Saxovatli Senat aʼzosining tuhfasi

16:15 05 May 2020 Jamiyat
929 0

2020-yil – Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili

Ragʻbat. Bu soʻzni agar chuqur bilim olishga ahd qilgan, oldiga katta maqsadlarni qoʻyib harakat qilayotgan yoshlarga nisbatan qoʻllasak, bu ularning kelajagi uchun mustahkam poydevor vazifasini oʻtashi mumkinligini tasavvur etish qiyin emas. Shu bois isteʼdodlilarni qoʻllab-quvvatlash, ularga ragʻbat berish jamiyat va davlat ravnaqining yana bir jon tomiri boʻlib kelgan. Bunday ezgu amal nufuzli vazifalarda faoliyat olib borayotgan hamyurtlarimizning ham odatiy ishiga aylangan.

Taʼkidlash joizki, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Nosirbek Abdullaxanov nafaqat ishning koʻzini biladigan tadbirkor, balki saxovatpesha inson sifatida Namangan ahliga yaxshi tanish.

Qutlugʻ Ramazon kunlarida u yana bir xayrli ishga qoʻl urdi. Ayni paytda Namangan axborot texnologiyalari va transport kasb-hunar kollejining bitiruvchisi boʻlgan Alisher Abduolimov bilan suhbatlashib, uning shu kungacha erishgan yutuqlari bilan tanishdi va unga noutbuk sovgʻa qildi.

Alisher oʻrta taʼlimni Namangan shahridagi matematika va ingliz tili chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladigan 58-ixtisoslashtirilgan davlat umumiy oʻrta taʼlim maktabida olgan. U xorijiy tillarni oʻrganishga va axborot texnologiyalariga qiziqadi. Shu kungacha bir qator yutuqlarni qoʻlga kiritdi. Jumladan, 2017-yilda “SoloLearn” xalqaro onlayn maktabini 3 ta dasturlash tili – C++, Java, JavaScript dasturlash tillari boʻyicha muvaffaqiyatli tugatib, sertifikatlar bilan taqdirlangan boʻlsa, 2019-yil 17-mayda C++ dasturlash tili boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro tanlovda yuzdan toʻqson ball toʻplab, gʻolib boʻldi va “Alison” akademiyasi sertifikati sohibi boʻldi. 2019-yil noyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Bir million oʻzbek dasturchilari” tanlovining bir necha bosqichida ishtirok etib, har biridan muvaffaqiyatli tarzda qatnashuvchi va bitiruv sertifikatlarini oldi hamda “Udacity”ning “Nanodegree” dasturida qatnashish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.

Alisher koreys va ingliz tillarida erkin soʻzlasha oladi, 2018-yilda Toshkent shahridagi Koreya elchixonasi qoshida tashkil etilgan oʻquv markazida taʼlim olib, yuqori ball bilan bitiruv sertifikatini oldi. 2019-yil noyabrda xalqaro koreys tili bilim darajasini aniqlash imtihoni (TOPIK) dan 4-darajalik sertifikatni qoʻlga kiritdi. U kollejni tugatib, Koreya davlatining Seul milliy ilm-fan va texnologiya universitetida axborot texnologiyalari yoʻnalishida oliy taʼlimni olish niyatida.

“Bunday ragʻbat, qoʻllab-quvvatlash koʻnglimda minnatdorlik hissini uygʻotish barobarida, kelgusida shu yurt, shu xalq uchun bor kuch, bilim va imkoniyatimni sarf etishdek maqsadimni yana-da qatʼiylashtirdi”, — deydi A. Abduolimov.

Sanjarbek HAMIDOV

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?