Tezkor davlat xizmatlaridan aholi mamnun

16:13 07 Aprel 2020 Jamiyat
1649 0

Xalqimizda “Vaqting ketdi, naqding ketdi” degan ibratli maqol bor. Bugungi tezkor davrda bu hikmatning qadri har yana-da ortgan. Zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyati goʻyoki vaqtni tezlashtirdi. Bunday paytda har soniya va daqiqadan unimli foydalanish talab etiladi.

Avvallari zarur bir hujjat — “bir parcha qogʻozni” qoʻlga kiritish uchun koʻp vaqt sarflab, qaysidir amaldorning eshigi oldida mungʻayib, baʼzan unga mulozamat koʻrsatishga toʻgʻri kelardi. Bugunchi, vaziyat tamomila oʻzgardi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-dekabrdagi“Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ovvoragarchiligu, byurokratik va korrupsion mexanizmni bartaraf etdi.

Farmonga binoan Davlat xizmatlari koʻrsatish agentligi, joylarda ayni faoliyat bilan shugʻullanuvchi markazlar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 33 turdagi davlat xizmatlari koʻrsatila boshlangan boʻlsa, bir yil ichida xizmat turi 100 taga yetkazildi. Bugungi kunga kelib esa fuqarolarga 130 turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda.

Surxondaryo viloyatining Termiz shahri, Uzun, Qiziriq, Muzrabot, Oltinsoy, Sherobod, Qumqoʻrgʻon va Boysun tuman Davlat xizmatlari markazlarining yangi zamonaviy binolari qurilib foydalanishga topshirildi.

Oʻtgan yili Boysundagi “Machay”, Uzun tumanidagi “Bobotogʻ”, Denov tumanidagi “Sina” hamda Sariosiyo tumanidagi “Sangardak” shoxobchalari tashkil etildi. Ushbu shoxobchalar orqali 1364 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatildi. Joylardagi Davlat xizmatlari markazlarida fuqarolarga qulay, tezkor va sifatli xizmat koʻrsatish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Joriy yilning 31-yanvaridagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Farmoniga muvofiq tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligiga oʻtkazildi. Farmonga koʻra, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi mahallalarda yuridik shaxs tashkil etmagan holda DXMlar filiallari bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Jismoniy va yuridik shaxslarga keng qamrovli, shu jumladan mobil (sayyor) davlat xizmatlari koʻrsatish filiallarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari Yagona interaktiv davlat xizmatlari my.gov.uz portali orqali ham fuqarolar masofadan turib davlat xizmatlari markazlarida koʻrsatilayotgan xizmatlarning deyarli barchasidan foydalanishlari mumkin.

- Amaldagi karantin sharoitida avtotransport vositalarining harakatlanishiga cheklov oʻrnatilgandan soʻng, vaqtinchalik tartib boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi tadbirkorlar va u yerda ishlaydigan xodimlarning avtotransport vositalariga ruxsatnoma berilishini eshitib my.gov.uz portalida soʻrovnoma toʻldirib, qoʻshimcha maʼlumotlarni ilova qildim. Endi uning javobini ancha vaqt kutsam kerak, deb oʻylagandim. Ertalab joʻnatgan boʻlsam, tushdan soʻng menga ruxsatnoma berilishi haqida xabar joʻnatishdi, deydi,- yakka tartibdagi tadbirkor Manzura Qoʻldosheva.

Surxondaryo viloyatida bugungi kunda ehtiyoj zaruratidan kelib chiqib, 975 ta transport vositasining harakatlanishiga maxsus ruxsatnoma berilgan.

Bugungi kunda viloyatdagi barcha davlat xizmatlari markazlari kun-u tun dam olishsiz ishlab fuqarolarga xizmat koʻrsatish joriy etilgan. Bu esa ham vaqtini, ham naqtini ortiqcha sarf etishlariga chek qoʻymoqda.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?