Tegirmon

12:07 19 Fevral 2020 Madaniyat
2060 0

Tegirmon gurullab ishlaydi. Hali – hozir bunkerga toʻkilgan bugʻdoy oppoq un boʻlib xampaga quyuladi. Rahmatjon bilan gurungimiz qoʻr oladi.

Rahmatjon hamqishlogʻim. Bir yilcha oldin uzoq “safar”dan qaytdi. Oʻzi ham oʻn olti yil “oʻtirdi”. Bu orada qizi qiz boʻlib, u yoqqa ketayotganda tugʻilgan oʻgʻlining moʻylabi sabza urib, ovozi durullab qoldi. Kelasi yili maktabni bitiradi.

– Prezidentimizga ming rahmat! – deydi Rahmatjon. – Arizamni inobatga olib, afv etdilar. Muddatidan oldin yorugʻlikka chiqdim. Ota-onam, oilam, farzandlarim bagʻriga qaytdim...

Yigitning rangpar, ajindor yuzlariga, qordek oqarib ketgan sochlariga zimdan razm tashlayman. Inson peshonasida nimalar bor, “yozugʻi” ne bilmas ekan-da. Qandoq yigit edi-ya, Rahmatjon... Qishlogʻimizga tutash ishchilar shaharchasidagi katta bir korxonada ishlardi. Kompyuter ustasi, “programmist” edi. Nima ham boʻldi-yu, uzoq yili “qamalibdi”, “diniy oqimga qoʻshilib qolgan ekan”, degan gap chiqdi. Oʻshanda biz hamqishloqlar unga achingandik. “Nahot, oʻqigan-netgan, oliy maʼlumotli yigit shunchalikka borgan boʻlsa?!”deya oʻylaganimiz ham rost.

– Oʻzi nega bunday boʻlgandi? – biroz noqulay boʻlsa-da, savolga tutaman tegirmonchi yigitni.

– He, qoʻyaverasiz, – deydi u. U paytda endi kompyuterlar sanoqli, ommalashmagan paytlar edi. Xonada ishlab oʻtirganimda bir notanish kishi kirdi. Salomlashdi. Koʻrinishdan binoyi odam. Boshida doʻppi. Oʻziga yarashgan kaltagina moʻrti-moʻylabi ham bor. “Ukajon kechirasiz, sizni shu soha ustasi ekaningizni eshitib atayin uzoqdan istab keldim, – dedi qoʻlidagi kichkina kitobchani koʻrsatib. Iloji boʻlsa shuni bir necha nusxaga koʻpaytirib bersangiz-chi? Soddalik qursin. “Kimsiz? Qayerdansiz? Bu oʻzi qanday kitob?” deb soʻramabman ham. “Uzoqdan kepti, atayin kepti” deb oʻylab ishini bajarib beribman-da... Keyin bilsam qandaydir diniy oqim maqsad-muddaosini targʻib etuvchi kitob ekan... Haligi kishi qoʻlga olinib, tergovchilar “qayerda chiqartirganding?” deyishsa meni aytibdi... Shu bilan “qulogʻimni ushlab” ketdim...

“Boshingga ne balo kelsa, birovdanmas, oʻzingdan koʻr”, deb shunga aytishsa kerak-da...

Axir, soddalik, koʻngilchanlik ham evi bilan-da...

– Men u yoqda koʻp qiynagan, sochlarimni butkul oqartirib, tishlarimni toʻkib, qaddimni bukkan narsa nima bilasizmi? – deydi hayolimni uqqandek Rahmatjon. – Hozirgi zamonda gap yotadi, deysizmi?Oilamda boʻlayotgan oʻzgarishlardan xabardor edim.Maktab direktori boʻlib ishlayotgan otamni ham, zavodda sex boshligʻi boʻlgan ukamni ham ishdan olishgani, onam shoʻrlik bunga chidamay yotib qolganini ham bilardim. Matematikadan nuqul “aʼlo”ga oʻqiydigan qizimni “otasi qamalgan” deb olimpiadaning tuman bosqichiga oʻtkazishmaganidan ham xabardor edim. Bular meni yigirma-oʻttiz yoshga qaritib yuborgan, yuragimni har dam qiymalab turardi. Bechora dadamning mahalla-kuyga aralasholmay qolgani, Haj ibodatiga bormoqchi boʻlganda qaytarganlarini eslasam... Nima ayb, ular nega bunchalar xoʻrlanishi, kamsitilishi kerak?” deb oʻylardim nuqul...

Shukur, beadad shukur!Bularning hammasi ortda qoldi...

Rahmatjon “u yoqdan” qaytgach, oʻzini mehnatga urdi. Bankdan kredit olib ana shu tegirmonni qurib ishga tushirdi. Tomorqasida moʻjazgina issiqxona tashkil etib, hamqishloqlariga arzon narxda limon, mandarin, pomidor, bulgʻor qalampiri, baqlajon koʻchatlari yetishtirib berishni yoʻlga qoʻydi. Qisqa fursatda oilasini, xoʻjaligini tiklab oldi. Yaqinda boʻlsa keksayib qolgan ota-onasini muborak Haj ibodatiga yubordi...

Bugun tumanda tadbirkor sifatida uning oʻz oʻrni, obroʻ-eʼtibori bor.

Tegirmon gurullab ishlaydi. Dimoqqa yangi yanchilgan bugʻdoyning isi uriladi.

Ortiqali NOMOZOV

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер