Sudya boʻlish xavflimi?
Soʻnggi kunlarda Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida yuz bergan sudyalar bilan bogʻliq voqealarni kuzatib turib, nahot bugungi kunda sudya boʻlish sharaflik kasbdan koʻra, oʻz ehtiyotini qilib yuradigan va boshqa alohida toifadagi shaxslarni nafrati nishoniga aylanayotgan shaxs toifasiga oʻtib qolyapti, degan asosli savollar paydo boʻlmoqda.
Sudya kim? Qonunga koʻra odil sudlovni amalga oshiradigan mansabdor shaxs. Xalqni orasida esa, sudya bu eng avvalo oqni oq, qorani qora deydigan, qoʻliga topshirilgan ishni faqat qonunga asosan, hissiyotlarga berilmagan va boshqa shaxslarning “qosh-koʻzlariga” qaramay hal qiladigan adolatli, insofli shaxs gavdalanadi. Har xolda shunday shaxsni koʻrishni istaydi oddiy odamlar.
Ochigʻini aytish kerak, sudyani shaxsi jamiyatda oʻziga xos tarzda koʻtarib qoʻyilgan. Nima maqsadda? Chunki sudya ham mansabdor, ham oddiy shaxs sifatida mustaqil boʻlsa, uning mustaqilligi kafolatlansa, undan shundagina adolatni talab qilish mumkin boʻladi. Sudyani mustaqilligi va shaxsi daxlsizligini kafolatlamay turib undan qonuniy, asosli va adolatli qarorlarni qabul qilishni talab qilish mantiqsiz va imkonsiz.
Qonunchiligimizda sudyalarning mustaqilligi kafolatlarini taʼminlash mezonlari belgilab berilgan.
- Sudyaning shaxsi daxlsizdir.
- Sudyaning daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transporti va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqlidir.
- Sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.
- Sudya Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.
- Sudya Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
- Sudyaning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirish, ularni koʻzdan kechirish, ularda tintuv oʻtkazish yoki ulardan ashyoni olish, telefondagi soʻzlashuvlarini eshitish, sudyani shaxsan koʻzdan kechirish va uni shaxsiy tintuv qilish, shuningdek uning xat-xabarlarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni koʻzdan kechirish, olib qoʻyish yoki olishga faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurorining, viloyat, Toshkent shahar prokurorining, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining ruxsati yoki sudning qarori bilan yoʻl qoʻyiladi.
Yuqoridagilardan koʻrishimiz mumkinki, Qonun sudyalarni mustaqilligini kafolatlash uchun barcha imkoniyatlarni va imtiyozlarni bergan. Oʻzbekistonning eng chekka qismidagi tumanda ishlayotgan sudya va viloyatdagi sudga raislik qilayotgan sudyaning maqomi ham daxlsizligi ham bir xil. Bu daxlsizlikni buzishga esa hech kimning haqqi yoʻq.
Shunday ekan, har qanday mansabdor shaxs yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari sudyani biror bir huquqbuzarlik yoki ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgani yoxud sodir etayotgani, xuddi shuningdek qonunga boʻysunmasligi holati yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri munosabatga kirisha olmaydi, toki yuqoridagi jarayonlardan oʻtmas ekan. Unga nisbatan jismoniy kuch ishlatish yoki boshqacha tarzda taʼsir oʻtkazish esa favqulodda holat deb topilishi lozim.
Boʻlib oʻtgan voqealar yuqoridagi qonun normalarida belgilangan qoida va tartiblarni ochiqchasiga bajarmagan yoki bajarishni istamagan yoxud bu qoidalar borligini amalda bilmagan shaxslarni saviyasi qanday darajada ekanligini koʻrsatadi.
Maqsadimiz qonunlarni moneliksiz bajarilishiga asoslangan huquqiy demokratik davlatni qurish ekan, bunga sud tizimini mustaqil va sudyalarni daxlsiz qilmasdan erisha olmaymiz. Bu qoidani buzganlarga esa javobgarlikning muqarrarligi taʼminlanishi shart.
Sudyaning daxlsizligi sudya uchun qadriyat, boshqalar uchun noqonuniy tarzda buzib boʻlmas qoʻrgʻon boʻlishi kerak. Bu qadriyatni oʻrnatishda sudyalar bir boʻlib qonun ustuvorligini taʼminlashda birgalikda harakat qilishimiz shart.
Abrorxon Akramov,
Toshloq tuman maʼmuriy sudining raisi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring