Qish gʻamini hozirdan yeng

Kuzning salqin kunlari boshlanishi bilan ostona ortida qish poylab turadi. Shukrlar boʻlsinki, yurtimizda hali kuz kelmasidan tayyorgarlik ishlariga kirishiladi. Mahalla vakillari uyingizgacha kelib, aynan shu boʻyicha muammoni oʻrganishadi.
Andijon viloyatida bu borada joʻyali ishlar amalga oshirilmoqda. Shu paytgacha 2 ming 200 ta koʻp qavatli uylarning holati oʻrganib chiqildi. Mavjud kamchiliklar bartaraf etildi. Birgina Andijon shahrida 280 dan ziyod koʻp qavatli uylarda taʼmirlash ishlari olib borildi. 173 ta uyning issiqlik tizimi toʻliq yangilanib, 18 ta uyda ichki kommunikatsiyalar almashtirildi. Bu ishlarni 12 ta boshqaruv servis kompaniyalari amalga oshirdi.
— Bugungi asosiy vazifamiz fuqarolarni uzluksiz issiqlik bilan taʼminlash, — deydi “Andijon shahar qurilish servis” MCHJ masʼul xodimi Abror Mirzaboyev. – Har bir koʻp qavatli uyda joylashgan issiqlik punktlari nazoratga olingan, zarur holatda ishlatish uchun rezerv generatorlar tayyor holatga keltirilgan.
Taʼlim va tibbiyot muassasalarida ham mavsum oldi ishlariga alohida eʼtibor qaratildi. Viloyatdagi 764 ta maktab, 218 ta bogʻchada isitish tizimlari tekshiruvdan oʻtkazildi. Ulardan 645 tasida quvurlar, batareyalar taʼmirlanib, 89 ta muassasada yangi issiqlik qozonlari oʻrnatildi. Sogʻliqni saqlash boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, 42 ta shifokorlik punktlari, 13 ta markaziy shifoxonada energiya tejamkor issiqlik uskunalari joriy etildi.
Energetika sohasida ham muhim oʻzgarishlar kuzatilmoqda. “Andijon hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi tomonidan bu yil 37 ta transformator punktlari kapital taʼmirdan chiqarildi. 96 kilometr elektr tarmoqlari almashtirildi. Shuningdek, 19 ming xonadonda hisoblagich uskunalari yangilangan. Bu nafaqat elektr taʼminotini barqarorlashtirish, balki foydalanish hisobini aniqlash imkonini berdi.
“Andijon suv taʼminoti” AJ tomonidan ham kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
— Viloyatdagi 1200 kilometrdan ziyod ichimlik suvi tarmoqlari tekshiruvdan oʻtkazildi, — deydi jamiyat direktori Dilshodbek Qoʻldoshev. — 37 ta nasos stansiyasi taʼmirlanib, 12 tasida zamonaviy avtomat boshqaruv tizimlari oʻrnatildi. Mavsum davomida hamyurtlarimiz ichimlik suvi taʼminoti hamda oqova suv xizmatidagi muammolarga duch kelmasligi uchun har bir shahar va tumanda navbatchilik guruhlari tashkil etilgan. Ular tomonidan hududlarni nazorat qilish, yuzaga kelgan muammolarni vaqtida bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Ayni paytda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yakuniga yetib, nazorat ishlari davom etmoqda. Hokimliklar va mahallalarda ishchi shtablari faoliyati tashkil qilindi. Bugunga qadar bajarilgan tayyorgarlik ishlari oʻz samarasini beradi. Zero, infratuzilmalardagi bunyodkorlik uzoqni koʻzlab amalga oshirildi. Nafaqat ertangi kunimizdan, balki kelgusi yillardan ham koʻnglimiz toʻq!
Saminjon HUSANOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Dollar kursi tushishda davom etmoqda
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring