Qushlar bilan tillashayotgan margʻilonliklar
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻonada tadbirkorlik, uddaburonlikda margʻilonliklarning oldiga tushadigani yoʻq. Shu bois viloyatda hazilomuz ohangda aytiladigan “Margʻiloncha manzirat” degan ibora ancha urfga kirgan. Boisi muomalasi shirin, yoʻqdan bor qilish qobiliyati kuchli koʻhna kent ahli har qaday sohada birinchi boʻlishga intiladi.
Tadbirkorlikda davr taqozosi tufayli endilikda margʻilonliklarning hatto qush tilini ham topayotgani eʼtiborga loyiq. Gap shundaki, bugungi kunda Margʻilon shahridagi “Tuyagum” MFY ahli qush boqib, ushbu sohani mahalla drayveriga aylantirish orqali tilga tushdi.

Ayni paytda mahalladagi aksariyat xonadonlarda noyob va nodir sayroqi qushlar parvarishlanadi. Bu shunchaki ishqibozchilik emas, moʻmay daromad olish va oila farovonligini taʼminlash omilidir.
Neʼmatjon Rustamov moʻjazgina hovlisida 12 turga mansub boʻlgan 100 ga yaqin qushlarni boqmoqda. Xonadon sohibining aytishicha, u boqayotgan baʼzi qushlarning narxi 1,5 ming dollargacha baholanadi. Misol uchun, “Amadinka” qushi 13 kunda 6-7 tagacha bolalaydi. Bir juft qush 150 ming soʻmdan sotiladi. Joʻja olish mavsumi erta koʻklamdan noyabr oyiga qadar davom etadi va ushbu oila mavsumda 1000 juftdan ortiq noyob qushlarni sotadi.

— Noyob qushlar parvarishi va savdosi mahalla drayveriga aylanib ulgurdi, — deydi “Tuyagum” MFY raisi Shuhratjon Xoliqov. — Ayni paytda 100 dan ziyod xonadon bu ushbu yumush bilan mashgʻul. Ammo mahallamizda qushlar savdosi uchun bozor yoʻq. Aksariyat qushlar poytaxt bozorlaridagi ikkilamchi mijozlar orqali xaridorlarga yetkazib berilmoqda.
Shu maqsadda mahallaning oʻzida qushlar savdosi uchun ixtisoslashgan maxsus doʻkon tashkil etish, doimiy ravishda qushlar koʻrgazmasini yoʻlga qoʻyish harakatidamiz. Natijada qushlar savdosi bilan birga, kerakli ozuqa, darmondorilar, gigiyena vositalari hamda kerakli anjomlar taʼminoti ham yoʻlga qoʻyiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring