Qonun taqiqlagan illatning isi chiqmay qolmaydi
Olx, bu — muayyan davlatlarda onlayn maydon xizmatlarini taqdim etuvchi eʼlonlar platformasi. U odamlarni tovar yoki xizmatlarni sotib olish, sotish va almashtirish orqali birlashtiradi.
Mazkur platforma yordamida har bir kishi mobil moslamasidan yoki kompyuterdan eʼlonlarni joylashtirishi mumkin. Bu quvonarli hamda qulay, albatta. Biroq bundan kim qanday maqsadda foydalanishiga bogʻliq. Ayni zamonga kelib, turli onlayn xizmatlar niqobi ostidagi behayo xizmatlar, afsuski, koʻpayib bormoqda.
Mavzu qanchalik nozik boʻlmasin, uni tilga oldikmi, borini aytaylik. Endigina 23 bahorni qarshilagan, hali turmushga chiqmagan Dilara (ism va joy nomi shartli)ning oilaviy sharoiti ogʻir edi. Boz ustiga talaba, oʻqishini tamomlashi uchun hali yana bir yil bor. U oʻylab-oʻylab ishlashga qaror qildi va internet tarmogʻidagi “olx” platformasi orqali oʻziga “maʼqul kelgan bir ish” topdi.
Ha, agar, halol ishlaganida edi, ishi, topishi yomon emasdi. Ammo u oʻtgan kunlari, totgan qiyinchiliklarini tez unutdi. Qoʻliga kelib turgan haloliga qanoatsizlik qildi. Ish joyidan boshqacha yoʻlda ham foydalansa boʻlishini idrok qilib, oʻylaganini amalda qoʻllamoqchi boʻldi.
Toshkent shahridagi sogʻlomlashtirish markazlarining biridagi SPA salonida ish boshqaruvchi boʻlib ishlayotgan D.Yunusovaning xizmat vazifasi salonga kelgan mijozlardan massaj xizmati uchun toʻlanadigan haq va massajchi qizlar ulushini berish tartiblarini ushlab, bu yerdagi ishlarga bosh-qosh boʻlib turishdan iborat edi.
Toshkentdagi oliygohlardan birining 3-bosqich talabasi boʻlgan Dilara bu yerga kelayotgan mijozlar hamda qizlar bilan tillashib salonda qoʻshmachilik ishlarini ham amalga oshirish mumkinligini oʻyladi-yu, bu ishning xaromligi, na shariat, na qonun uni yoqlashini hayoliga keltirmadi. U salonga onlayn eʼlon asosida kelayotgan oʻzi kabi “oriyatsiz ovchilar”ga massajning gʻayritabiiy usullaridan soʻzlab, ularni xarom yoʻlga chalgʻitish bilan birga, pulini “shilish”ni boshladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bir qarashda anchayin tabiiy koʻringan bu kabi “ov” jamiyatda Dilara kabi boqimanda avlod zanjirini yaratayotgani bilan asoratli illatdir. Ammo qonun taqiqlagan har qanday illatning isi chiqmay qolmaydi.
Inchunun, oriyatini yoʻqotgan bu qizning kirdikori ham fosh boʻlmay qolmasdi. Oqib kelib turgan moʻmay daromaddan oʻzgani tan olmay, koʻzini shira bosgan Dilara navbatdagi mijozlarni qabul qilarkan, massajning “klassika”, “relaks”, “miks”, “karalevskiy”, “sultanskiy” kabi usullari borligini aytib ishvalandi. Mijozlarning qaysi turdagi massajni taklif etasiz, degan savollariga esa “relaks”ni dedi-yu, uning “sir-sinoatlari”ni tushuntirib oʻtdi.
— Narxi qancha boʻladi buni endi?
— Har bir kishiga 700 ming soʻmdan.
Mijozlar 1 400 000 soʻm pulni tashlashdi-yu, massajchi qizlar orasidan oʻzlariga maʼqul kelganini tanlashdi. Pulni koʻrib koʻzi quvnagan D. Yunusova bu galgi mijozlar xolis ishtirokchilar, boʻlayotgan ishlar esa maxsus reyd tadbiri ekanligini bilmasdi, albatta.
Oradan yarim soatlar oʻtib-oʻtmay markazga tashrif buyurgan IIB xodimlari D. Yunusovadan bu yerda nimalar sodir boʻlayotganligini soʻrashdi.
Bamaylixotir, “qizlar massaj bilan shugʻullanishyapti”, deya javob qilgan Dilaraning soʻzlarini ichkaridagi sharmandali holat, afsuski, inkor etdi.
Tarixda otasining iznisiz ostona xatlashga had qilolmagan qizlarimizning ayrimlari bugunga kunga kelib nimalarni qilib yurishibdi, degan achinarli savol qalbingni tirnaydi.
Xalqimizda shunday dono maqol bor: “Kim qilmagay, kim tortmagay”. Oʻzi qiyinchilik vajidan talaba holida ish va pul topishni maqsad qilgan, halol-xaromni unutgan “oriyatsiz ovchi” D.Yunusova sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilib, qonunda koʻrsatilgan jazoga tortildi.
Akrom ARIPOV,
Oliy sud bosh konsultanti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring