Tadbirkor ayollar safi kengaymoqda

17:19 18 Sentyabr 2025 Jamiyat
93 0

Paxtachi tumanidagi Mirzo Ulugʻbek mahallasida yashovchi Dilnavoz Mirzayorova koʻmakka muhtoj edi. Shu boisdan Samarqand viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi xodimlari kelib, kasb-hunar oʻrgatishga undaganida darrov rozi boʻldi.

— Aslini olganda, qoʻlimda hunarim yoʻq emas, qoʻni-qoʻshnilarning koʻrpa-koʻrpachalarini qavib berardim, — deydi D. Mirzayorova. — Markaz xodimlari buni bilgach, shu yoʻnalishdagi koʻnikmalarimni oshirishga eʼtibor qaratdi. 36 soatlik dastur asosidagi mashgʻulotlarni oʻtadim. Shundan soʻng yangi matolardan roʻzgʻorga kerakli anjomlar tikib sota boshladim. Ishlarim yurishib ketdi, buyurtmalar ham koʻpaydi.

Samarqand viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan joriy yilning sakkiz oyi mobaynida xotin-qizlardan 3791 nafari kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitildi, 1221 nafari “Sayxunobod tajribasi” bilan yaqindan tanishtirildi. Chora-tadbirlar natijasida 2805 nafar xotin-qizning bandligi taʼminlandi.

— Oʻtgan davrda xotin-qizlardan 282 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida oʻz faoliyatini boshlagan boʻlsa, 997 nafari oʻzini oʻzi band qilish asosida amaliy faoliyatini davom ettirmoqda, — deydi viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Sayyora Salimova. — Markaz tomonidan 18 ta yoʻnalishda 8726 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga oʻqitildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan 7200 nafar xotin-qizlarni kasbga yoʻnaltirish, ish bilan taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Xotin-qizlar orasida tikuvchilik, kashtachilik, qandolatchilik, kompyuter savodxonligi singari kasb-hunarni egallashga boʻlgan qiziqish katta.

Umuman, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish, kasb-hunarga yoʻnaltirish xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faolligini oshirishda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер