COVID-19: Xitoyga pandemiyaning kuchli toʻlqini qaytdi

Illustrativ foto
Ilk bor Xitoyda aniqlangan SOVID-19 kasalligi oradan uch yil oʻtib, yana ushbu davlatda shiddat bilan tarqala boshladi. Xususan, oʻtgan kuni hukumat rasmiylari mamlakatda kunlik xastalanish koʻrsatkichlari pandemiya davridagi mutlaq rekord koʻrsatkichga yetganini qayd etdi — 31,5 ming nafar bemor!
Umuman, oʻtgan uch yil davomida bu yerda faqat aprel oyida xavotirli oʻsish dinamikasi kuzatilgandi. Oʻshanda eng koʻpi bilan kuniga 30 mingga yaqin kishiga COVID-19 tashxisi qoʻyilgan.
Shundan soʻng Chin yurtida amalga oshirilgan qatʼiy cheklovlarga asoslangan “nol holat” strategiyasi maʼlum muddat odamlarni bu xavfli kasallikdan himoyaladi. Ammo butun dunyo boʻylab keng tarqalayotgan pandemiyaning yangi toʻlqini oxir-oqibat qariyb 1,5 milliard aholiga ega Xitoyni ham chetlab oʻtmadi.
Hozir mamlakat rasmiylari karantin choralarini yanada kuchaytirish harakatida. Yirik shaharlarda qisman lokdaun va kasallikni aniqlashga qaratilgan ommaviy test sinovlari qayta tiklanyapti.
Chunki 31 provinsiya maʼmuriyati kasallik avj olganini maʼlum qilgan. Ular orasida 22 milliondan ortiq kishi yashaydigan poytaxt Pekin va 18,5 million aholi istiqomat qiladigan yirik megapolis Guanchjou shaharlari ham bor.
Aslida, bir necha hafta avval bu yerda oʻrnatilgan maxsus cheklovlar biroz yumshatilgandi. Jumladan, bemorlar bilan yaqin aloqada boʻlgan shaxslarni yetti kun davomida karantin markazida majburiy saqlash talabi besh kunga qisqartirildi.
Biroq endi yana ehtiyotkorlik oshirilyapti. Pekinning yirik tumani — Chaoyangda aksariyat kompaniyalar eshigiga vaqtincha qulf osildi. Boshqa hududlardagi qator xizmat koʻrsatish va koʻngilochar muassasalar faoliyati toʻxtatildi, odamlar masofiy ish tartibiga oʻtdi.
Guanchjou shahrida ham bugundan qisman karantin kuchga kiradi. Ushbu cheklovlar 6 million nafarga yaqin kishiga oʻz taʼsirini koʻrsatishi aytilyapti.
Umuman, hozir Xitoyda epidemiologik vaziyat murakkablashmoqda. Mamlakat rasmiylari bu yogʻiga koronavirusga qarshi emlash qamrovini yanada oshirishni maqsad qilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH boy berilgan hududlarni Ukrainaga qaytarishga erishish niyatida ekanligini maʼlum qildi
- Transport vazirlari “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishini muhokama etishdi
- Olimlar saratondan ham oʻlim xavfi ikki baravar yuqori boʻlgan kasallik haqida maʼlum qilishdi
- “Eshonxoʻja ota” masjidi imom-xatibi Avazxoʻja Bahromov lavozimidan ozod etildi va 3 sutkaga qamaldi
- Davlat rahbari yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi
- Oʻzbekiston Energetika vazirligi va “Gazprom” kompaniyasi oʻrtasida gaz sohasida hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritasi” imzolandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring