Sohir tuygʻular kuychisi 80 yoshda
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Sher tavalludining 80 yilligiga bagʻishlangan “Jonim kabi sevdim Vatanni!” nomli maʼnaviy-maʼrifiy kecha boʻlib oʻtdi.

Kechada yozuvchi-shoirlar, ijodkorning muxlislari, oila aʼzo va yaqin doʻstlari, talaba yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirni Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid olib bordi. Kecha davomida Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Oʻzbekiston xalq yozuvichi Muhammad Ali, adabiyotshunos olimlar Suvon Meli, Bahodir Karim, Qozoqboy Yoʻldoshevlar soʻzga chiqib Abdulla Sheʼrning bosib oʻtgan hayot yoʻli, ijodi borasida gapirishdi.

Darhaqiqat, Abdulla Sher oʻzining otashin sheʼrlari, bir-biridan goʻzal dostonlari, tarjimalari bilan oʻzbek adabiyotiga katta ulush qoʻshgan ijodkorlardan biri, desak mubolagʻa emas. Shoir bugun sakson yoshga toʻldi, sakson dovondan oshdi, sakson bahoru kuzni oʻz umrining daftariga, insonlar qalbiga soʻz vositasida gohida mahzun, gohida masrur bitiklar bilan muhrlab qoʻydi. Istiqlolimiz arafasida shoirga Oʻzbekiston xalq shoiri unvoni berilishi Abdulla Sheʼr bosib oʻtgan yoʻlning, oʻtkazgan umrning, soʻz ishqidagi har bedor kechaning munosib bahosi boʻldi.

— Chinakam shoir odamning koʻnglini butun qiladi, — dedi adabiyotshunos olim Qozoqboy Yoʻldoshev. — Abdulla Sher oʻz bitiklari bilan odamlarga goʻzallik, adolat, haqiqatni, baxtli va sururli tuygʻularni hadya etadigan ijodkordir. Uning sheʼrlari kitobxonni goʻzallikni axtarishga undaydi. Abdulla aka yoʻq joydan bir dunyo goʻzallik topa oladi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Sher ijodiga bagʻishlangan adabiy anjumanlar Toshkent viloyatida, mamlakatimizdagi oliy oʻquv yurtlarida, maktablarda, kutubxonalarda davom etadi.
Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring