Surxondaryoda ham bayram koʻtarinki ruhda nishonlanmoqda

16:49 07 Mart 2020 Jamiyat
1336 0

Termiz shahrida yangidan bunyod etilgan “Indenim” savdo-servis majmuasida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda viloyatning shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan xotin-qizlar vakillari ishtirok etdi. Bayram tadbirida yigʻilganlarni Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov qizgʻin muborakbod etib, ezgu tilaklarni bildirdi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda davlat va jamiyat qurilishida xotin-qizlar ishtiroki tobora kengayib, turli soha va tarmoqlarda erishilayotgan yutuqlarda ularning alohida oʻrni bor. Ayniqsa, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligi ortmoqda. 111 nafar surxondaryolik ayol Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarda xalq vakillari boʻlib faoliyat koʻrsatayotgani ham shundan dalolat beradi.

Xalq roziligi, avvalo, muhtarama onalarimiz, xotin-qizlarning roziligi bilan bogʻliq. Ularning sogʻ-salomat boʻlib, baxtli yashashini taʼminlashga har qachongidan katta eʼtibor qaratilyapti.

Agar raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak,Surxondaryo viloyatida oxirgi 3 yil davomida mehnatga layoqati cheklangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarning 644 nafariga uy-joylar berildi. 22 mingdan ziyod oilalarga tomorqa uchun toʻrt sotixdan sugʻorilmaydigan yer maydonlari ajratildi.

Birgina 2019-yilda 212 nafar ayolga Xotin-qizlar va oilalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan boshlangʻich badal toʻlovi toʻlab berilib, uy-joy bilan taʼminlandi. 1,5 ming nafardan ortiq ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollar ishga joylashtirildi. Jumladan, “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida hamda Xotin-qizlar va oilalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan 7 ming 222 nafar xotin-qizga 130 milliard 97 million soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratilib, 8ming 324 ta ish oʻrni yaratildi.

Viloyatida ogʻir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlarning 1665 nafariga tibbiy yordamlar koʻrsatildi, 1035 nafarining bandligi taʼminlandi, qariyb 1280 nafariga 535 mln. soʻmdan ortiq moddiy yordam koʻrsatildi.

Bayram tadbiri davomida 16 nafar ayolga “Moʻtabar ayol“ koʻkrak nishoni hamda 20 nafar xotin-qizlarga viloyat hokimligining faxriy yorligʻi va esdalik sovgʻalari tantanali tarzda topshirildi.

Bayram sanʼatkorlar ijrosidagi badiiy dasturga ulanib, ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.

-Hech yurt ayollariga Oʻzbekistondagi kabi davlat darajasida bunday yuksak eʼtibor, gʻamxoʻrlik koʻrsatilmasa kerak. Nafaqada boʻlsam, har safar bayramlarga taklif etishadi. Bundan boshim koʻkka yetadi. Dilim yashnab, toʻlqinlanib ketaman. Ayniqsa, bayram munosabati bilan bir guruh ayollar qatori “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlashganidan behad mamnun boʻldim!, — deydi termizlik mehnat faxriysi Robiya Toʻlyakova.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?