“Toshkent-Xoʻjand-Qoʻqon-Toshkent” yoʻnalishida sinov uchun avtobus yoʻlga qoʻyildi

Tez orada Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi tomonidan “Toshkent – Xoʻjand – Qoʻqon – Toshkent” yoʻnalishida avtobus qatnovlari yoʻlga qoʻyilishi kutilmoqda.
Bugun mazkur yoʻnalishdagi qatnovlarni tashkil etish borasidagi masalalarni oʻrganish maqsadida ilk texnik sinov qatnovi yoʻlga chiqdi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad agentlik mutaxassislari Tojikistonlik hamkasblari bilan birga, mazkur yoʻnalishning harakat jadvali, chegara va bojxona nazorat punktlaridan oʻtish jarayoni va boshqa texnik masalalarni oʻrganib chiqishdir.
— Shu kunga qadar qoʻshni Tojikiston Respublikasiga toʻrtta yoʻnalish ochilgan, — deydi agentlikning avtomobil tashuvlarini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi Abror Isayev. — Bular “Toshkent- Xoʻjand”, “Termiz-Dushanbe”, “Denov-Dushanbe”, “Samarqand-Panjikent” yoʻnalishlaridir. Navbatdagi yoʻnalish yaqin qoʻshnichilik va qarindoshlik rishtalari bilan chambarchas bogʻlanib ketgan oʻzbek va tojik xalqlari uchun yana bir qulaylikdir.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, hozirgi kunda Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi tomonidan xalqaro avtobus yoʻnalishlari soni 12 taga yetkazildi. Shundan beshtasi Qozogʻiston Respublikasiga, ikkitasi Rossiya Federatsiyasiga, bittasi Qirgʻiziston Respublikasiga, qolgani esa Tojikiston Respublikasiga qatnovlarni amalga oshiradi.
Ushbu xalqaro yoʻnalishlarda kuniga 15-16 ta avtobus xizmatidan oʻrtacha 600-700 nafar yoʻlovchi foydalanmoqda. Yoʻnalishlar ochilgandan boshlab, 62 000 nafardan ziyod kishi oʻz manziliga yetkazib qoʻyildi.
Said RAHMONOV.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Kadastr pasportlarini berish muddatlari oʻzgartirildi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- “Gʻalaba bogʻi”da mudofaa innovatsion texnologiyalari festivali oʻtkazildi—Fotoreportaj
- Prezident Makkada boʻlib turgan muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonlashdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring