Qishda jonlangan tarix
Andijon shahri markazidagi “Qalʼa” majmuasi oʻz vaqtida harbiy ehtiyojlar uchun qurilgan boʻlsa-da, bugun u oʻtmishning eng ogʻir sahifalarini oʻzida jamlagan tarixiy xotira sifatida namoyon boʻladi. 1880–1881-yillarda Rossiya imperiyasi harbiy maʼmuriyati tomonidan barpo etilgan ushbu inshoot shahar va atrof hududlar ustidan nazoratni taʼminlashga xizmat qilgan. Qalʼa devorlari ichidagi kazarmalar, omborxonalar va xizmat binolari uning faqat harbiy maqsadda qurilganini yaqqol koʻrsatadi.

“Qalʼa” 1898-yilda Dukchi Eshon boshchiligidagi qoʻzgʻolon bilan bogʻliq fojiali voqealarning ham guvohi boʻlgan. Qoʻzgʻolon bostirilganidan keyin bu hudud jazo va qatagʻon makoniga aylantirilgan. Qalʼa ichidagi yagona quduqdan suv chiqmagani sababli, qatl etilgan andijonlik qoʻzgʻolonchilarning jasadlari aynan shu yerga tashlangan. Bu fojiali haqiqat 1985-yilda olib borilgan taʼmirlash ishlari chogʻida quduqdan inson tanasiga oid suyaklar topilgani bilan yana bir bor tasdiqlangan.

Majmua hududidagi zindon ham oʻsha davr muhitini anglashda muhim ahamiyat kasb etadi. U dastlab harbiylar uchun gauptvaxta sifatida qurilgan boʻlsa, keyinchalik qoʻzgʻolon ishtirokchilarini saqlash joyiga aylantirilgan. Bugun bu yerda oʻrnatilgan asirlar haykallari oʻtmishdagi ruhiy bosim, qatagʻon va iztirobli muhitni his etish imkonini beradi.
Hozirda “Qalʼa” muzey ixtiyoriga oʻtkazilgan. U yerda andijonlik rassomlarning asarlari, shuningdek, oʻsha davr rus armiyasiga tegishli boʻlgan harbiy jihozlar, kiyim-kechaklar va qurol-aslahalar saqlanmoqda.

Beixtiyor savol tugʻiladi: bir vaqtlar mustamlakachilik armiyasiga xizmat qilgan bu inshoot bizga bugun kerakmi? Javob esa aniq — kerak! Chunki “Qalʼa” qanday maqsadda qurilganidan qatʼi nazar, u orqali tarixni yashirmasdan, boricha anglash mumkin. Ana shu maʼnoda, ushbu majmua Andijondagi eʼtiborga molik tarixiy makon sifatida asrab-avaylanishi va keyingi avlodga yetkazilishi lozim.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring