ish kunlari odamlar tanasidagi hayotiy quvvat — energiyani koʻproq sarflab, holdan toyadilar. Bu esa ularning tez uxlab qolishlariga sabab boʻladi. Dam olish kunlari esa dangasalik oqibatida oʻzlarini urintirmaslikka intiladilar. Natijada jismoniy jihatdan toliqmagan tanada energiya koʻp boʻladi, natijada uyqu maylining hosil boʻlish vaqti kechikadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?