Raqobat muhitini yaxshilash — rivojlanishning muhim omili

17:30 07 May 2021 Iqtisodiyot
1078 0

Korrupsiya bugungi kundagi eng asosiy global muammolardan biriga aylanib ulgurdi. Uning shakli va sabablari ham turlichadir. Mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, tanish-bilishchilik, qonunchilikdagi boʻshliqlar, byurokratiya, lobbizm, manfaatdorlik kabi shakllari bilan birga raqobat muhitiga taʼsir qiluvchi imtiyozlarni berish ham korrupsiyaga olib keluvchi omillar qatoriga kirib ulgurdi.

Jumladan, ayrim subyektlargagina turli koʻrinishdagi individual soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, preferensiyalar berish va imtiyozli kreditlar ajratish amaliyoti raqobat muhitini yaxshilash va biznes yuritishning teng imkoniyatlarini yaratish borasidagi islohotlarimizga oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmaydi.

Bugungi kunda rivojlangan davlatlar tajribasi ham shuni koʻrsatadiki, mamlakatda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasini yana-da rivojlantirish va bu orqali halol raqobat muhitini shakllantirish, pirovardida esa aholiga sifatli va hamyonbob mahsulot va xizmatlarni yetkazib berish taraqqiyotning muhim omillaridan hisoblanadi.

Bu borada esa raqobat muhitini keng joriy etish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020-yil 29-dekabrdagi parlamentga Murojaatnomasida bozorda teng raqobat muhitini yaratish va halol-pok tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirishga qaratilgan mexanizmlar joriy etilishini ustuvor vazifa sifatida qayd etib oʻtilgan edi. Oʻz navbatida mazkur vazifa Davlat dasturining bir necha bandida, xususan, 84 bandda belgilangan “Tadbirkorlik kodeksi” loyihasini ishlab chiqishda ham tadbirkorlik subyektlari uchun raqobat muhitini yaxshilash va davlatning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga oʻtkazish tartibi aks ettirilishi belgilangan.

Umuman olganda, oʻtgan 4 yil davomida mamlakatimizda halol raqobat muhitini shakllantirish yoʻlida bir qator choralar koʻrildi.

Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil
8-sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi”da xususiy sektor samarali faoliyat koʻrsatayotgan sohalarda davlat ishtirokidagi tijorat tashkilotlarini tuzishga cheklov choralarini belgilash va amaldagi korxonalarni qayta tashkil etish, shuningdek, sogʻlom raqobat muhitining rivojlanishini cheklayotgan alohida xoʻjalik yurituvchi subyektlarga eksklyuziv huquqlar, individual imtiyozlar hamda preferensiyalar berish amaliyotidan voz kechish koʻrsatib oʻtildi.

Ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil
31-maydagi “Imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar qonunlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun berilishi, vaqtinchalik imtiyozlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan 3 yildan ortiq boʻlmagan muddatga berilishi, individual imtiyozlar, alohida hollarda, xususiy sektor investitsiya kiritishdan manfaatdor boʻlmagan tarmoqlarda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun, aniq ijtimoiy yoki iqtisodiy asoslar mavjud boʻlganda yoxud Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan berilishi koʻrsatib oʻtildi.

Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil
27-iyundagi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yana-da tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan 2019-yilning
1-oktyabrdan asbest, koʻmir, yogʻoch materiallari, yogʻoch va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xom ashyosi qoʻshilgan qiymat soligʻidan (QQS) ozod qilinmaydigan boʻldi.

Bunga qadar, mahalliy mahsulot ishlab chiqaruvchilar QQS toʻlovchisi boʻlsada, import qilgan tadbirkorlik subyektlari toʻlovlardan ozod boʻlgan. Natijada, hammaga bir xil sharoit yaratish uchun import qiluvchi tadbirkorlik subyektlari majburiy tartibda QQS sifatida roʻyxatdan oʻtishi tartibi kiritilib, imtiyoz bekor qilindi.

Toʻrtinchidan, 2020-yil 19-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida soliq va bojxona imtiyozlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi farmoni bilan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda QQS bilan bogʻliq soliq va bojxona imtiyozlari bekor qilindi. Jumladan, mazkur Farmonga asosan eksportyor korxonalarga eksport ulushiga mutanosib ravishda berilgan regressiv soliq stavkalari bekor qilindi.

Beshinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini 2020-yil 21-avgustdagi “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan strategik ahamiyatga ega xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilishning alohida tartiblari bekor qilindi.

Shuningdek Yangi tahrirdagi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonun va “Davlat xaridlari tizimini yana-da takomillashtirish va davlat xaridlari jarayoniga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori bilan eng yaxshi takliflarni tanlash va tender xarid qilish tartib-taomillarini majburiy tartibda elektron shaklda oʻtkazish toʻgʻrisidagi talab kiritildi.

Mazkur hujjatlarga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining ushbu qonunga mos boʻlmagan topshiriqlari, shu jumladan qonunda koʻzda tutilmagan, yagona yetkazib beruvchidan toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilish imkonini koʻzda tutuvchi bayonnomalar shaklidagi topshiriqlarni kiritish amaliyoti qatʼiyan taʼqiqlandi.

Davlat xaridlari boʻyicha yagona axborot portali (d.xarid.uz) da zaruriy maʼlumotlar ochiqlandi.

Ushbu islohotlar davomi sifatida davlat aktivlarini sotib olish jarayonida halol va haqqoniy raqobatni shakllantirish yoʻlida samarali ishlar amalga oshirildi.

Bularning eng asosiysi sifatida davlat aktivlarini ommaviy savdolar orqali sotilishi yoʻlga qoʻyilganligini koʻrsatish mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi farmoniga muvofiq endilikda davlat aktivlari boʻyicha savdolar faqatgina “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida amalga oshirilmoqda.

Shu oʻrinda muhim bir maʼlumotni qoʻshimcha qilish oʻrinli - aksiyadorlik jamiyatlaridagi davlat aksiya paketlari boʻyicha savdolar amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq birja savdolarida amalga oshiriladi.

Davlat aktivlarining bu turdagi savdo shakllari orqali sotilishining muhim jihati shundaki, bunda hech kimga alohida imtiyoz yoki preferensiyalar qoʻllanilmagan holda savdolar amalga oshiriladi.

Ommaviy savdolarga chiqarilgan davlat aktivlari savdolarida istalgan yuridik yoki jismoniy shaxs ishtirok etishi va gʻolib boʻlishi mumkin.

Bunda, shartlar barcha uchun teng va barcha barobar raqobatlashish huquqiga egadir.

Shuningdek, ushbu savdo maydonchasida roʻyxatdan oʻtish, aktivlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot olish imkoniyatlari ham mavjud.

“E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida qatnashishning oddiyligi va shaffofligi esa tadbirkor va ishbilarmonlar uchun yana-da qulay sharoit yaratmoqda.

Bugungi kunda davlat aktivlarini xususiylashtirish sohasida halol raqobatni shakllantirish yoʻlidagi yana bir muhim yangilik bu davlat aktivlarini “nol” xarid qiymatida sotish amaliyotining bekor qilinganligidir.

Yangi tartib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil
27-oktyabrdagi Farmonida nazarda tutilgan boʻlib, endilikda davlat aktivlari “nol” xarid qiymatida emas balki investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda “1 soʻm” boshlangʻich narxda ommaviy savdolarga chiqariladi.

Bunda aktivlarni sotib olish boʻyicha tadbirkorlar teng raqobatlashadilar. Natijada, davlat aktivi eng maqbul taklifni bergan tadbirkorga sotiladi.

Jumladan, joriy yilda 400 ga yaqin davlat aktivlari “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi va “Toshkent” Respublika fond birjasi orqali elektron ommaviy savdoga chiqarilgan boʻlsa, shundan 300 dan ortiq davlat aktivlari elektron ommaviy savdolar orqali 257,4 mlrd. soʻmga sotilgan.

Yuqorida qayd etilgan qulayliklar, byurokratik va korrupsion toʻsiqlarning olib tashlangani natijasida mamlakatimizda koʻplab ishbilarmonlar davlat aktivlarini sotib olish orqali oʻz tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻymoqdalar yoki tadbirkorlik faoliyatlarini yana-da kengaytirmoqdalar.

Bu esa oʻz navbatida, aholi farovonligi, mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Akmal BURXANOV,
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?