Suv moʻl boʻlsa...

12:42 28 Noyabr 2024 Jamiyat
253 0

Said DONISHEV/“Xalq soʻzi”. Suv taqchilligi yuzaga kelayotgan bir paytda qishloq xoʻjaligida mahsulot yetishtirish murakkab vazifa sanaladi. Ana shu omillar hisobga olingan holda mamlakatimizda agrar tarmoqda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kanallarni betonlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, suv hisobini yuritishni tashkil etish maqsadida ilgʻor tajribalar joriy etilyapti, sohaga raqamlashtirish tatbiq qilinmoqda, joylardagi suv yetkazib berish xizmati faoliyati qoʻllab-quvvatlanyapti.

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 7-noyabr kuni qishloq xoʻjaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mazkur yoʻnalishda qilinishi zarur boʻlgan vazifalar aniq koʻrsatib oʻtilgan edi. Ushbu yigʻilishda yangi loyihalardan biri sifatida Doʻstlik tumanida yoʻlga qoʻyilgan suv boshqaruvining aqlli tizimi samarasi alohida qayd etilib, bu amaliyotni endilikda respublikamizning har bir viloyatidagi suv taʼminoti ogʻir boʻlgan hududlarda yoʻlga qoʻyish topshirigʻi berildi. Ayni paytda tumandagi “Mevazor” mahallasidan oʻtuvchi R-12 kanalini betonlash ishlari olib borilmoqda.

1967-yilda qurilgan mazkur kanalning umumiy uzunligi 18,5 km boʻlib, u orqali 4,5 ming gektar maydon suv bilan taʼminlanadi. Kanal dastlabki qurilishi paytida toʻliq betonlangan boʻlsada, yillar oʻtib maʼnan eskirdi. Natijada suv oʻtkazish quvvati 60 foizga tushib ketdi. Shu sabab kanal yangi loyiha asosida qayta taʼmirlanmoqda.

— Suvni tejab ishlatish, uning yoʻqotishlarsiz oxirgi hududgacha yetib borishida suv tarmoqlarining oʻrni katta. Bilasizmi, bizdagi maʼlumotlarga qaraganda, eskirgan kanallar hisobiga yurtimizda yiliga 13 milliard kub metr suv yoʻqotilar ekan. Shu sababli, davlatimiz rahbarining saʼy-harakati bilan kelgusi yilda betonlashga 800 milliard soʻm mablagʻ ajratiladigan boʻldi. Aynan noyabr-mart oylari kanallarni betonlash uchun eng qulay vaqt hisoblanadi. Bu borada loyiha va ekspertiza xulosalarini tashkil etish orqali qurilish ishlarini sifatli oʻtkazishga alohida eʼtibor qaritishimiz kerak, — deydi “Sirdaryo – Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi” boshligʻi oʻrinbosari Javlon Oʻrolov.

Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda yurtimizdagi yerlarni sugʻorishga 1 ming 600 dan ziyod nasos stansiya ishlatilmoqda. Ular oʻziga yarasha elektr energiyasi talab qiladi. Shu bois mutaxassislar tomonidan 2025-yil – suv xoʻjaligida “nasoslar samaradorligini oshirish yili” boʻlishi belgilab olingan. Bunda davlat-xususiy sheriklik asosida tejamkor nasos va quyosh panellarini oʻrnatish hisobiga elektrni tejashni 20 foizga yetkazish imkoniyatlari koʻriladi.

Birgina Jizzax viloyatida mavjud 35 ta nasos stansiyalardan joriy yilda 7 tasini davlat-xususiy sherikchilik asosida talabgorlarga berish yuzasidan loyihalar ishlab chiqilgan. “Arnasoy-3” nasos stansiyasi ham Gʻallaorol tumanidagi xususiy korxonaga berilgan. Nasos stansiyasi bugun quyosh panellari bilan jihozlangan. Agregatlarni ishlashi, tashkil etilgan yordamchi xoʻjaliklar masʼullarning doimiy eʼtiborida.

Suv taqchilligi kuzatilayotgan bugungi murakkab bir sharoitda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kanallarni betonlash boʻyicha tanlangan yoʻl toʻgʻri boʻlgani bugungi hisob-kitoblarda oʻz aksini topmoqda.

— Doʻstlik tumanidagi mavjud 33 ming 500 gektar ekin maydoni 3 ta manba orqali suv bilan taʼminlanadi. 1 ming 88 ta konturdan iborat jami maydonga suv yetkazib beruvchi 115 km uzunlikdagi kanallar eskirgani va boshqa omillar sabab suv yoʻqotishlari bugun 30 foizni tashkil etmoqda. Tumanimizda suv resurslarini avtomatik boshqarish va hisobini yuritish boʻyicha “Pilot loyiha”si ishlab chiqilgan boʻlib, bu tizimni joriy qilishdan avval Xitoy va Avstraliyada yoʻlga qoʻyilgan ilgʻor tajribalar oʻrganildi, samarasi tahlil etildi. Shu orqali xitoylik investorlar bilan loyiha ustida bir yil davomida ish olib borildi. Bajarilgan ishlarga koʻra, tumandagi suv taqsimlanadigan 2 mingta nuqtaga hisoblagich va videokamera oʻrnatilib, qayerga qancha suv borayotgani aniq koʻrinib turadigan tizim yoʻlga qoʻyildi. Endilikda avtomatlashgan boshqaruv orqali 20 foiz, sugʻorish tarmoqlarini taʼmirlash hisobiga yana 10 foiz suv tejaladi, — deydi tuman suv yetkazib berish xizmati rahbari Behzod Qurolov.

Zamonaviy texnologiyalar asosida suvdan oqilona foydalanish va ular orqali hosildorlikni oshirish aniq faktlarga asoslangan boʻlib, obihayotdan tejab foydalanish bugun va ertangi kun uchun oʻta muhim masala sanaladi.

Bir soʻz bilan aytganda, qishloq xoʻjaligida suv taʼminotini yaxshilash, undan maqsadli va samarali foydalanishni tashkil etishga davlatimiz rahbari boshchiligida alohida eʼtibor qaratmoqdaki, oʻziga xos zanjir tizimida yoʻlga qoʻyilayotgan amaliy ishlar albatta ertangi kunda sohada oziq-ovqat zaxirasini yaratishga, mahsulot yetishtirishni taʼminlash va ularning eksportini oshirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер