Samarqandda yangi korxona ishga tushirildi

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Bugun Samarqandda yirik investitsiya loyihasi — zamonaviy rux va polimer qoplamali metall mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda viloyat rahbari Adiz Boboyev ishtirok etdi va ushbu korxona mintaqada metallurgiya sanoatini rivojlantirishda muhim qadam boʻlib, mahalliy iqtisodiyotga yangi turtki berishini taʼkidladi.
Hozirgi kunda Samarqand metallurgiya zavodida qoplamali prokat ishlab chiqarish uchun yillik quvvati 120 ming tonna boʻlgan ikki dona uzluksiz ruxlash agregati va ikki dona polimer qoplama agregati ishlamoqda. Boʻyalgan prokat ishlab chiqarishga taxminan 90-95 ming tonna ruxlangan metall rulonlar yoʻnaltiriladi, qolgan hajm tovar mahsulotlari sifatida sotiladi.
Yangi korxona eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan boʻlib, yuqori sifatli, xalqaro standartlarga javob beradigan ruxlangan va polimer qoplamali metall mahsulotlari ishlab chiqarishga qodir. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 500 ming tonnani tashkil etadi. Bu koʻrsatkich 2026-yilga borib 600 ming tonnaga oshiriladi.
Shuningdek, uzluksiz ruxlash agregati va polimer qoplama agregati liniyalari bilan birga yillik quvvati 1,2 million tonna boʻlgan sovuq prokatlash agregati ham ishga tushirildi.
— Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, zavodda 2018-2022-yillarda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda umumiy qiymati 110 million dollarlik loyihalar amalga oshirilgan. Bu mablagʻning 33 million dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyadir, — deydi Samarqand metallurgiya zavodi bosh direktorining rivojlantirish va investitsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Odiljon Boltayev. — Dastlab 2018-yil dekabrda rux va polimer bilan qoplangan metall listlar tayyorlash boshlangan boʻlsa, ikkinchi bosqichda 2021-yildan metall quvurlar va profillar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. 2022-yil fevraldan issiq oʻramali metall listlar va qurilish uchun profillar ham ishlab chiqarilmoqda.
Ushbu mahsulotlar import oʻrnini bosishi va eksportbopligi bilan ahamiyatli. Samarqand metallurgiya zavodida ikkita shunday – rux va polimer qoplamali metall mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi mavjud boʻlib, ularda 400 nafarga yaqin ish oʻrni yaratilgan.
Yangi quvvatning ish boshlashi munosabati bilan boʻlib oʻtgan tadbirda ishtirok etgan xitoylik investorlar, viloyat va shahar hokimligi hamda keng jamoatchilik vakillari korxona imkoniyatlari bilan tanishib, uning faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring