Tabarruk tashriflarning totli mevalari
...Mana endi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga qilgan bitta tashrifi necha minglab koʻngillarga sevinch, baxt, umid, ishonch, goʻzallik, nur bagʻishlaganini chamalab koʻring. Soʻngra uning yoniga yana oʻn tashrifni qoʻshing. Oʻn tashrif — oʻn toʻlgʻanish, oʻn uygʻonish, oʻn evrilish. Har tashrifdan soʻng hech nima yoʻq joylarda azamat korxonalar qad koʻtarayotgani, chaqirtikan, ajriq bosgan yerlar gullarga koʻmilib borayotgani, yuz-yuzlab oilalar uy-joyli boʻlayotgani-yu, qayerga bosh urishini bilmay yurgan minglab yoshlarning ish bilan taʼminlanganini hisoblab koʻrsangiz, Prezident tashriflarining mazmun-mohiyatini yanada teranroq his qilasiz.
Yurtimiz boʻylab...
1
...Isroil — Eron ziddiyatlari keskinlashdi. Amerika uchoqlari Eronga bomba yogʻdirdi. Falastin — Isroil oʻrtasidagi munosabatlar taranglashdi. Gʻazo sektorida ochlik, gʻayriinsoniy azoblar. Rossiya — Ukraina urushi yanayam vahimali tusga kirdi.
Urush, xavotir, tashvish, bezovta-beoromlik ona sayyoramizning kechagina gurkurab turgan bogʻlarini oʻrgimchak toʻridek oʻrab borayotgan kunlarda Oʻzbekiston Prezidenti Toshkent viloyatiga bordi. Yozgi quyosh ziyolariga koʻmilib mehnat qilayotgan dehqonlar, bogʻbonlar, quruvchilar, yoʻlsozlar, ziyolilar bilan uchrashdi, gurunglashdi. Korxonalarga, xonadonlarga kirdi, odamlarning orzu-oʻylari, quvonch-tashvishlari, rejalari bilan tanishdi, fikrlashdi.

Janjallar, garchand, sarhadlarimizdan olislarda boʻlayotgan esa-da, ular yoshu qari — hammamizga ipidan-ignasigacha maʼlum. Sharqning dono oqini Abdulla Oripov taʼriflagan “Quva anori”dek dunyoda boʻlayotgan boʻronlarni internet tarmoqlari koʻzguday lahzama-lahza koʻrsatib turganda biron narsani yashirish qiyin. Ona zamin qalbidagi jarohatlar allaqachon hammamizning “yorilmagan yara”mizga aylanib boʻldi. Osmonoʻpar imoratlar yer bilan bitta boʻldi, bogʻlar kuydi, qishloqlar yondi. Ichi muzlab, umidi soʻnib, qoʻli ishga bormay koʻchalarda sarson-sargardon bir qancha mamlakatlarning begunoh fuqarolari. Dunyoviy qonun-qoidalar tugul BMT hujjatlariniyam bir chaqaga olmay qoʻygan zoʻravonlar esa hali-hanuz kibru havolardan qutulgan emas. Ular yovuzlik girdobiga borgan sayin chuqurroq botib borayotgan damlarda Oʻzbekiston Prezidenti Toshkent viloyatida boʻldi.
Mamlakatning yirik qoʻrgʻonlaridan boʻlgan Toshkent viloyatining barcha shaharu qishloqlarini obod va koʻrkam qilish orzu-oʻylari iqtidorga kelganidan buyon bir nafas ham tinch qoʻymayotgan davlat rahbarining bu galgi rejalari juda boshqacha...
“Bu diyorning eng asosiy boyligi — aslida, uning mehnatkash, bagʻrikeng, koʻp millatli xalqidir”, deya taʼriflagan Prezidentimiz Toshkent viloyati ahli huzuriga borayotib, poytaxt biqinida tubdan qayta qurilayotgan “Toshkent — Sharqiy” aeroportini koʻzdan kechirdi. Aeroportning toʻrt kilometr uzunlikdagi uchish-qoʻnish yoʻlagini, eng yirik samolyotlarni ham bemalol qabul qila oladigan ikkita terminalini, perron va angarlarini barpo qilayotgan quruvchilarning ishlari bilan tanishdi.

Bu manzilni yangidan yaratish ham davlat rahbarining uzoq yillik orzularidan biri edi. Shundan edi quruvchilarning “Yangi aeroportning bosh arxitektori Prezidentimiz — Shavkat Mirziyoyevning oʻzlari boʻladi!” deya iftixor bilan mehnat qilishlarining boisi. Darhaqiqat, aeroport loyihasi, uning murakkab nuqtalarigacha boʻlgan chizmalarning hammasi shaxsan Prezident tashabbusi bilan yaratilgan. Aeroportning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga, yoʻlovchilarga keltiradigan behisob foyda va qulayliklari-yu viloyatda turizm darvozalarini katta ochib yuborishi ham besh qoʻlday ayon edi Prezidentga. Amalga oshirilayotgan ishlarni har qadamida sinchiklab koʻzdan kechirgan davlat rahbari tegishli maslahat va koʻrsatmalar berdi, quruvchilarga tashakkurlar aytdi. Mehrli soʻzlarni Yurtboshining lafzidan eshitish kishiga qanchalar quvonch, kuch va ilhom bagʻishlaganini oʻzingiz tasavvur qilavering.
2
Yana tasavvur qilingki, siz qurama togʻlar orasida kumush kamardek yaltirab yotgan oʻnlab daryo-yu soylarning eng shoʻxi va goʻzali boʻlgan Parkentsoy sohilida turibsiz.
Toshlardan toshlarga urilib, qirgʻoqlarga mayin epkinlar sachratgancha pastliklarga enayotgan, bir zamonlar Mirzo Bobur ot oʻynatib oʻtgan, ne-ne jangu jadallar guvohi boʻlgan Parkentsoy sohillarida hayot qaynaydi. Osmonga qoʻl choʻzgan kranlar, qurilish anjomlari tashiyotgan mashinalar ovozi binokorlarning hay-haylariga qoʻshilib jozibador, jangovar kuyga aylanib ketganki, qarab koʻzingiz toʻymaydi. 5 ming 200 xonadonga moʻljallangan 125 ta koʻp qavatli uy, 2 ta maktab, 8 ta bogʻcha, 10 gektarlik park, sunʼiy koʻl, sayilgoh va veloyoʻlaklar barpo qilinishi kerak olti gektarlik mazkur manzilda. 17 kilometrdan iborat ichki yoʻllar esa kaftday tekislanadi. Bundan ham zoʻri, 24 kilometr uzunlikdagi “Baytqoʻrgʻon — Parkent” elektrlashtirilgan temir yoʻli quriladi...
Aslida xamir uchidan patir hali bular. Bir kitobga sigʻmaydi ularning barisin sanasak agar. Shul bois ayrimlarini tilga olamiz: Kumushkonda 100 gektar yerda turizm obyektlari quriladi. Oltin bel choʻqqisida tashkil etiladigan togʻ-changʻi kurort zonasida yangi koʻprik, 7 ta dor yoʻli, 3 ta togʻ-changʻi yoʻli, 4 ta mehmonxona, 40 ta villa, 4 qavatli avtoturargoh, vertolyot maydonchasi, restoran, bolalar maydonchasi barpo etiladi. Avstriya kompaniyasi esa 1200 gektar maydonda togʻ-changʻi kurorti yaratadi. Loyihalar toʻla amalga oshganidan keyin kuniga 15 ming sayyohni qabul qilish imkoniyati paydo boʻladi Parkentda. Soʻqoq tomonlarda ham ayni yoʻnalishda yetti gektarlik sayyohlik markazi tashkil qilinib, unda 100 kishilik choyxona, 350 xonali 2 ta 11 qavatli mehmonxona, shale tipidagi uylar, sogʻlomlashtirish markazi, avtoturargoh, supalar, osma koʻpriklar, kempinglar, kuzatuv maydonlari kabi 17 turdagi obyektlar barpo qilinadi.

Yangidan tashkil etiladigan 54 gektarlik bogʻda gilos, olma, nok, malinaning eksportbop navlari yetishtiriladi. Fransiya va Ispaniya tomonlardan oʻzini oʻzi changlatish xususiyatiga ega daraxtlar keltiriladi. “Aqlli” agregatlar nami qochgan yerlarni avtomatik ravishda sugʻoradi. Bu yil 500 tonna olma, 400 tonna nok, 256 tonna gilos, 30 tonna malina yetishtirish koʻzda tutilgan boʻlsa, kelajakda ularning miqdori ikki-uch barobar oshadi. Qisqasi, tumanda qiymati 1 milliard dollarlik 52 ta loyiha amalga oshiriladi. Natijada 3300 ta ish oʻrni, 1 million sayyohga xizmat koʻrsatish imkoni yaratiladi.
3300 ish oʻrni. Bu — 3300 xonadon obodligi, agar har xonadonda uchtadan jon boʻlsa — 9900, 5 tadan boʻlsa — 16500 insonning xotirjamligi, toʻqligi, ertasiga, indiniga ishonchining barqarorligi deganidir! Serfarzand parkentliklar uchun mazkur raqam qanchalar ahamiyatli ekanini tasavvur qilish qiyin emas. Bir million sayyohga xizmat koʻrsatish esa bir million roʻzgʻorning toʻkisligi, dasturxonining toʻkinligini taʼminlaydi.
Jaloliddin Rumiy hazratlari noyob saxovat egalariga shunday taʼrif bergan: “Eng buyuk Haj bir koʻngilga yoʻl topib kirishdir. Bir koʻngil yuzlarcha Kaʼbadan goʻzaldir. Kaʼba hazrati Ibrohimning binosi boʻlsa, koʻngil Allohning nazargohidir”.
3
Mana endi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga qilgan bitta tashrifi necha minglab koʻngillarga sevinch, baxt, umid, ishonch, goʻzallik, nur bagʻishlaganini chamalab koʻring. Soʻngra uning yoniga yana oʻn tashrifni qoʻshing. Oʻn tashrif — oʻn toʻlgʻanish, oʻn uygʻonish, oʻn evrilish. Har tashrifdan soʻng hech nima yoʻq joylarda azamat korxonalar qad koʻtarayotgani, chaqirtikan, ajriq bosgan yerlar gullarga koʻmilib borayotgani, yuz-yuzlab oilalar uy-joyli boʻlayotgani-yu qayerga bosh urishini bilmay yurgan minglab yoshlarning ish bilan taʼminlanganini hisoblab koʻrsangiz, Prezident tashriflarining mazmun-mohiyatini yanada teranroq his qilasiz.
“His qilish” yoqimli, albatta. Ammo bunday yutuqlarga qanday erishildi? Yer oʻsha, suv oʻsha, ob-havo, odamlar — hammasi oʻsha-oʻsha-ku! Nega shuncha yillar mobaynida foydalanilmadi bunday imkoniyatlardan? Yoki hazrati Xizr bobomiz kutilmaganda xazina topib, “Oling, boʻtalarim”, deya sovgʻa qildilarmi viloyat ahliga? Bunday savollarning hamma javobi yana Prezidentga, davlat rahbarining viloyat boʻylab amalga oshirgan tabarruk tashriflariga, xalq huzuriga yoʻl olishdan avval ularni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun qancha tunlarni bedor oʻtkazgani, kitoblar varaqlagani, oʻyga tolgani, dunyo tajribalarini tahlil qilgani-yu jonini qiynab izlanganlariga ulanib ketadi.
Izlagan imkon topadi, iloj topadi, yoʻl topadi, deganlari shu boʻlsa kerak-da.
Faqat Toshkent shahri yoki viloyati emas, umuman, Prezidentning hech qachon, hech qayerga shunchaki “tomosha” uchun bormasligi, qay hududga yoʻl olmasin, hamisha hech kimning xayoliga kelmagan tashabbus shodalari bilan borishi, davlat rahbarining qadami yetgan manzillar esa obodlik navolariga koʻmilishi ajib anʼanaga aylanib ketdi yurtimizda.

Yoʻqni bor qilish, mudroq nigohlarni uygʻotish, sokin soylarga daryolar shiddatini olib kirish uchun qanday rohatbaxsh azoblarni boshdan kechirgani esa Prezidentimizning oʻzi-yu yolgʻiz Yaratganga ayon. Ishonchim komilki, bu soʻzlarda zarracha mubolagʻa yoʻqligi isbotga muhtoj emas. Qolaversa, davlatimiz rahbarining dunyo taqdiriga doir murakkab masalalarga ham sharqona aql bilan oqilona yondashayotgani, muammolar tugunini yechish yoʻlidagi noyob qobiliyati jahonning taniqli davlat va jamoat arboblari, yirik siyosatchilari tahsiniga sazovor boʻlayotgani ham ayon haqiqat.
Eslang, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari bilan Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi qanchadan-qancha oʻydim-chuqur yoʻllar tekislandi, Yevropa davlatlarining ishonchi qayta tugʻildi bu zaminga, dunyo banklariga, ishbilarmonlariga darvozalar katta ochildi, hech kim tan olmay, yakkalanib qolayotgan Afgʻonistonga munosabat tubdan oʻzgarmoqda. Zotan, shunday vatanparvar, tinchliksevar, bir soʻzli fazilatlar isbotlaydi ulugʻ shaxslarning tarixdagi oʻrnini.
Yaxshi bilamiz: Oʻzbekiston Prezidenti uchun aytilgan soʻz — otilgan oʻq. Vaʼda — vafosi bilan aziz. Yuzlab misollar keltirish mumkin birgina Toshkent viloyatining oʻzidan.
Masalan, Shavkat Miromonovich 2017-yilda Toʻytepa shaharchasini viloyat markaziga aylantirish haqida soʻzladi. Sal oʻtmay, Toʻytepa qayta nomlanib, Nurafshon shahri sifatida Toshkent viloyatining maʼmuriy markaziga aylandi. Tanib boʻlmas darajada oʻzgarib ketdi 7-8-yil orasida Nurafshon. Bir mahallar Nukent, keyinchalik Toʻytepa nomidagi bu manzil kattaligi boʻyicha Biskent, Qangʻa, Banokat, Toshkent singari shaharlar qatorida turgan boʻlsa-da, umrida bugungidek obodliklarni koʻrmagan. Shahardagi 22 ta mahallaning hamma koʻcha va uylari boshqatdan qurildi. “Aqlli shahar” konsepsiyasi asosida Singapurning “DIIPART” kompaniyasi hamkorligida qiymati 2,5 milliard dollarlik ishlar boshlanib ketdi. Chigʻiriq va “PSHK” qoʻrgʻonlari shahar hududiga oʻtkazildi. 246 gektar maydonda 20 ming aholi yashaydigan shaharcha qad rostlay boshladi. Ikkinchi bosqichda aholi soni 63 mingga, shu yil adogʻida esa 77 mingga yetadi.
Tasdiqlangan bosh rejaga muvofiq 246 gektar maydondan iborat shahar qurilishi uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 114 gektar yerda 20 ming aholi istiqomat qiladigan 72 ta bino va inshoot bunyod etiladi. Ikkinchi bosqichda maydon 95 gektarga kengayib, 53 ming aholi uchun 80 ta bino va inshoot quriladi. Uchinchi bosqichda qurilish yana 37 gektarga kengayib, 77 ming aholi yashaydigan 48 ta bino quriladi.
Hozirgacha 168 oʻringa moʻljallangan 2 qavatli “Prezident maktabi”, zamonaviy meʼmorchilikning soʻnggi yutuqlarini oʻzida mujassam etgan koʻp qavatli uylar, zamonaviy binolar foydalanishga topshirildi. Yangi maktablar, institut va universitet, xiyobonlar, tijorat banklari, biznes markazlari, teatrlar, kutubxonalar, Yoshlar markazi, amfiteatr, oʻyingohlar, ishlab chiqarish korxonalari barpo etish davom etmoqda. Vatanparvar bogʻi, Media xodimlari va ijodkorlar bogʻi, Zulfiya Zokirovaga bagʻishlangan “Matonat madhiyasi” memorial majmuasi, gipermarket, sogʻlomlashtirish yoʻlaklari qurilyapti. Kelgusida Toshkentdan Nurafshonga hamda boshqa yoʻnalishlarga qatnovchi tezyurar elektrobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Toshkent bilan Nurafshon oʻrtasida yer usti metro qatnovi ham bu yerning oʻziga xos salohiyati ifodasiga aylanadi. Prezidentimizning “Yevropaning sanoqli davlatlarida bor boʻlgan eng zamonaviy shaharni biz Toshkent viloyatidan boshlab beraylik”, degan ezgu niyatlarining ifodasiga aylanadi bularning hamma-hammasi.

Ha, Nurafshon hademay “aqlli shahar” sifatida mamlakatimiz faxriga aylanadi.
Yaqinda, aniqrogʻi, Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari bayrami arafasida “Matonat madhiyasi” memorial majmuasi ziyoratida boʻlgan jurnalistlar viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning soʻzlarini eshitib, faxru iftixorga toʻldilar.
— 2025-yilda 612 ming aholini ish bilan taʼminlashimiz, 25,3 ming oiladagi 115,7 ming kishini kambagʻallikdan chiqarishimiz kerak, — dedi hokim. — Rejani amalga oshirish uchun viloyat hokimligi, respublika Xalq banki va Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi oʻrtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan. Banklar tomonidan Sayxunobod tajribasi asosida har bir mahallada 40 tadan jami 41 mingta mikroloyiha amalga oshiriladi, 82 mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratiladi. Har bir mahalladan kamida 10 tadan jami 10250 ta xonadonning oʻrtacha yillik daromadi 60 — 70 million soʻmgacha yetkaziladi. “Bir kontur — bir mahsulot” asosida jami 649,2 gektarda 61 ta namunali loyiha amalga oshiriladi.
Uychi tajribasi asosida 150 mingta doimiy ish oʻrni yaratiladi. Buning uchun 10,8 trillion soʻm imtiyozli kredit ajratiladi.

Bundan tashqari, 2025-yilda 2,4 milliard dollarlik eksport amalga oshirilishi va oʻtgan yildagiga nisbatan 166 foiz oʻsish taʼminlanishi kerak. Jumladan, sanoat mahsulotlari eksporti 2,2 milliard dollarga, meva-sabzavot eksporti 220 million dollarga yetishi zarur.
Hokimning soʻzlaridan ayon boʻldiki, eksport hajmini oshirish viloyatda rivojlanish drayveriga aylangan. Unga koʻra eksport hajmi toʻqimachilikda 480 million dollarga, elektrotexnika sanoatida 332 million, qurilish materiallarida 200,6 million, oziq-ovqat sanoatida 175,7 million dollarga koʻpayadi.
Turizm sohasida 2025-2026-yillarda umumiy qiymati 3 milliard 285 million AQSH dollariga teng 265 ta investitsiya loyihasi ishga tushiriladi va 14 ming 487 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Birgina “Chorvoq darvozasi” loyihasi boʻyicha Angren daryosi, Parkentsoy va Chinozning Sirdaryoga tutash sohillarida bir qancha koʻp qavatli uylar, mehmonxonalar, dam olish va koʻngilochar maskanlar, xizmat koʻrsatish va savdo shoxobchalari ishga tushiriladi.
Bekobod tumanining yangi hokimi Z. Nizomiddinovdan Sirdaryo ustida yangi koʻprik qurilayotgani, yaqin kelajakda esa Xovos shaharchasidan Bekobod, Boʻka, Piskent, Parkent boʻylab quriladigan temir yoʻl haqida eshitganimizda, mamlakat rahbarining tashriflari naqadar serhosil ekanini yana bir karra angladik.
4
Ha, yutuqlarning hammasi Prezident tashriflarining shirin mevalari. Ularning qatoriga 2018-yilgi tashrifdan keyin “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli yirik investitsiya loyihalaridan biri — ferroqotishmalar ishlab chiqarish sexining ishga tushirilgani, 2021-yilda OKMK tarkibidagi “Yoshlik — 1” koni negizida 3-mis boyitish fabrikasi qurilishi va Yuqori Chirchiq tumanida “Astrum” IT akademiyasi oʻz faoliyatini boshlab yuborgani, 2022-yilda Zangiota tumanida “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturini Toshkent viloyatidan boshlash tashabbusi joriy qilingani, “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki ochilgani, 2023-yili Ohangaron tumanidagi “Tashkent Konch sement”, Quyi Chirchiq tumanidagi “Tashkent kotton tekstil”, Yuqori Chirchiq tumanidagi “Aziya Tashkent tekstil”, “Salyubris Vita”, Angren shahridagi “Angren kaolin”, “Sentral Aziya Kemikals”, Nurafshon shahridagi “Agro Nyu Drip”, Chirchiq shahridagi “Sharq Tyubs”, Parkent tumanidagi “Samsarak fayz” va “Shabnam Elegant” kabi yirik korxonalarning ishga tushirilgani hamda bu korxonalarda sement, kalava ip, toʻqimachilik, farmatsevtika, boyitilgan kaolin, kimyo mahsulotlari, tomchilatib sugʻorish shlanglari, rangli metallar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani; 2024-yilda OKMK tarkibidagi “Yoshlik — 1” koni negizida 4-mis boyitish fabrikasiga start berilgani, Toshkent — Xoʻjakent yoʻnalishida yangi elektropoyezd qatnovi boshlangani, viloyat korxonalari tomonidan shu yilning oʻzida 7 507,6 milliard soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgani va bu 2017-yildagiga nisbatan 7 barobar koʻpligi, 100 dan ortiq davlatlar bilan investitsiya va eksport sohalarida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani, investitsiya dasturlari doirasida 71 ta davlat bilan umumiy qiymati 11,5 milliard dollarga teng 200 dan ziyod investitsiya loyihalari portfeli shakllantirilgani, birgina Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda 4 milliard dollardan ortiq 25 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilayotgani kabilar qoʻshilsa, manzaraning salobati yanada tiniqlashadi.

5
— Prezidentimiz hamisha “koʻzga koʻrinmas” imkoniyatlar ildizini topib, ulardan foydalanish chora-tadbirlarini koʻrsatib beradilar, — soʻzida davom etadi viloyat hokimi. — Bir kelganlarida xitoylik tadbirkor, “GaIanz” kompaniyasi asoschisi Lyan Chjaosyan haqida soʻzladilar. Dunyodagi eng yirik maishiy texnika ishlab chiqaruvchi zavodlardan hisoblangan mazkur kompaniya tashkil topgan 1992-yilda Xitoy boʻyicha hammasi boʻlib atigi 200 mingta mikrotoʻlqinli pech chiqarilgan ekan. Oradan ikki yil oʻtgach, kompaniya deyarli 5 ming doʻkondan iborat milliy savdo tarmogʻi barpo qiladi, oʻn yildan keyin kuniga yuz ming mikrotoʻlqinli pech ishlab chiqara boshlaydi. 2013-yilda 4,5 milliard dollardan ortiq daromad olib, qirq ming kishini ish bilan taʼminlaydi. Lyan Chjaosyan 1,01 milliard dollar boylik bilan “Gʻorbes”da dunyoning eng boy odamlari roʻyxatiga kiradi. Bu hikoya viloyatimizdagi juda koʻp tadbirkorlarga ilhom bagʻishladi.
2017 — 2024-yillarda tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar viloyat hokimining soʻzlari naqadar toʻgʻriligini tasdiqlaydi. Yana misollarga murojaat qilamiz. 2019-yili Boʻstonliq tumanida “Amirsoy” togʻ-changʻi kurorti rasman ish boshladi. 2020-yildan viloyatning 6 ta hududini “Oltin halqa” turizm konsepsiyasi asosida rivojlantirishga kirishildi. 2021-yili Parkent tumanining soʻlim goʻshalaridan biri Kumushkon mahallasi respublikada birinchi “Turizm qishlogʻi”, “Turizm mahallasi” maqomini oldi. 2021-yildan buyon Toshkent viloyati “Xalqaro jeyep sprint” musobaqasiga mezbonlik qilmoqda.

Viloyatda oʻtgan 5-yilda 267 ta turizm obyekti barpo etilib, sohaga 5,5 trillion soʻm va 156,1 million dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi.
2024-yili 282 million dollar miqdoridagi 56 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 1042 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Viloyatga 16 million 337 ming nafar turist keldi. Ularning 984,2 ming nafari xorijiy turistlardir. Turizm xizmatlari eksporti 390 million AQSH dollariga yetdi.
Hozir 74 ta oilaviy mehmon uyi hamda mahalliy va xorijiy turistlarga xizmat koʻrsatuvchi 46 ta turistik firma faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ohangaronning Ertoshsoy va Ovjazsoy qishloqlariga, Parkentning Chashma, Kumushkon qishloqlariga “Turizm qishlogʻi” maqomi berilgan.
Chirchiq davlat pedagogika universitetining turizm fakulteti va Boʻstonliq turizm va servis kollejida 542 nafar talaba tahsil olmoqda. 2024-yilda taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlarning 152 nafari oʻz yoʻnalishi boʻyicha ishga joylashtirildi.
Viloyatda turizm diversifikatsiyasi, yaʼni hududlarda turizmning aniq bir yoʻnalishlari boʻyicha ixtisoslashuv dasturi qabul qilingan. Unga koʻra, Zangiota va Toshkent tumanlarida tibbiyot turizmi, Ohangaron, Piskent, Chinoz va Oʻrta Chirchiq tumanlarida ov turizmi, Boʻstonliq, Parkent tumanlari va Angren shahrida togʻ ekstremal turizmi, Zangiota, Boʻstonliq, Parkent, Ohangaron, Oqqoʻrgʻon, Yuqori Chirchiq tumanlari va Angren, Nurafshon shaharlarida ziyorat turizmi, Boʻstonliq, Parkent, Chinoz, Boʻka, Yangiyoʻl, Qibray tumanlari va Yangiyoʻl shahrida gastronomik turizm, Boʻstonliq, Parkent, Ohangaron tumanlari va Angren shahrida eko va agroturizmni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Suv havzalari boʻylaridan turizm maqsadida unumli foydalanish yoʻnalishida “Tuyaboʻgʻiz” suv havzasidagi “TashVegas” oromgohida zamonaviy basseyn va plyaj foydalanishga topshirildi. Nurafshon shahrida sunʼiy koʻl havzasi tashkil etilib, doimiy ravishda tashrif buyuruvchilarga konsert dasturlari va koʻngilochar xizmatlar koʻrsatilmoqda. Boʻstonliq tumanining “Xevens Garden” dam olish maskanida Singapurning “Marina-Bey” suv havzasi andazasi asosida zamonaviy basseyn bunyod etildi. Kichik hajmdagi suv havzalari soni 184 tadan oshib ketdi.
6
Toshkent viloyatini mamlakatimizning eng yirik hududlaridan, dedik. Darhaqiqat, bir tomoni Qozogʻiston, bir tomoni Qirgʻiziston va Tojikiston respublikalari, yana bir tomoni Namangan va Sirdaryo viloyatlariga tutashib ketgan bu zaminning 15 ta tumani va 7 ta shahrida 80 millatga mansub 3 million 100 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda.
Qurama, Piskom, Ugom, Chotqol kabi togʻlar atrofida qoʻr toʻkib turgan zaminning Chirchiq-Ohangaron vodiysi, Qurama togʻi, Angren va Olmaliq atroflari mis, polimetall rudalariga, oltin, kumush, qoʻrgʻoshin, alyuminiy kabi foydali qazilmalarga, qoʻngʻir koʻmir, molibden konlari, plavik shpati va dala shpati hamda turli xil qurilish materiallariga toʻla.
Viloyatda energetika, mashinasozlik, metallurgiya, koʻmir, kon metallurgiyasi, kimyo sanoati, poyabzal, paxta tozalash, oziq-ovqat, toʻqimachilik hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash tarmoqlari gurkurab rivojlanmoqda. Bekobod shahridagi “Oʻzmetkombinat”, Olmaliq shahridagi OKMK, Angren koʻmir konlari, Chirchiq qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasteri kabilarning shuhrati mamlakatimiz tashqarisida ham maʼlum va mashhur.
Viloyat haqida soʻz borganda, Soʻqoqning shashligi, Parkentning mador somsasi, Boʻkaning choyxona palovi, Piskent mantisi, Chinozning qovurib, karsillatib pishirilgan karas baligʻi yoxud Boʻstonliqning “Bochka” mastavasi, Qibray halimi, Yuqori va Oʻrta Chirchiq tumanlaridagi koreys kuksisi kabi noyob taomlarni esga olmaslik mumkin emas. Viloyatdagi har bir millatning oʻziga xos badiiy jamoalari mavjud. Masalan, Angrenda “Chotqol navolari” xalq folklor-etnografik jamoasi, “Shosh Iloq marjonlari” folklor jamoasi va “Anʼana” bolalar folklor toʻgaraklari bor. Ularda milliy qadriyat, urf-odat va anʼanalar tarannum etilsa, Ohangaron shahridagi “Qurama” folklor-etnografik xalq ansambli va Chirchiq shahridagi “Sugʻdiyon” tojik milliy madaniyat markazida turli millatlarga mansub aholining dilbar kuy-qoʻshiqlari kuylanadi.
7
Ammo, taʼkidlash kerakki, qadimdan Buyuk Ipak yoʻlidagi ilm-fan, hunarmandchilik, madaniyat taraqqiy etgan makonlardan boʻlgan Toshkent viloyatining tarixi hali-hanuz mukammal oʻrganilgan emas. Xoʻjakent yaqinidagi gʻordan topilgan tosh davriga mansub odam suyagining qoldiqlari va qoyalardagi suratlar bu vohada qadimda ibtidoiy odamlar yashaganidan dalolat bersa, Yunon, Xitoy va Sharq manbalarida miloddan avvalgi V — II asrlarda ham bu zaminda odamlar istiqomat qilgani aytiladi. Koʻlbuloq yaqinidagi Qizilolmasoy va Qoʻshsoydan topilgan qadimiy tosh qurollar yasalgan ustaxona esa viloyat zamini olis-olis zamonlarda ham odamlarning muqaddas manzilgohi boʻlganidan dalolat beradi.
Chirchiq vodiysidagi Burganli soyidan topilgan temir davriga oid sopol, metall, toshdan yasalgan uy-roʻzgʻor buyumlari, jumladan, choynaksimon tumshuqli va quloqli qozonlar, mehnat qurollari miloddan avvalgi asrlarda ham viloyatda rivojlanish boʻlganini tasdiqlaydi.

Keyinchalik vohada qalʼa va shaharchalar koʻpayib ketgani bois bu yerlarga Shosh, yaʼni ming qalʼali davlat taʼrifi beriladi. Ming qalʼalarning biri boʻlgan Oqtepa qoʻrgʻoni oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Mustahkam mudofaa devorlari bilan oʻralgan qalʼa ilk oʻrta asr shaharlarining arki va shahristoni boʻlgan.
Hozir viloyatda sayyohlar boradigan 20 ga yaqin mashhur ziyorat manzillari bor. Shayx Umar Vali, Avliyosoydagi Ikrima ota, Qadamchi buva, Avliyo Parpi ota, Qirqizobod yoki Qirqqiz momo ziyoratgohlari shular jumlasidandir.
Umuman, hozir Toshkent viloyatining arxeologik xaritasiga 760 ta koʻhna manzilgoh, shahar va qishloq xarobalari, qadimgi qabristonlar, mudofaa va irrigatsiya inshootlari kiritilgan. Kiritilmagan va oʻrganilmaganlari yana qancha ekani esa maʼlum emas.
Maʼlumi shuki, Oʻzbekiston Prezidentining viloyatga har safargi tashrifida barcha sohalar kabi aziz-avliyolarning qadamjolarini obod qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ulugʻ bobolarimiz qoʻllab turgan yurt esa oyma-oy, kunma-kun rivojlanib, yuksalib borayotir.
Toshkent viloyati Oʻzbekistonning
Koʻrkam bogʻlarida chinor boʻlgaydir.
Dilbar lavhalarni koʻrgan insonning
Qalbi daryo-daryo nurga toʻlgaydir.
Chashmalar soylarga boʻlgaydir yoʻldosh,
Roʻyobga chiqqaydir ertaklar, tushlar.
Falakda yarqirab nur sochgay quyosh,
Bardavom boʻlgaydir qutlugʻ tashriflar...
Abdusaid KOʻCHIMOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring