Putin yana bir hafta masofadan ishlaydi

21:18 05 Aprel 2020 Dunyo
787 0

Rossiya prezidenti Vladimir Putin kamida bir hafta yoki undan koʻproq vaqt masofadan ishlaydi. Bu haqda “Rossiya 1” telekanalining “Moskva. Kreml. Putin” dasturida uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov maʼlum qildi.

Avvalroq Vladimir Putin Moskvadagi Kommunarka posyolkasida joylashgan shifoxona bosh shifokori Denis Protsenkoda koronavirus aniqlangandan keyin masofadan ishlay boshlagani maʼlum qilingandi. Putin 24-mart kuni koronavirusga chalinganlar uchun moʻljallangan shifoxonaga tashrif buyurganda Protsenko bilan tibbiy niqobsiz muloqot qilgan va u bilan qoʻl siqishgan.

“Bir hafta oʻtdi va men kamida yana bir hafta yoki undan koʻproq deb bemalol ayta olaman”, deydi Peskov.

“Bosh shifokor bilan bogʻliq hodisa barcha ehtiyotkorlik choralariga qaramay, virusga chalinmaslikning eng yaxshi va samarali vositasi – aynan jismoniy muloqotni qisqartirish ekanini koʻrsatdi. Prezident ham aynan shuni qildi”, deb taʼkidlab oʻtgan Peskov.

Maʼlum qilinishicha, Putin va u bilan birga ishlovchilar muntazam ravishda koronavirusga test topshirmoqda. “Shu sababli, barcha zarur narsa qilinmoqda. Biroq eng samaralisi – masofadan ishlashdir”, deb qoʻshimcha qilgan Peskov.

Taʼkidlanishicha, Peskovning oʻzi ham dasturda savollarga masofadan turib javob bergan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?