Sanʼat xotirlamoqdir
“Xalq soʻzi” gazetasi yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tahririyat rasmiy veb-sayti Madaniyat rukni ostida «Yosh ijodkorlar gurungi»ni tashkil etgan edi.
Unda yosh shoir, nosir va tarjimonlarning ijodiy ishlari eʼlon qilib borishda davom etamiz.
Navbatdagi mehmonimiz yosh ijodkorlar orasida koʻp tillarni mukammal bilishi va xorij adabiyotidan oʻzbek tiliga qilgan tarjimalari bilan tanilib kelayotgan umidli tarjimon Mirzohid Muzaffardir.
Mirzohid Muzaffar – 1999-yil Toshkent shahrida tugʻilgan. Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Sahna va ekran dramaturgiyasi fakulteti talabasi. Yosh tarjimonning sheʼr va hikoyalari, shuningdek, ingliz, rus, turk, ozarbayjon, fransuz va ispan tillaridan qilgan tarjimalari respublika nashrlarida muntazam yoritib boriladi. U amerikalik shoir Gyoke Marinayning “Qirq olti sahifa” nomli sheʼriy toʻplamini tayyorlab, kitobxonlarga havola etgan. M.Muzaffar ayni paytda Adabiyot va freydistik psixoanaliz mavzusida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. U mashhur rus rejissyori Andrey TARKOVSKIY bergan intervyularidan birini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Quyida ushbu suhbat bilan tanishishingiz mumkin.

– Andrey Arsenovich, sizni hozirgina “Bolalar dunyosi” doʻkonidan olib kelishdi, shunday emasmi?
– Mening sakkiz yashar oʻgʻlim bor. Qachon safarga chiqsam, unga albatta nimadir olib boraman. Oʻgʻlimning oʻrganishga ishtiyoqi baland. Turli qurilmalarga, texnik uskunalarga qiziqadi. Haligi doʻkonga ham unga sovgʻa olay deb borgandim.
– Ayni dam bolalar uchun harbiy mashinalar, qiruvchi samolyot va avtomatlar ham oʻyinchoq koʻrinishida sotilyapti. Siz bu holatga qanday qaraysiz?
– Meni bunday narsalar qiziqtirmaydi. Uyga ham olib bormayman.
– Sir emaski, siz ishlagan barcha filmlarda bola obrazi bor, hatto diplom ishingizda ham...
– Toʻgʻri, biroq menimcha diplom ishimni repertuarimga qoʻshish shart emas. Undan koʻnglim toʻlmagan.
– Siz yaratgan mashhur personajlar, masalan «Ivan», «Andrey Rublyov» yakunidagi bola obrazi... Xoh «Solyaris» filmida boʻlsin, xoh “Koʻzgu” da. Bu bolalarning bolaligingizga muayyan darajada aloqador, toʻgʻrimi?
– Keling, sizga bir sirni aytay. Ijod men uchun butunicha yodga olish jarayoni. Sanʼat xotirlamoqdir. Mening bolaligim – mening ish qurolim, materialim. Agar siz kaminani bir ijodkor oʻlaroq eʼtirof etayotgan boʻlsangiz, demak, buning sababi men oʻz bolaligimni badiiylashtira olganimda deb bilaman. Sanʼat deganlari shu...
– «Ivanning bolaligi»ga qaytsak. Menga siz oʻzingiz Ivanning prototipi boʻlgandek tuyulaveradi. Chindan shundaymi?
– Filmdagi hodisalar Ikkinchi jahon urushini tasvirlaydi. U vaqtlar men oʻn ikki yosh oʻspirin edim. Adashmadingiz, Ivan bu oʻz botiniy avtoportretim. Otam urushdan ogʻir yarador boʻlib qaytgandi. Uning “odam” boʻlib ketishiga umid deyarli yoʻq.
Biroq umuman olganda hayotdagi «Ivan» bilan kinodagi Ivan toʻlaqonli bir odam ham emas. Axir, buning iloji yoʻq... Xotirani boricha qogʻozga koʻchirmoq amalda imkonsiz. Tanqidchi va tomoshabinlar meni Ivan obrazi bilan solishtira turib doim bir xil degan xulosaga kelishadi. Ammo haqiqat tanganing boshqa tarafiga oʻyib yozilgan. Men oʻsha muhitda yashaganman, his qilganman, iztirob chekkanman, faqat, yagona farqi shuki, axborot badiiylashtirilganida ozroq oʻzgaradi va boshqa shaklga kiradi. Garchi mohiyat shikastlanmasa-da, lekin rang, qolip va mezon oʻzga koʻrinishga keladi.
– Ivanning ruhiy biografiyasini oq-qora kadrlarga joylash va oʻzingizni u bilan yuzma-yuz qoʻyish gʻoyasi qachon tugʻilgan?
– Bu filmning yaralishi juda qiyin kechdi. Ayni diplom ishimni muhokamaga topshirgan va rad etilgan vaqtlarim edi. Ishlashga majolim qolmagan kunlar... Biroz oʻtib eshitib qoldimki, «Mosfilm» bir loyihani yarmida toʻxtatib qoʻyibdi. Senzura mazkur loyiha rejissyorini ishdan chetlashtirgandi. Tabiiyki, mendan avval uni yakuniga yetkazish uchun koʻp rejissyorlar taklif qilingan, chunki Tarkovskiyni hali hech kim tanimasdi. Ssenariy Bogomolovning «Ivan» hikoyasi asosida yozilgan boʻlib, filmning yarmidan koʻpi tayyor. Menga esa qolgan ashyolar bilan kinoni tugatib qoʻyish soʻraldi. Smetadagi pulning uchdan ikki qismi esa ishlatib boʻlingan.
Ssenariyni qaytadan yozib chiqdim, suratga olish guruhi va aktyorlarni butkul oʻzgartirdim. Bu chala ishni boʻynimga olish uchun ikkita sababim bor edi: birinchisi, Nikolay Burlyayev, ikkinchisi, ssenariyni oʻqiyotgan paytimda tugʻilgan qiziqish, yaʼni bosh qahramon Ivanni oʻz tushlari bilan yolgʻiz qoldirish istagi...
– Venetsiya film festivalida sizga bosh mukofotni taqdim qilishdi. Mukofotni qabul qilib olish paytida ichingizdan nimalar kechdi?
– Men atigi yigirma toʻqqiz yoshli yigitcha edim, xolos. Mukofot kutilmaganda qarshimdan chiqdi. Buyogʻini soʻrasangiz, nomzodlar ichida Pazolinidek purviqor nomlar ham bor edi. Mukofotdan umid ham qilmayotgandim, biroq... Mayli, men bunday dabdabalarga jiddiy yondashmayman.
– Endi esa soʻngi paytlarda mashhurlik shohsupasiga chiqqan “Koʻzgu” filmi haqida...
– Bu film xususida nimadir deyishim qiyin. Chunki, unda biografik elementlar mavjud boʻlib, kadrlar asl voqelik aro aylanib yuraveradi.
“Koʻzgu” da bironta toʻqima obraz yoʻq. Epizod - epizod xotira... Men ushbu loyihaga serqatlam, murakkab qurilish tizimiga ega asar oʻlaroq qarolmayman.
Qizigʻi shundaki, tomoshabinlarning koʻpi “Koʻzgu”ni tushunilishi qiyin, bu filmni anglab olmoq uchun maxsus tayyorgarlik kerak deydi. Bundan kelib chiqadiki, estetik tahsil olmagan odamlar uchun bu film ancha sodda tuyuladi va tezda tushuniladi. Kimki ijtimoiy sohada taʼlim olgan boʻlsa, oʻzini shaxsiy did va qarashlariga ega, xoslar davrasining bir boʻlagi deb oʻylaydi va mana shu oʻylovning oʻzi eng katta qiyinchiliklarga yoʻl ochib beradi. Eslayman, qaysidir klubda kino tahlilidan gap chiqdi. Bahslarimiz choʻzilib ketdi. Klub xodimasi birdan qoʻl siltadiyu, tahlilda bu qadar chuqurlashib ketish yaramaydi, dedi. Ortiqcha maʼno yuklashning nima keragi bor? Aslida, film oʻlimning beshafqat haqiqati bilan qarama-qarshi turgan odam haqida. U shunday odamki, oʻtmishdagi qilmishlari uchun pushaymon, ammo afv soʻrash uchun endi kech...
– Fellini bilan oralaringda qanday farq bor deb oʻylaysiz?
– Fellini bilan taqqoslash qay darajada toʻgʻri yo notoʻgʻri, bundan xabarim yoʻq. Fellini filmlarida shaxsiy muammolarini, kirib qolgan boshi berk koʻchalarini oʻrtaga tashlaydi. Menikilardagi muammo esa bilvosita obrazlarning muammosi sanaladi. Ularning oʻz yaqinlari bilan oʻz fojialari, qoʻrquv va kelajak kunlari haqida suhbatlari joy olgan filmlarimda. Umumiy qilib aytsak, ishlagan asarlarimda hech qachon “men” shaklida koʻrinmaganman. Hatto ular biografik boʻlsa ham. Biografik filmlarimda oʻzimni qoʻshish bugun malol keladi. Nari borsa, ichki “men”imni obrazlarga sochib tashlashim mumkin. Hech qaysi qahramonimni koʻrsatib mana shu Tarkovskiyning xuddi oʻzi deyolmaysiz. Darhaqiqat, Fellini uslubi bilan mening tanlagan yoʻlim oʻxshash boʻlishi mumkin, biroq ikkovimizning ham kino, kinodagi holatlarni tasvirlash tilimiz turlicha. Har bir rejissyorning faqat oʻzigagina xos film tili boʻlishi kerak. Buni rejissyor imzosi deyish ham mumkin. Men biron asarimni muayyan maqsad yoʻlida yaratmaganman. Bunday qilsam, tushunilishi qiyinroq kechadi yo boshqacha olsam, yana-da soddalashadi degan oʻy-fikrlar menga begona. Hech qachon tomoshabinni oʻylamaganman. Tomoshabin saviyasini oʻylab ishlangan film istalgan shaklga kira olishi, istalgan narsa boʻlishi mumkin, biroq sanʼat boʻlolmaydi.
– Musiqalarni qanday tanlaysiz?
– Filmda musiqaning salmoqli oʻrni bor, ammo men undan dramatik element yo mayda detal sifatida foydalanmayman. Misol uchun, “Koʻzgu” filmidagi musiqa tasvirga ilova sifatida gʻamgin ruh yuklashi yo sahna quvvatini oshirish uchun maqsadli ravishda qoʻllanilmagan.
Iogann Sebastyan Baxning musiqasini tanladim, chunki u mening ruhiy ohanglarimga mos tushadi va koʻrib turganingizdek, u “Koʻzgu”ning jontomiriga aylana olgan Musiqa filmga qoʻshilmasin, balki u filmning oʻziga aylansin. Aytmoqchimanki, musiqa kiyimdek kiyilishi emas, qoʻl yo oyoq kabi tabiiy aʼzo oʻlaroq tushunilishi kerak. Ohanglar shuurimdagi koʻrinishlar bilan yaxlitlashadi va tasvir ovozga evriladi. Taʼkidlash joizki, foydalanilgan musiqa “Koʻzgu” vujudidagi teri vazifasini oʻtagan.
– Soʻnggi savolim: bundan keyin nima qilmoqchisiz?
– Bu haqida aniq bir toʻxtamga kelganimcha yoʻq. Rejalar oʻzgarishi mumkin, lekin shuni ayta olamanki, Italiyadagi bir kinoshirkatdan “Italiya sayohati” nomli loyihaga buyurtma olgandim. Shuning ustida ishlasam kerak.
Keyin esa meni oʻta qiyin va bajarilishi shart boʻlgan ish kutib turibdi. Dostoyevskiyning “Telba”si asosida bir film ishlasam deyman... Albatta, ish bunga mos aktyorlarni tanlash asnosida ancha keyinga surilishi ham mumkin. Eng avval Knyaz Mishkin va Anastasiya Fillipovna obrazlari uchun mos qiyofa topish zarur. Dostoyevskiy qahramonlarining dunyosi murakkab va teranligi sir emas. Asarning asos gʻoyasi ham aynan shu obrazlar ijrosiga bogʻliq. Ehtimol, bu film hech qachon suratga olinmas va bunga sabab uygʻun aktyor topilmasligi boʻlar...
Hozir men siz bilan kelajak, rejalar va niyatlar haqida bamaylixotir gaplashib oʻtiribmizu... Ammo eng dahshatlisi nima, bilasizmi? Bu... Hech narsa biz oʻylaganchalik sodda emasligi va men maqsadlarimga yetisha olmasligim mumkinligini bilishim. Eng yomoni shu.
– Mazmunli suhbat uchun tashakkur.
– Men ham minnatdorman.
Lidiya Ersova suhbatlashdi
1979-yil, Riga
Rus tilidan Mirzohid Muzaffar tarjimasi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring