Togʻli ohaliklarning orzusi ushaldi

15:33 10 Iyun 2025 Jamiyat
80 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand tumanidagi Ohalik mahallasi togʻlar bagʻrida joylashgan. Uch mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan mahallada radio va televideniye ishlamasdi. Barcha xonadonlardagi televizorlar faqat videomagnitofonlarga ulangandi. Malakali shifokorlar, oʻqituvchilar, tadbirkorlar yetishib chiqqan mahallada internet kirib kelgani katta yangilik boʻldi. Endi ular ham telefonlaridan foydalanib, televizor orqali jahonda roʻy berayotgan eng soʻnggi yangiliklardan oʻz vaqtida xabardor boʻlmoqda.

— Uyda oʻtirib jahonning xohlagan mamlakatiga qoʻngʻiroq qilish imkoniyatiga ega boʻldik, — deydi maktab oʻqituvchisi Zamira Xidirova. — Bir paytlar Oʻzbekiston teleradiokanallarini koʻrish orzumiz edi. Hozir televizor koʻrish bilan birga, xorijdagi yaqinlarimiz bilan kunora videochaqiriq orqali suhbatlashib turibmiz.

Keyingi paytda internet va zamonaviy aloqa vositalari har bir ohalik xonadoniga kirib, yuqori tezlikda ishlamoqda. Sakkiz yuz nafar isteʼmolchi uchun 2 ta optik aloqa nuqtalari oʻrnatilgan. Ular yordamida soniyasiga 1,5 gb. internet aloqasi yetkazib berilmoqda.

— Uyimiz tuman markazidan olisda boʻlgani uchun internet oʻtkazishga yordam berishlarini soʻrab mutasaddilarga murojaat qildik. Ular zudlik bilan 3 ta xonadonga internet tarmogʻini oʻtkazib berishdi, — deydi shu mahallada yashovchi Feruz Nurmahammedov. — Uyimizga sifatli internet aloqa tarmogʻi kirib kelganidan xursandmiz.

Ushbu mahalladagi 80 foiz aholi “Mobiuz”, “Ucell”, “Oʻzbektelekom”, “Uzmobile” kabi mobil aloqa operatorlarining xizmatlaridan foydalanib kelmoqda.

— Mazkur aloqa operatorlarining antenna bazalari qishloqning eng baland nuqtasiga oʻrnatildi, — deydi Samarqand tuman telekommunikatsiya bogʻlamasi muhandisi Odiljon Mirzayev. — Har bir kompaniya oʻzlariga tegishli boʻlgan bazalarining doimiy ishlashini taʼminlamoqda. Togʻ hududida toʻsatdan elektr energiyasi oʻchib qolsa, aloqa ham toʻxtaydi. Buni bartaraf etish uchun quyosh batareyalari, akkumulyator, generator va boshqa muqobil manbalar yordamida aloqa qayta yoʻl qoʻyilmoqda.

Samarqand tumanida ham telekommunikatsiya infratuzilmasi yaxshilanib, hozirgacha 1,4 ming kilometr uzunlikda optik tolali aloqa liniyalari tortildi. Keng polosali portlar soni 58,7 mingtaga, isteʼmolchilar soni 23,5 ming nafarga yetdi.

— Ish yuritishdan tortib, taʼlim, tibbiyot va kundalik muloqotgacha boʻlgan koʻplab sohalar telekommunikatsiya infratuzilmasining rivojiga bogʻliq, — deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi Dilmurod Xoʻjamberdiyev. — Viloyatimizda aholini barqaror aloqa, yuqori tezlikdagi simli va mobil internet bilan taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Ushbu loyihalarning maqsadi internet tezligini oshirish va viloyatimizning 100 foiz hududini aloqa qamrovi bilan qamrab olishdir.

Bugungi kunda viloyatda optik tolali aloqa liniyalari uzunligi 25,1 ming kilometrga, keng polosali portlar soni 763,3 ming yetkazildi. Ayni paytda abonentlar soni 296,3 mingtani tashkil etadi. Aloqa oʻtkazuvchanligi viloyat boʻyicha soniyasiga 600 Gb boʻlsa, tumanlarda 60 Gbni tashkil etmoqda. Viloyatning eng chekka hududlari boʻlgan Nuroboddagi Sahoba, Tutli, Xazarmali, Oymaxol, Qoʻshrabotdagi Qizilbuloq, Doʻlana, Sunbul, Xoʻjasoy, Begali va Shagʻolsoy kabi qishloqlar tuman markazidan uzoqda joylashgan. Mazkur togʻli qishloq aholisi uchun yuqori tezlikdagi telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgani ularni butun dunyo bilan bogʻlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер