Taʼlim sifatini oshirish yoʻlida
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Davlatimiz rahbarining “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan mustaqil Andijon davlat pedagogika instituti sifatida faoliyat koʻrsatayotganiga hali koʻp vaqt boʻlgani yoʻq.
Biroq, shu qisqa fursatda institutda bir qator ilgʻor tajriba va loyihalar ishlab chiqilib amaliyotga tatbiq etildi.
Jumladan, institut yonidagi samarasiz binolar qayta mukammal taʼmirdan chiqarilib zamonaviy koʻrinishdagi talabalar yotoqxonasiga aylantirildi. Taʼlim dargohi hududi obodonlashtirilib, “EKO-Bogʻ” barpo etildi. Talabalar turarjoyi yonida unga tutash holda ishlab chiqarish korxonasi foydalanishga topshirildi.
Viloyat hokimi tashabbusi bilan institut rektorati, professor oʻqituvchilari va talaba-yoshlar oʻrtasida kiyinish madaniyatini shakllantirish, xotin-qizlar orasida milliy liboslarimizga hurmat va eʼtiborni kuchaytirish maqsadida dars jarayonlariga talaba qizlarning milliy libosda tashrif buyurishini yoʻlga qoʻydi. Bu loyiha ota-onalar va talaba yoshlar tomonidan juda katta mamnuniyat bilan kutib olindi.

Shu bilan birga, talaba-qizlarni tikuvchilik, bichuvchilik, liboslar dizayneri, milliy soʻzana va doʻppichilik sanʼati ustasi, pazandachilik, noyob naqshlar ustasi kabi kasblarni egallashga yoʻnaltirilgan yangi loyihalar amalga oshirildi. Bularning barchasi tez fursatda zamondoshlarimiz koʻz oʻngida sodir boʻlgan ibratli voqelik sifatida namoyon boʻlmoqda.
Eng muhimi, institutda talabalarning turarjoyga boʻlgan ehtiyoji tufayli yuzaga keluvchi muammolar xorijiy davlatlar tajribasi asosida yangidan, zamonaviy uslubda barpo etilgan, shinam oshxonalar, serfayz kutubxonalar, qoʻshimcha hordiq chiqarish xonalari, turli sport zallari hamda eng soʻnggi rusumdagi maishiy texnikalar bilan boyitilgan turarjoy asosida toʻliq bartaraf etildi.

Mamlakatimizdagi boshlangʻich va oʻrta taʼlim tizimiga malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan Andijon davlat pedagogika instituti jamoasi 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kunini ana shunday yutuqlar bilan kutib olmoqda.
Institutda Xalqaro Nordik universiteti tajribalarini qoʻllash yuzasidan ham muayyan ishlar qilinmoqda. Shunga koʻra, ushbu universitet bilan hamkorlikda “ikki diplomli tizim” joriy etiladi. Xorijiy professor-oʻqituvchilar bilan hamkorlikda 6 ta oʻquv qoʻllanma, 8 ta uslubiy qoʻllanma va 6 ta ilmiy adabiyotlar yaratiladi.

Shuningdek, institutning oʻquv jarayoniga Xalqaro Nordik universiteti, Finlandiyaning Yuvyaskula, Kareliya amaliy fanlar universitetlari, Rossiyaning Qozon Federal universiteti va Qirgʻizistonning Xalqaro qirgʻiz-oʻzbek universitetlari va boshqa nufuzli oliy oʻquv yurtlaridan 12 nafar professor-oʻqituvchilar, xalqaro ekspertlar jalb etiladi.
Taʼlim sifatini mukammalashtirish maqsadida institutda olib borilayotgan dasturiy tadbirlar koʻlami kengaymoqda. Hozirda 22 ta taʼlim yoʻnalishi va 12 ta mutaxassislik boʻyicha mamlakatimizning turli viloyatlari va qoʻshni davlatlardan tashrif buyurgan 8824 nafar talabalar tahsil olayotgan bu dargohda 1600 oʻrinli oʻquv binosi, 1671 nafar talabaga moʻljallangan yotoqxona, zamonaviy oʻquv laboratoriyalari, 2 ta sport zali, “Pedagog” talabalar teatr studiyasi, “Zukko kitobxon” toʻgaragi, “Zakovat”, “Munozara” intellektual klublari faoliyat yuritmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro strategik hamkorlik aloqalari yangi bosqichga koʻtarildi. Andijon davlat pedagogika instituti jamoasi bu jarayonni hayotga tatbiq etishda ham faol ishtirok etmoqda.
Yaqinda institutda “Chingiz Aytmatov nomidagi Qirgʻiz tili va madaniyati” markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, Andijon davlat pedagogika instituti bilan Oʻsh davlat universiteti, Oʻsh davlat xalqaro qirgʻiz-oʻzbek universiteti, Jalolobod davlat universitetlari oʻrtasida oʻzaro ikki tomonlama manfaatli aloqalar shartnomalari imzolangan.

Bu yaqin qoʻshnichilik munosabatlari zamirida institut talabalariga qirgʻiz tili va madaniyatini, qirgʻiz adabiyoti, folklori, xalq ogʻzaki ijodi namunalarini mukammal oʻrgatish dasturlari ishlab chiqildi.
Huddi shuningdek, Qirgʻizistonda ham oʻzbek xalqi sanʼati va madaniyatini mukammal oʻrgatish sari dadil qadamlar qoʻyilmoqda. Bu xalqaro hamkorlikning yanada muhim jihati shundaki, ikki davlat oʻrtasida talabalar almashinuvi fan va taʼlimning ilgʻor jihatlarini oʻzida mujassamlashtirgan. Bugungi kunda, institut talabalari qirgʻiz markazi yordamida mashhur adib Chingiz Aytmatov asarlarini mukammal oʻqib oʻrganishyapti.


Shodiyor MUTAHAROV
(“Xalq soʻzi”).
Montaj va tasvirlar ustasi
Akmal Muhammadiyev (“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring