Tatariston O‘zbekistonda tibbiyot robot-simulyatorlari ishlab chiqarmoqchi


Tatariston O‘zbekistonda “Ximgrad” texnopolisi shoxobchasi va “Eydos-Meditsina” kompaniyasining robot-simulyatorlar yig‘ish korxonasini ochishni rejalashtirmoqda. Mazkur tashabbus joriy yil may oyida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv asosida amalga oshiriladi. Bu haqda “Xalq so‘zi” muxbiri Tatariston prezidenti matbuot xizmati ma’lumotiga asoslanib xabar berdi.
“Bizda shu yil may oyida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tayyorlanmoqda. Hujjat barcha yo‘nalishlarni qamrab oladi: savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik, madaniy sohalar”, - deya ta’kidlagan Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov bilan uchrashuv yakunida.
Bu borada belgilab olingan “yo‘l xaritasi”dagi loyihalardan biri Toshkent viloyati hududida Tataristonning “Ximgrad” texnopolisi shoxobchasini yaratishdir.
R.Minnixanovning aytishicha, mazkur maydonda o‘z biznesini rivojlantirishga tayyor bo‘lgan ishbilarmonlar bor. U O‘zbekistonga shu bo‘yicha boshqaruvchilar va texnologiyalar yuborilishini, Toshkent viloyati esa o‘z tarafidan zarur infratuzilma masalalarida qo‘llab-quvvatlashini qayd etib o‘tgan.
Viloyatda ro‘yobga chiqarilishi kutilayotgan yana bir istiqbolli loyiha “Eydos-Meditsina” kompaniyasi bilan bog‘liq. Aynan mazkur brend O‘zbekiston ehtiyojlari uchun tibbiyot robot-simulyatorlarini yig‘ish korxonasini ochmoqchi.
O‘z navbatida Toshkent viloyati mahsulotlarini Tataristonga ulgurji yetkazib berishni tashkil etish, tatar tovarlarini O‘zbekiston bozorlarida ilgari surish rejalashtirilyapti. Buning uchun maxsus tuzilmaga asos solinadi.
Ma’lumot uchun, “Ximgrad” texnopolisi – kimyo va polimerlarni qayta ishlash sohasidagi tadbirkorlik uchun zamonaviy sanoat parki hisoblanadi. Uning loyihaviy maydoni 500 ming kvadrat metrdan oshadi. 2007 yilda ochilgan. Ayni chog‘da “Ximgrad” maydon rezidentlariga kompleks muhandislik infratuzilmalariga ega yer uchastkalarini ham taqdim etadi. Texnoparkda yirik miqyosdagi loyihalarni amalga oshirish doirasida turli-tuman infratuzilma shakllari vujudga kelyapti. Eksperimental laboratoriyalar, injiniring markazlari, stajyorlar uchun tajriba maydonlari shular jumlasidandir. Shular barobarida “Ximgrad”da energiya tejamkorlik markazi, Tatariston nanotexnologiyalar markazining farmatsevtika moduli ham joylashgan. Ayni paytda ushbu texnopolis rezidentlari soni 100dan ortiq.
“Eydos-Meditsina” MCHJ esa Rossiya va MDHdagi yagona tibbiyot trenajyor-simulyatorlari yaratuvchisi hamda ularni turkum ishlab chiqaruvchisidir. Unga 2012 yilda asos solingan. Ushbu kompaniya “Skolkovo” biotibbiyot texnologiyalari jamg‘armasi klasteri rezidenti sanaladi. 200dan ortiq mutaxassislar faoliyat yuritadigan kompaniya o‘z yo‘nalishida dunyodagi eng yetakchi beshtalikka kiradi hamda mahsulotlarini Yevropa, Osiyo, AQSH va MDH mamlakatlari bozorlariga yetkazib bermoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Kadastr pasportlarini berish muddatlari oʻzgartirildi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- “Gʻalaba bogʻi”da mudofaa innovatsion texnologiyalari festivali oʻtkazildi—Fotoreportaj
- Prezident Makkada boʻlib turgan muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonlashdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring