Qingʻir ishning qiyigʻi

16:32 12 Avgust 2025 Jamiyat
385 0

Namangan viloyati markazidagi Samarqand koʻchasida qad rostlagan oʻn qavatli turarjoy qurilishi bino bitishi arafasida toʻxtatildi. Nega?

Pudratchi tashkilot – “Mukammal qurilish sanoat servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan olib borilgan ishlar sifatsiz bajarilgani aniqlandi. Qavatlar soni loyihadagidan bittaga oshirib yuborilgan ekan. “Bir qavat koʻpaygan boʻlsa, nima qipti, shunga ham ota goʻri qozixonami?”, deydiganlar topildi. Aslida, bunday qilish sirayam mumkin emas. Zero, qurilishning talabi qattiq. Ayniqsa, koʻp qavatli binolarning seysmik mustahkamligi birinchi oʻrinda turadi. Bordi-yu, zilzila roʻy berib qolsa loyihasi toʻqqiz qavatga moslab chizilgan, lekin, oʻn qavat qilib qurilgan inshoot tabiiy ofatga dosh bera oladimi? Quruvchilar buni oʻylab koʻrishmagan chogʻi.

Qurilish va uy joy kommunal xoʻjaligi sohasida Namangan viloyat hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan MCHJ rahbari Bilolxon Aminov nomiga ogohlantirish xati yuborildi. Lekin, inspeksiya talabi bajarilmadi. Natijada ish sudga oshirildi. Sud esa loyihaga zid ravishda qoʻshilgan oʻninchi qavatni olib tashlash haqida qaror chiqardi.

Odamlar deyarli bitkazilgan binoning yuqori qavati butunlay buzib tashlanayotganidan hayratlangan boʻlsa, bosh pudratchi oʻzboshimchaligi qimmatga tushganidan alamda. Chunki, quruvchilar bu nojoʻya xatti-harakati uchun yaxshigina jarimaga tortildi. Qolaversa, oʻninchi qavatni tiklash uchun qurilish ishlari yalpi qiymatining oʻn foizi atrofida xarajat ketgani aytilmoqda. Xoʻsh, bu kimga foyda-yu, kimga ziyon!?

Loyiha talablariga amal qilmaslik, binokorlik texnologiyasi buzilishi bilan bogʻliq bunday holatlar viloyatda yagona emas. Inspeksiya maʼlumotlariga qaraganda, joriy yilning olti oyi mobaynida viloyat boʻyicha 905 ta qurilish obyektida ish toʻxtatilgan boʻlsa, 59 tasi muzlatilgan. Sohada aniqlangan huquqbuzarliklar uchun mutasaddilarga 1,3 milliard soʻmdan ziyod jarima toʻlashga toʻgʻri keldi.

— Qoidabuzarliklar koʻproq nimalarda koʻrinadi, degan savol tugʻilishi tabiiy, —deydi hududiy inspeksiyaning qurilish-montaj ishlari ustidan nazorat qilish boʻlimi boshligʻi Umidjon Turdiyev. – Monitoring oʻrganishlari chogʻida obyektni tegishli roʻyxatdan oʻtkazmay ishni boshlash, loyihaga oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirish kiritish, ruxsatsiz rekonstruksiyalash, texnologik zanjirni buzish, davlat andozasiga javob bermaydigan ashyo va materiallardan foydalanish singari holatlarni aniqlayapmiz. Tabiiyki, bunday paytda obyektlarda ish toʻxtatilib, nazoratga olinadi va kamchiliklarni bartaraf etish talabi qatʼiy qilib qoʻyiladi.

Koʻp qavatli binolarni zilzilabardosh qilib qurish quruvchilar zimmasidagi birinchi darajali talab. Amalda baʼzi bosh pudratchilar tomonidan masalaga jiddiy yondashilmayotgani kuzatiladi. Namangan shahrining Uychi koʻchasida qad rostlagan 12-koʻp qavatli binoning birinchi qavatidagi noturar qismida asosiy yuk koʻtaruvchi va xonalarni ajratib turuvchi parda devorlar bu yerga joylashgan tadbirkor tomonidan oʻzboshimchalik bilan buzib tashlangan. Davlatobod tumanining Yangi tong mahallasidagi koʻp qavatli uyni qurishda quruvchilar bir xonadonni ikkiga ajratib, oʻrta devorni olib tashlashgan. Ayni jarayonda bu yerdagi kommunikatsiya tizimlari ham oʻzgartirilgan.

Uychi tumanidagi 27-umumtaʼlim maktabi uchun barpo etilayotgan ikki qavatli bino qurilishiga sifatsiz beton plitalar keltirilganligi aniqlandi. Buyurtmachi – viloyatdagi infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi davlat muassasasi bunga befarq qaragan. Oʻrnatilgan sifatsiz plitalarni olib tashlashga toʻgʻri keldi. Norin tumanidagi 37-maktab qurilishida bino devorlari gʻishti sifatsiz urilgan, ustiga ustak bogʻlovchi choklar yaxshi toʻldirilmagan. Oʻylab qolasan, qurilayotgan bino xonalarida ertaga bolajonlarimiz oʻqishadi, omonat tiklangan devorlar ular hayotiga xavf tugʻdirmasligiga kim kafolat beradi?!

Sohadagi qonunbuzarliklar orasida qurilish obyektlarini tegishli roʻyxatdan oʻtkazmay ishni boshlash holatlari uchrayotgani tashvishli hol, albatta. Bunday joyda nazorat, masʼuliyat susayishi tayin. Ayni toifadagilar orasida “Vostok trade invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati hammaning oldiga tushadi. MCHJ quruvchilari Davlatobod tumanidagi “Yuksalish” dahasida bitta olti va yana bitta yetti qavatli turarjoy binolarini imi-jimida qurishni boshlab yuborgan paytda ish toʻxtatildi. “Stroymegabrok” masʼuliyati cheklangan jamiyatining “Nurafshon” mahallasida roʻyxatdan oʻtkazilmay barpo etishga kirishilgan toʻqqiz qavatli bino qurilishi taqdiri ham shunday boʻldi. Umuman olganda, viloyat boʻyicha pudratchi tashkilotlar 175 ta holatda obyektni roʻyxatdan oʻtkazmay turib ishga kirishgani kishini ajablantiradi. Ularning koʻpchiligida tegishli hokim va qurilish boʻlimi ruxsatnomalari boʻlmagan, ayrimlarida shaharsozlik kengashi, boshqalarida ekspertiza xulosalari mavjud emas. Shunday koʻzboʻyamachilik ham boʻladimi? Axir ular kichik bir obyekt emas, odamlar yashaydigan mustahkam qoʻrgʻonni barpo etishyapti-ku! Qani bu yerda masʼuliyat, qani quruvchilik kasbiga boʻlgan hurmat?!

Turarjoylar aholi uchun ishonchli va mustahkam boshpana boʻlishi kerak. Binobarin, bunday imoratlar koʻplab avlodlarga xizmat qiladigan darajada qulay va mustahkam qilib barpo etilmogʻi shart. Buning uchun mamlakatimizda barcha imkoniyat, zamonaviy qurilish texnologiyasi, zarur material va ashyolar yetarli. Asosiy masala binokorlarimizning bu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, ishga vijdonan yondashishi, son ketidan quvib sifatni unutib qoʻymasliklariga bogʻliq. Zotan, qingʻir ishning qiyigʻi qirq yildan soʻng ham chiqadi, degan maqol bejiz aytilmagan.

Qudratilla NAJMIDDINOV.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер