Sugʻurta bozori faoliyatini rivojlantirish kerak

21:15 04 Mart 2021 Iqtisodiyot
1192 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi tomonidan “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan “Sugʻurta bozorini rivojlantirish hamda sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni takomillashtirish” mavzusida videokonferensiya tarzida seminar oʻtkazildi.

Mazkur seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi vakillari, sugʻurta kompaniyalari va sohaning ekspertlari va mutaxassislari ishtirok etdi.

Taʼkidlash joizki, “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-avgustdagi PQ-4412-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2019-2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sugʻurta bozorini jadal rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ga asosan ishlab chiqilgan boʻlib, taqdim etilgan qonun loyihasining ayrim normalari yalpi majlisning birinchi oʻqishda koʻrib chiqish jarayonida deputatlarning bahs-munozaralariga sabab boʻlgan edi.

Xususan, sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligining sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoyasini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlarning sugʻurtaga boʻlgan ishonchini oshirish hamda sugʻurta bozorining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash yuzasidan qonun loyihasining tegishli moddalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha fikr va mulohazalar bildirilgan edi.

Seminarda yuqoridagi masalalar va sugʻurta kompaniyalari tomonidan sugʻurta daʼvolarini koʻrib chiqish muddatlari va hujjatlarni qisqartirish, sugʻurta hodisasini adolatli baholash va toʻlovlarni tezkor toʻlash tizimini yaratish yuzasidan ishtirokchilar qizgʻin bahs-munozaralar olib bordilar.

Deputatlar muhokamasida qonun loyihasiga sugʻurta bozori faoliyatini liberallashtirish va investorlar uchun jozibadorligini oshirishga oid normalarning kiritilishi mamlakatimiz sugʻurta kompaniyalarining jahon moliya bozorlariga integrallashuvi iqtisodiyotimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, sugʻurta faoliyati sohasidagi munosabatlarni boshqarishning yagona mexanizmini yaratish, elektron sugʻurta tizimini tashkil etish va internet orqali sugʻurta polislarini taqdim etish kabi masalalar seminarning asosiy mavzulariga aylandi.

Muhokamalarda qonun loyihasi sugʻurta sohasida tajribadan oʻtgan milliy amaliyot va xalqaro tamoyillarga asoslanganligi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi mutaxassislari hamda ekspertlar tomonidan eʼtirof etildi.

Seminar yakunida tadbir ishtirokchilari tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalarni inobatga olib qonun loyihasini xalq vakillari tomonidan ikkinchi oʻqishga kiritish uchun fraksiyalar muhokamasiga kiritish maqsadga muvofiq ekanligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?