Qishloq xoʻjaligini texnikasiz tasavvur etish qiyin

09:23 08 Iyul 2021 Iqtisodiyot
302 0

Xalqimizda “Texnika – dehqonning qanoti”, degan naql bor. Bu bejiz aytilmagan, albatta. Sababi yerga urugʻ qadashdan tortib, hosilni nest-nobud qilmay yigʻishtirib olishga qadar boʻlgan ishlarning barchasi texnika kuchi yordamida amalga oshiriladi.

Shu bois, mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha jabhalari qatori qishloq xoʻjaligida ham izchil islohotlar amalga oshirilib, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-iyuldagi “Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim hujjat boʻlib xizmat qilyapti.

Mazkur hujjatda Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi, Agregat zavodi, Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi va “Texnolog” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat ulushlari uch yil muddatga «Oʻzavtosanoat» aksiyadorlik jamiyatiga ishonchli boshqaruvga berilishi hamda tarmoq korxonalarining rentabelligini oshirish, mahsulotlar sifatini yaxshilash va tannarxini pasaytirish vazifalari belgilangan edi.

Oʻtgan davrda Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodidagi ishlab chiqarish maydonlari 68 foizga maqbullashtirilib, uskunalardan foydalanish samaradorligi oshirilgani bois mahsulot tannarxi 4 foizga pasaygan holda, qariyb 45 milliard soʻm iqtisod qilindi. Quvonarlisi, xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar oʻtkazilib, 80-100 ot kuchiga ega boʻlgan traktorlar narxlari 15-20 foizga arzonlashtirildi.

Hozirgi kunda Minsk traktor zavodi bilan hamkorlik oʻrnatilgan boʻlib, bu sheriklik doirasida Oʻzbekistonda har yili 3 mingta traktor ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Lekin korxonalarning texnologik va ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, qishloq xoʻjaligini zamonaviy texnikalar bilan taʼminlash boʻyicha hali qilinishi lozim boʻlgan vazifalar koʻp.

Joriy yilning 5-iyul kuni qishloq xoʻjaligi mashinasozligi hamda kimyo sanoatidagi loyihalar taqdimoti davomida bu masalalarga eʼtibor qaratilib, mahalliy texnikalar narxi import texnikalarga nisbatan 10-15 foiz qimmatligi aytilgan holda, bu borada aniq vazifalar belgilab berildi.

Taqdimotda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasterini tashkil etish, quvvatlardan foydalanish va mahalliylashtirish darajasini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilinib, poytaxtimizda joylashgan tarmoq korxonalarini Chirchiq shahriga koʻchirish va ularning negizida qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasterini tashkil etish bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.

Toshkent va Chirchiqdagi qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodlari, Agregat zavodi, “Texnolog” va «OʻzKlaas Agro» korxonalari sanoat klasteri usulida yagona maydonda joylashtirilishi qayd etildi. 1 ming 200 ta uskuna va jihoz, 28 turdagi texnika optimallashtirilib, ishlab chiqarish quvvatidan foydalanish 85 foizga, mahalliylashtirish 50 foizga yetkazilishi bildirildi. Bu bilan ishlab chiqarish tannarxi 20 foizga pasayib, korxonalarning rentabellik darajasi 10 foizga oshishi kutilmoqda.

Prezidentimiz loyiha bilan tanishish jarayonida mahalliylashtirish borasidagi ishlarni davom ettirib, texnikalar narxini arzonlashtirish boʻyicha alohida koʻrsatmalar, tavsiyalar berdi. Xususan, Minsk traktor zavodi bilan hamkorlikda ishlab chiqariladigan traktorlarni mahalliylashtirish darajasini kelgusi yil 40, 2023-yilda 50 foizga, «OʻzKlaas Agro» boʻyicha bu koʻrsatkichni 25 foizgacha yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Mahalliy texnikalarni sotib olishi uchun fermer xoʻjaliklari va klasterlarga yengillik yaratish maqsadida lizingning boshlangʻich toʻlovini 25 foizdan 15 foizga, foiz stavkasini 16 foizdan 7 foizga tushirish hamda lizing muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirilishi ham barcha fermerlarni, yer egalarini behad quvontirdi. Yaratilayotgan imkoniyat va berilayotgan imtiyozlar mirishkorlarimiz uchun katta ragʻbat boʻlib, ularni yana-da katta muvaffaqiyatlar sari ilhomlantirdi.

Dono xalqimiz aytganidek, dehqonchilikda tanaffus boʻlmaydi. Agrar sohada qishin-yozin ish ishga ulanib ketaveradi. Bu jarayonda qishloq xoʻjaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar fermerlarning ogʻirini yengil qilish barobarida, ekinlardan barakali va sifatli hosil yetishtirishga xizmat qiladi.

Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xoʻjaligi
masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?