Sharbatga toʻlgan quva anorzorlari

Quvalik mirishkorlar anorni mevalar qiroli deyishi bejiz emas. Dunyoda anorning 500 turi boʻlsa, yurtimizda, xususan, Quva tumanida uning 250 ta navi parvarishlanmoqda.
Bogʻbonlar bilan suhbatlashsangiz, anor yetishtirish uchun nihoyatda nozik did, nazokat, mehr kerakligini taʼkidlashadi. Yer moʻl boʻlishiga qaramay, tumanning hamma joyida ham anor birdek yaxshi hosil beravermaydi. Anorning oʻzi suyadigan joyi – Vatani boʻladi. Anor yoz saratoni, qish qahratonidan saqlaydigan iqlimi moʻtadil, hamisha mayin shabada esib turadigan yerlarga ekiladi.
Bugun Quvada ota-bobolardan meros bu kabi hayotiy tajribalar ilm-fan yutuqlari, innovatsiyalar asosida rivojlanib borayotgani eʼtiborga molik. Ayni paytda tumanda 2 ming 850 gektar anorzorlar mavjud. Unda 7 ta MFYdagi 12 mingdan ortiq xonadon anorchilikka ixtisoslashgan. Aholi tomorqasida 1 ming 100 gektar anor bogʻlari bor. Anor yetishtirishda tumanning Fargʻona viloyatidagi ulushi qariyb 60 foizni tashkil etadi.
Birgina joriy yilda Quvada 37,8 ming tonna anor hosili olish, uning 2,7 ming tonnasini eksport qilish orqali 3,5 million dollar daromad olish koʻzda tutilgan. Shu kunlarda Quva anorzorlarida “Qayum”, “Tuya tish”, “Qora dona”, “Qizil poʻchoq”, “Nordon anor” koʻzni quvnatadigan darajada qizillikka burkangan. Oltin kuz ona zaminga oʻz sepini dasturxon qilib toʻshaydigan tarovatli oqshomlarda bogʻlarda anorlar “tars, tars...” yorilgan. Bu jannatmakon diyorimiz mevalari kuzgi shudringda yanada sharbatga toʻlib pishganidan dalolat.
Masturaxon Sayfuddinova qirq besh yildan buyon shu anorzorlar malikasi. Quvaning qurib-qaqshab yotgan yerlarida bepoyon anorzorlar barpo etdi. Oʻz vaqtida Sharof Rashidov Quva anor bogʻlariga tashrif buyurib, Fargʻonaning dilbar qizi Masturaning bogʻdorchilikdagi dastlabki yutuqlarini yuksak eʼtirof etgandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida bir necha bor ushbu bogʻlarda boʻlib, Quva anorchiligini ilm-fan yutuqlari asosida rivojlantirish boʻyicha bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Shu tariqa zavolga yuz tutayotgan anorchilik tarmogʻiga ikkinchi hayot baxsh etildi.
— Endilikda shunchaki tabiat hodisalariga qarab emas, ilm–fan, innovatsiya gʻoyalari asosida dehqonchilik qilishni oʻrgandik, — deydi “Quva anori” agrofirmasi rahbari Mastura Sayfuddinova. — Bugungi kunda 10 nafarga yaqin yosh olimlar anorchilik sohasida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Mastura opa kelin tanlashda ham anorchilikni unutmadi. Hozirda xonadonidagi erka kelini yosh olima – anorchilik sohasi boʻyicha mutaxassis.
– Anorning turli kasalliklarga qarshi foydali xususiyatlari koʻp. Buni tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda olib borgan ilmiy izlanishlarimiz isbotlaydi, – deydi quvalik yosh olim Husniddin Samiyev. – Hozirda danaksiz, mahalliy iqlim sharoitiga mos, eksportbop anor navlarini koʻpaytirib, tadbirkorlarni yangi anorzorlar barpo etishiga koʻmaklashyapmiz.
Quvadagi “Nasimxon Mohinur baraka” fermer xoʻjaligidagi 4 gektar anor bogʻida joriy yilda yosh olimlar koʻmagida “Qayum”, “Ozarbayjon shirin”, “Oltiariq achchiq” kabi navlardan barakali hosil yetishtirildi. Fermer xoʻjaligi boshligʻi Akramjon Sulaymonov 4 tonnadan ziyod mahsulotni eksport qilishni maqsad qilgan.
Keyingi yillarda Quva tajribasi boʻyicha mamlakatimizning koʻplab viloyatlarida zamonaviy mezonlar asosida anor plantatsiyalari barpo etildi. Bu ishlarda qishloq xoʻjaligi vazirligi mutaxassislari, ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalari professor – oʻqituvchilari bilan birga Mastura opa Sayfuddinova ham yelkadosh. Anorchilik sohasida ilmiy qoʻllanma sifatida opaning hammuallifligida kitob ham nashr etildi. Maqsad anorchilikni qishloq xoʻjaligining serdaromad sohalaridan biriga aylantirishga qaratilgan.
Ayni paytda hududda saralash va qadoqlash, qayta ishlash hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlari faoliyati ham kengayib bormoqda. Aytaylik, “Uz Segang” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 10,2 million dollar boʻlgan loyiha doirasida 600 gektar yerda intensiv bogʻ tashkil etildi. Yiliga 20 ming tonna mahsulotni saralash va qadoqlash quvvati ishga tushirildi. Jahon bozorida Quva anori brendini yanada mashhur qilish boʻyicha allaqachon dadil qadamlar tashlangan.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring