Qolib ketsa —falokat, qayta ishlansa —daromad

18:54 14 Avgust 2025 Jamiyat
129 0

Maishiy chiqindilar hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Atigi bir kunda chiqadigan chiqindilar toʻgʻri boshqarilmasa, tabiatga ham, inson salomatligiga ham ogʻir oqibatlar keltiradi. Ular tuproqqa, suvga va havoga aralashib, atrof-muhitdagi ekologik muvozanatni buzadi, turli allergiyalar, oʻpka va teri kasalliklari, hatto saratongacha yetaklovchi xastaliklar xavfini oshiradi. Shu bois chiqindilarni qayta ishlashga rivojlangan davlatlarda eng muhim ekologik masalalardan biri sifatida qaraladi.

Andijon viloyati boʻyicha har kuni 2500–3000 tonnagacha maishiy chiqindi hosil boʻladi. Bu chiqindilarning qayta ishlash boʻyicha hozircha 15 ta korxona faoliyat olib bormoqda. Ular qogʻoz, plastik, polietilen, sellofan va rezina mahsulotlarini saralab, uy-roʻzgʻorda foydalaniladigan ikkilamchi tovarlar tayyorlamoqda. Tayyor mahsulotlar ichki bozorda sotilishi barobarida Qozogʻiston va Qirgʻiziston kabi qoʻshni davlatlarga ham eksport qilinmoqda. Shuningdek, 1500 tonna chiqindini yoqib, 40 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zavod qurish boʻyicha harakatlar boshlagan. Zavod Xoʻjaobod tumanida barpo etilmoqda va u ishga tushgandan soʻng kamida 100 ta xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlay oladi.

—Biroq amalga oshirilayotgan ishlar hajmi viloyatdagi umumiy chiqindilar toʻplanishini hisobga olgan holda yetarli emas,—deydi mehnat faxriysi Sharobiddin Asqarov. —Bugungi kunda qayta ishlashga jalb etilayotgan chiqindilar miqdori 4 foiz atrofida, xolos. Har kuni chiqadigan 2500–3000 tonna chiqindidan bor-yoʻgʻi 100–120 tonnasi qayta ishlanmoqda, qolgani esa poligonlarga tashlanadi yoki boshqa shaklda yoʻq qilinadi. Tasavvur qiling, har kuni taxminan 2700 tonna chiqindi qayta ishlanmasdan qolib ketyapti. Bu nafaqat iqtisodiy yoʻqotish, balki tabiiy muhit uchun toʻgʻridan‑toʻgʻri tahdid hisoblanadi.

Mahalliy mutaxassislarning fikricha, qayta ishlash koʻrsatkichini 50 foizga yetkazish uchun kamida yana 8–10 ta yuqori quvvatli, zamonaviy uskunalarga ega korxonalarni tashkil etish talab qilinadi. Bu korxonalarni qurish uchun sarmoyadorlarga yanada keng imkoniyatlar, jumladan, “ekosanoat zonalari”, texnika va uskunalar importida bojxona imtiyozlari, davlat-xususiy sheriklik asosida yer ajratish va resurs taqdim qilish mexanizmlari ishlab chiqilishi lozim.

— Avval chiqindilarni yigʻishning oʻzi muammo edi,—deydi mehnat faxriysi Abdullajon Ismatov. — Hozir qayta ishlashni ham oʻrganyapmiz. Bir paytlar men xizmat qilgan zavodda ham temir va plastmassa qoldiqlarini qayta ishlash boʻlimi bor edi. Bugungi kunda zavodlarda bunday imkoniyatlar mavjud emas. Shu bois tadbirkorlarga qulay sharoit yaratish lozim. Toki ular ishlab chiqarish koʻlamini oshirsinlar. Busiz iloj yoʻq! Axir, oʻzingiz oʻylang, chiqindilarning aksariyat qismi yuz yildan ming yilgacha boʻlgan muddat ichida chirimaydi va bu davr mobaynida atrofga zarar yetkazadi, xolos. Shuning uchun ularni maʼlum bir joyga koʻmib tashlash masalaning yechimi hisoblanmaydi. Xoʻsh, rivojlangan mamlakatlarda bu borada qanday natijalar bor? Masalan, Germaniyada maishiy chiqindilarning taxminan 67 foizi qayta ishlanadi. Janubiy Koreyada 80 foizdan oshgan. Shveysariyada alyuminiy kabi materiallar 90 foizgacha qayta ishlanadi. Braziliyada esa alyuminiy bankalar 98 foizga qayta ishlanadi.

Xulosa qilish mumkinki, chiqindini keraksiz narsa emas, resurs sifatida koʻra olgan mamlakatlar ekologik xavfni kamaytirish bilan birga iqtisodiy samara ham olishga erishyapti. Afsuski, bizda hozircha bunday yondashuv ommalashmagan. Shuning uchun bu boradagi vazifalarni shakllantirish dolzarb vazifa hisoblanadi.

Masalaga toʻgʻri yondashilsa chiqindi muammo emas, balki xazinaning bir turi ekanligiga amin boʻlamiz. Uni resursga aylantirish, tabiat va inson salomatligini asrash, iqtisodiyotga qoʻshimcha quvvat berishning imkoni bor. Endilikda chiqindilarni qayta ishlashda yangi innovatsiyalarni joriy etish vaqti keldi. Ana shu yoʻl bilangina, biz mamlakatimizning ekologik barqarorligini taʼminlay olamiz.

Saminjon HUSANOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер