Samarqandda V Milliy kasblar chempionati boshlandi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqandda “Worldskills Samarkand — 2025” V Milliy kasblar chempionati boʻlib oʻtmoqda. Chempionatning ochilish marosimida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Shohruh Daliyev, Ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi boshqaruv raisi Farruhjon Joʻrayev, Shveysariyaning Oʻzbekistonda kasbiy taʼlim islohotlarini qoʻllab-quvvatlash loyihasi rahbari Simone Strasburger va boshqalar soʻzga chiqib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Worldskills Uzbekistan” ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan musobaqada respublikamizning barcha viloyatlaridan 146 nafar ishtirokchi 4 ta kasb (hamshiralik ishi, santexnika texnologiyasi, payvandlash texnologiyasi hamda elektromontaj) boʻyicha oʻz mahoratini sinovdan oʻtkazmoqda. Chempionat shartiga koʻra, har bir viloyatdan bitta kasb boʻyicha bitta taʼlim muassasasidan 1 nafar oʻquvchi va 1 nafardan ekspert oʻqituvchi qatnashmoqda.
Ishtirokchilarga qulay boʻlishi uchun xalqaro darajadagi asbob-uskuna va jihozlar keltirilgan. Jarayonni 19 nafar oʻzbekistonlik, 12 nafar Qozogʻiston, Shveysariya va Germaniyaning “ESAB” kompaniyasi vakillari ekspert sifatida baholab bormoqda. Musobaqa nizomiga muvofiq, musobaqada 1-, 2- va 3-oʻrinlarni qoʻlga kiritgan ishtirokchilar joriy yilning 23-27-noyabr kunlari Tayvanda tashkil etiladigan “WorldSkills Asia Competition Taipei 2025” xalqaro kasblar chempionatida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.
“WorldSkills” musobaqasi ilk bor 1947-yilda Ispaniyada Ikkinchi jahon urushi natijasida vayron boʻlgan davlatlarning ayrimlarida yoshlar uchun yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida tashkil etilgan. Ishchi kasblar boʻyicha jahon chempionati har ikki yilda bir marta oʻtkaziladi va “ishchilar uchun olimpiada” deb ham nomlanadi. 2017-yilda Birlashgan Arab Amirligida “WorldSkills Abu Dhabi 2017”, 2019-yilda Rossiyaning Qozon shahrida “45 WorldSkills” musobaqalari boʻlib oʻtgan. Musobaqada 17 yoshdan 22 yosh yoshgacha boʻlgan yoshlar ishtirok etadi.
— Kasblar chempionatining payvandlash texnologiyasi boʻyicha ilk bor qatnashyapman, — deydi Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 2-son politexnikum oʻquvchisi Sardorbek Egamberdiyev. — Pechkalarni yasashda foydalaniladigan qattiq jismga payvandlash ishlarini olib bordim. Ishimni xorijlik ekspertlar yuqori baholadi. Nasib qilsa, keyingi bosqichlarda ham yuqori natijaga erishib, Tayvanda 40 ta davlat vakillari ishtirokida oʻtkaziladigan xalqaro ishchi kasblar chempionatiga yoʻllanma olaman.
Milliy kasblar chempionati 31-yanvarga qadar davom etadi. Musobaqa doirasida milliy kasbiy taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangiliklar, erishilgan natijalar, tajribalar va oldimizda turgan dolzarb vazifalar boʻyicha professional mutaxassislar ishtirokida “Oʻzbekistonda kasb-hunar taʼlimi tizimini yanada rivojlantirish” mavzusida forum ham oʻtkaziladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring