Samimiy tuygʻular kuychisi
Arxiv surat
Sogʻinch
Bahorning ilk kunida xalqimizning suyukli farzandi, Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavallud topgan. Tuygʻularning rangin olamini zoʻr mahorat bilan soʻzga, misralarga joylay olgan hassos shoira nafaqat milliy, balki dunyo adabiyotida ham oʻziga xos oʻringa ega. Jahon xalqlari, sheʼriyat muxlislari, dunyo adabiy jamoatchiligi Zulfiya siymosida teran tafakkurli, yuksak maʼnaviyatli, maʼrifatparvar oʻzbek onasi, Oʻzbekiston shoirasini tanidi. Yurtimizda uning sheʼriy toʻplamlari, kitoblarini oʻqimagan, tong, bahor, tabiat, mehr va sadoqat kuychisining nafis va dilbar, samimiyatga toʻla sheʼrlaridan zavqlanmagan kitobxonni topish mushkul. Zulfiya sheʼrlari vatanparvarlik, fidoyilik, xalqparvarlik, hayotni sevish, saodatli va yorugʻ kunlarning qadriga yetish, bir-birimizni avaylashdan saboq beradi.
Zulfiya ibratli hayoti bilan har bir oʻzbek ayoli uchun mehr va sadoqat, vafo va matonat timsoliga ham aylangan. Shu bois uning nurli siymosi maʼnaviyatimiz osmonida yorqin ziyo taratib turadi.
BOGʻLAR QIYGʻOS GULDA
Bogʻlar qiygʻos gulda — yaxlit bir chaman,
Har daraxt anvoi bir tarovatda.
Bir kaft bogʻ mehnatu hosilga vatan,
Oʻzga koʻrk, oʻzga rang har bir daraxtda.
Har navda bir gulda, har gulda bir boʻy,
Har daraxt bargi bir dunyo hikoya,
Har birin hosili oʻzgasiga koʻrk,
Biri biri uchun qudrat, himoya.
Vatanim koʻzimda: qay burchi aziz,
Bilmam, qayda tole serzavq, serjilo?
Yalpi toʻlishadi bedaxl yurtimiz,
Naq har qarichi dil, jon tomir goʻyo.
Bir qardosh tinchsiz — oʻzga beorom
Birining nonisiz — oʻzga emas toʻq…
Bu — qadim dunyoda yangi bir olam,
Bunda orqa togʻsiz bir tirik jon yoʻq.
Tayanch boʻlmasaydi odamzod albat,
Oʻzi kashf etardi, kashf etganday baxt.
SULUV TONG
Erta bahor edi, butun tabiat
Yashil baxmal bilan yopilgan edi;
Yomgʻir suvlari-la yetilgan yerlar
Kuchli qoʻllar bilan chopilgan edi.
Togʻlar etagida, qirlar koʻksida
Sekin chayqalardi lola dengizi.
Ekin yerlarida edi namoyon
Bahorgi mehnatning hosildor izi.
Kuychi ariqlarning boʻyida jiyda
Mayin taratganda atir boʻyini,
Kumushday barglarda boshlanganida
Tonggi shabnamlarning jilva oʻyini;
Men lola tergali chiqdim dalaga,
Ketdim maysalardan olmay koʻzimni.
Qalbim osoyishta, koʻnglim begʻubor,
Oftob nurlari silar yuzimni.
Yengil borar edim marzalar boʻylab,
Qushlar uchar edi koʻm-koʻk havoda,
Suvlar oʻz kuyiga borligʻim oʻrab
Erkin oqar edik shirin navoda;
Qaydan paydo boʻldi, bilmayman hali,
Qarshimda bir barno yigitni koʻrdim.
Shu on koʻkragimda bir narsa yonib,
Uning otashida men behol turdim.
Butun avzoyimda oʻsha oʻt yurdi,
Koʻzim unga toʻndi, tilim boʻldi lol,
Hamon sochar edi boʻyini jiyda,
Suvlar oqar edi ariqda zilol...
Asta burildimu buloq labiga,
Shaffof suvlariga yuvdim yuzimni.
Uning zamzamali oyinasida
Goʻzal va baxtiyor koʻrdim oʻzimni.
Hovuch-hovuch olib muzdek suv ichdim,
Lekin haroratni etdi ziyoda.
Yuragim oʻrtandi behad, beomon,
Goʻyo gʻarq boʻlgandim oʻtli daryoda.
Oʻsha oʻtli daryo zoʻr toʻlqinida,
Totli bir lazzatda par kabi oqdim.
Yurak kuyga kirdi ishq yolqinida,
Shu ishq kitobiga ilk marta boqdim.
Shundan beri oʻtdi qancha bahorlar,
Qancha marmar tongning chiqdi quyoshi.
Behad suluv edi, koʻp suluv edi —
Mening yuragimning ishq tongin boshi.
Har bahor faslining shunday tongini
Yulduzlar ketmasdan kutaman bogʻda.
Goʻzal xotirotga toʻladi qalbim,
Yellar suluv tongni eslatgan chogʻda.
Goʻyo keltiradi sabo, quyosh, gul
Yoshlik bahoridan cheksiz nashida,
Sevgi parisiday erkalar meni
Atirday boʻyini sochganda jiyda.
ZULFIYA,
Oʻzbekiston xalq shoiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring