Registon maydonida “Samarqandda taʼlim tarixi” koʻrgazmasi ochildi

Mirzo Ulugʻbek madrasasi tashkil etilganining 600-yilligi munosabati bilan Registon maydonida “Samarqandda taʼlim tarixi” koʻrgazmasi ochildi.
Koʻrgazma davomida turli davrlarda taʼlim tizimining shakllanishi va rivojlanishi, uning shakli, tizimi, moddiy taʼminoti haqida batafsil maʼlumot beriladi.
Koʻrgazmaning ochilish marosimida viloyat hokimi E. Turdimov va SamDU rektori R. Xolmurodov soʻzga chiqib, Mirzo Ulugʻbekning jahon ilm-fani rivojiga qoʻshgan hissasi, astronomiya fanidagi ulkan kashfiyotlari, avlodlarga qoldirgan bebaho merosi xususida soʻz yuritishdi. Rasmiy marosimdan soʻng, mehmonlar koʻrgazmaga qoʻyilgan eksponatlar bilan yaqindan tanishishdi.
Qadim zamonlardan hozirgi kungacha Samarqandda taʼlim tizimining rivojlanish dinamikasiga bagʻishlangan koʻrgazma mehrob oldida oʻrnatilgan Samarqandlik mashhur hattot Abdujalil Ergashev va Aziza Sobirovalar tomonidan samarqand qogʻoziga arab alifbosining suls uslubida yozilgan, tillo suvi bilan ziynatlangan 302 varaqdan iborat 60x80 santimetr hajmda boʻlgan Oʻrta Osiyoda ilk bor Qurʼoni Karim kitobi qoʻlyozmasi bilan tanishishdan boshlandi. Shundan soʻng mehmonlar ekspozitsiyada taʼlimning rivojlanishida muhim manba hisoblangan sifatli qogʻoz ishlab chiqarish, Samarqand qogʻozining butun dunyoga tarqalishini oʻzida aks ettirgan xaritani koʻzdan kechirishdi.
Mazkur ekspozitsiya qadim zamonlardan hozirgi kungacha Samarqandda taʼlim tizimining rivojlanish dinamikasiga bagʻishlanadi. Taʼkidlash joizki, Ulugʻbek madrasasi Registon maydonidagi eng qadimiy madrasa boʻlib, Temuriylar davlati hukmdori va astronom olim Ulugʻbek tomonidan bunyod etilgan. Ushbu inshoot qurilishi Samarqandga Oʻrta asr Sharq fanining asosiy markazlaridan biri sifatida shuhrat keltirdi.
Mirzo Ulugʻbek Temuriyzodalar ichida fan va madaniyat taraqqiyotiga eng koʻp va salmoqli hissa qoʻshgan hukmdordir. Uning qilgan eng buyuk ishi Samarqand astronomiya maktabi - oʻsha davr muhim ilmiy markazini barpo etganligi boʻldi. Ulugʻbek madrasasi va rasadxonasi jahon madaniyati va fani tarixida ulkan ahamiyat kasb etdi, mamlakat ravnaqiga xizmat qildi. Shuning uchun ekspozitsiyadan Mirzo Ulugʻbek tomonidan qurdirilgan rasadxonaning maketi ham oʻrin olgan.
— Koʻrib turganingizdek, bu yerda XIX-XX asrlarda Registon maydoni va madrasalarining koʻrinishi, taʼmirlash jarayonlari koʻrsatilgan, — deydi Registon ansambli direktori X. Samarov koʻrgazmaga qoʻyilgan eksponatlar bilan tanishtirar ekan. — Bu yerda esa “Mirzo Ulugʻbekning ilmiy va shaharsozlik merosi” nomli ekspozitsiya tashkil etilgan. Roʻparangizdagi fotosurat Mirzo Ulugʻbekning taxminiy surati boʻlib, rassom Malik Nabiyevning tasavvuri asosida yaratilgan. Bilamizki, Mirzo Ulugʻbek buyuk Sohibqiron Temurning bunyodkorlik ishlarini davom ettirgan. U oʻz davrida koʻplab madrasalar, masjid va honaqo xamda hammomlar qurdirgan.
Xususan, u oʻz rasadxonasini 34 yoshida qurdiradi. Ulugʻbek madrasasining hovlisi markazida Ulugʻbekning astronomik maydonchasi boʻlgan. Bu yerda Ulugʻbek oʻzining ustozlari Gʻiyosiddin Jamshid va Qozizoda Rumiylardan falakkiyot ilmidan saboq olgan. Ulugʻbek rasadxonasini borib tomosha qilishga ulgurmasangiz, shu yerdan turib galereya orqali kuzatish imkoniga egasiz. Yuqoriga, shiftga qarasangiz, Ulugʻbekning yulduzlar xaritasini tomosha qilishingiz mumkin. Bu yerda esa Registon maydonidagi Sherdor madrasasining hozirgi kundagi koʻrinishi aks etgan.
Shuningdek, koʻrgazmada Registon maydonida har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan “Sharq taronalari” Xalqaro musiqa festivali haqida fotolavhalar ham oʻrin olgan.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring