Qoʻlimiz toza, qalbimiz-chi?

02:19 01 Aprel 2020 Jamiyat
1394 0

“Xalq soʻzi”.Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi Online”

... Va nihoyat dastlabki xushxabar!
Bu mujda, hamma-hammamiz kutayotgan bu xushxabar oynai jahon orqali butun mamlakatga taraldi. Pandemiyaga qarshi Prezidentimiz rahbarligida koʻrilayotgan chora-tadbirlar, saʼy-harakatlar oʻz natijasini bera boshladi. Virus yuqtirib, davolanishga yotgan bemorlardan bir guruhi tuzalib, yana sogʻlom hayotga qaytdi. Ularni va ularning haloskorlari boʻlgan fidoyi shifokorlarni sogʻliqni saqlash vazirining oʻzi gullar bilan qarshilab, reabilitatsiya markazlariga kuzatib qoʻydi.

Ana shuning oʻzi million-million qalblarga quvonch olib kirdi. Hamyurtlarimiz qalbida bu ofat tez orada arishiga ishonch paydo boʻldi.

Bu ilk natija.

Xotirjam boʻlishga esa hali erta.

Koronavirusni yuqtirib olganlar soni, afsuski, oshib boryapti. Respublikamizda pandemiyani daf qilish uchun barcha chora-tadbirlar koʻrilyapti. Bu yoʻlda hamma-hamma imkoniyatlar ishga solinyapti. Bugun butun mamlakat oyoqqa turgan. Shaharu kentlarimiz karantin holatida. Televizorda, boshqa ommaviy axborot vositalarida rahbarlar, jamoat arboblari, shifokorlarimiz virusni yuqtirib olmaslik uchun nimalarga rioya qilishimiz haqida kunu tun ogohlantirmoqda. Barcha-barchamizni bu yoʻlda birdamlikka, hamjihatlikka chorlamoqda.

Kecha taniqli ijodkorlarimizdan biri televideniyedagi chiqishida “bu ham xalqimiz boshiga tushgan bir sinov, bir imtihon. Hammamiz bugun imtihondamiz”, dedi.

Haq gap. Bu imtihondan omon-eson, yorugʻ yuz bilan oʻtish, xavfni aritish xalqimizning vaziyatga ongli munosabatiga, amaldagi tartib-intizomga nechogʻli rioya qilishiga, madaniyatiga, axloqiga, ish tutumiga, imon-eʼtiqodi va sabr-toqatiga koʻp jihatdan bogʻliq.

Sirasini aytganda, kimning qandayligi xuddi shunday paytlarda bilinadi.

Muqaddas kitoblarimizda zikr qilinganidek, inson bemorlik vaqtida, urush, dushmanlar bilan toʻqnashuv paytida mashaqqatlarga uchrashi tabiiy hol. Shunday paytlarda sabr qilish lozim boʻladi. Sabr qiluvchilar yaxshilik sohiblari, imonli kishilar hisoblanadi.

Umrni esa faqatgina yaxshilik bezaydi, yaxshilik ziyoda qiladi.

Xalqimiz orasida yaxshilikni oʻziga kasb qilib olgan, hamma-hammaga ezgulik sogʻinib yashaydigan imon-eʼtiqodli, saxovatli, mard va fidoyi insonlar juda koʻp. Namanganlik bir tadbirkor epidemiyaga qarshi kurash respublika jamgʻarmasiga 135 million soʻm mablagʻ oʻtkazdi. Toshkentlik yana bir saxovatli inson oʻzi tiklagan koʻp qavatli muhtasham binoni shifokorlar ixtiyoriga oʻz xohishi bilan topshirdi... Bugun qanchadan-qancha shifokorlarimiz jasorat va matonat bilan oʻz shirin jonlarini xavf ostiga qoʻyib boʻlsa-da, kunni kun, tunni tun demay, bemorlar qoshida sergak turishibdi, kasallikka qarshi kurashishyapti. Prezidentimiz bunday zamondoshlarimizni jang maydonidagi jangchilarga, qahramonlarga qiyoslab, ularni moddiy-maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirish yuzasidan alohida qaror qabul qildi.

Qoʻli yengil shifokorlarimiz shunga loyiq.

Ular bugungi kun — zamonamiz qahramonlaridir.

Mutaxassislar qayd etishicha, ushbu xavfli virus qoʻllar orqali yuqadi. Shuning uchun ham shifokorlar qoʻllarimizni har kuni bir necha martadan sovunlab yuvishga daʼvat etishmoqda. Bizga qolsa, barcha-barchani qoʻlni yuvishdan oldin, eng avvalo, qalblarini yuvib olishga chorlagan boʻlardik.Anglab turibsiz, aziz gazetxon, afsuslar boʻlsinki, xalq boshiga ish tushgan shunday kunlarda ayrim imoni sust, insofi yoʻq kimsalar ham uchrab turibdi. “Tadbirkor” niqobi ostidagi bunday kaslar — olibsotarlar bozorlarimizda oddiy odamlar koʻngliga gʻuluv solib, narx-navoni sunʼiy ravishda oshirib yubormoqdalar. Baʼzi joylarda gʻaraz niyatli kimsalar bor narsani ham doʻkonga keltirmay yoki doʻkon peshtaxtasiga qoʻymay, sunʼiy taqchillikni yuzaga keltirib, oddiy odamlarni qiyin ahvolga solib qoʻymoqdalar. Bu bilan xalq orasida turli vahima, shov-shuvlarning paydo boʻlishiga sababchi boʻlmoqdalar.

Natijada gohida un, gohida kartoshka taqchilligi haqida mish-mishlar tarqalyapti. Vaholonki, rahbarlarimiz “oziq-ovqat zaxiramiz yetarli” deb qayta-qayta taʼkidlashyapti. Haqiqatan shunday. Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlangan davlatlar roʻyxatida turamiz. Har yili million-million tonna bugʻdoy, kartoshka yetishtiramiz.

Bunday vaziyat rahbar va mutasaddilardan ham yuz chandon koʻproq masʼuliyat talab qiladi. Ular shu sinovli kunlarda xalqning ichiga kirib, bozorlar, doʻkonlarni oralab, muammolarni bartaraf etishmasa, odamlar ogʻirini yengil qilishmasa... Bundan-da boshqa yana qanday zarur ishlari, yumushlari boʻlishi mumkin? Bugun quyi tizimdagi katta-yu kichik rahbarlar quruq safsatadan, oʻrinli-oʻrinsiz majlisbozliklardan, qogʻozbozliklardan, rasmiyatchiliklardan voz kechib, chin yurakdan, xalqni deb, haqni deb sof qalb, chin vijdon bilan jon koyitib ishlashlari kerak.

Kun keladi, koronavirus chekinadi. Patarat topadi. Bunga shubha yoʻq. Biz bunga qodirmiz. Bugun hammamizning saʼy-harakatimiz shunga, odamlar qalbiga gʻuluv solib turgan ana shu xavfni tezroq bartaraf etishga qaratilgan. Otalarimiz, onalarimiz, aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, farzandu nabiralarimiz — hammamiz uydamiz. Belgilangan qoidalarga rioya qilishga bor vujudimiz bilan harakat qilyapmiz. Oʻrni kelganda hanuz koʻcha-koʻyda behuda, boz ustiga, niqob taqmay yurgan baʼzilarni ogohlantirishga ham oʻzimizda kuch topyapmiz.

Bugun shunday hamjihatlik zarur. Birdamlik zarur. Biz buning uddasidan chiqyapmiz, chiqamiz ham. Bu kunlar hademay oʻtib ketadi. Yana hayot oʻz iziga tushadi. Yana yaxshi kunlar, toʻy-tantanalar boshlanadi. Ana oʻsha kunlarda bir-birimizga yorugʻ yuz bilan boqishimiz uchun ham bugun toza qoʻl, toza qalb, sof vijdon bilan, imon-eʼtiqod bilan ishlashimiz, oʻz burchimizni chin dildan, shaxdu shiddat bilan bajarishimiz kerak.

Haqiqatan ham, bugun shiddat davri, shijoat davri.
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?