Qashqadaryoda nuroniylar tanlovi oʻtkazildi

01:38 18 Avgust 2023 Jamiyat
982 0

Foto: Xalq soʻzi

Qarshi shahridagi Maʼnaviyat maskanida “Bir nuroniy oʻn nafar yoshga masʼul” respublika tanlovining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbarining 2023-yil 11-martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori asosida “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyiliga muvofiq, har bir mahalladagi yoshlar katta hayotiy tajribaga ega hamda zamonaviy fikrlaydigan faol nuroniylarga biriktirilishi belgilangan edi. Shunga koʻra, viloyatda mavjud 814 ta mahalladagi nuroniylar yoshlarga biriktirilib, oʻtgan vaqt davomida ushbu yoʻnalishda izchil saʼy-harakatlar olib borildi.

— “Bir nuroniy oʻn nafar yoshga masʼul” tanlovi nuroniylarning mahalla yoshlari bilan amalga oshirgan ishlarini koʻrsatib beradigan, ular oʻrtasida oʻzaro tajriba almashadigan bir maydon boʻldi, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi bosh mutaxassisi Latif Qambarov. — Shu yilning iyul oyida tanlovning tuman va shahar bosqichlari yuqori saviyada tashkil etilib, bugun hududiy bosqichlarda gʻolib boʻlgan 16 nafar nuroniy viloyat bosqichi gʻolibligi uchun bahslashishdi. Ularning har bir shart boʻyicha chiqishlari hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi.

Yakuniy natijalar boʻyicha Qarshi shahridagi Alisher Navoiy mahallasi faoli Sodiq Islomov birinchi oʻrinni egallab, tanlovning respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, yana bir qator nominatsiyalarda gʻolib va sovrindorlar aniqlanib, ularga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?