Pushaymonlik yoxud gumrohlik girdobida
Jamiyatimizda baʼzan ogʻir muhokamalarga sabab boʻladigan qarorlar ortida insonlar taqdiri, tanlovlar va kechikkan pushaymonlar yotadi. 2026-yil 17-mart kuni qabul qilingan Amnistiya haqidagi Prezident farmoni ham shunday yuzlab taqdirlar uchun yangi sahifa ochdi. Navoiy viloyatidan 400 nafardan ziyod mahkumlar mazkur afv tufayli jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilib, ularga yana bir imkoniyat berildi. Ular orasida ikki nafari esa xotin-qizlardir. Xoʻsh, adashganlarni afv etish jamiyatga foyda keltiradimi?
– Yigirma toʻrt yoshdaman, – deydi navoiylik N. Azimova. – Bugun uyimga kelganimga bir hafta boʻldi. Oʻz uyim, onajonim, ukam va boshqa yaqinlarim yonidaman. Zangiotadagi ayollar qamoqxonasida bir yarim yil umrim oʻtdi. Yoshligim, gʻoʻrligim, tajribasizligim pand berdi. 21 yoshimda yaqinlarimning yuzini yerga qaratadigan, kelajagimni qorongʻu qiladigan, umidlarimni chippakka chiqargan ishga qoʻl urib qoʻydim. Qosh, koʻzlari popukdek, tili shirin buxorolik yigit koʻnglimni oldi, sovgʻa-salomlar, hushomadlar bilan yoʻllarimni intizor kutardi. Pinhona uchrashuvlarimiz “achchiq meva“sini berdi. Buni bilganimda homilam 3 oylik boʻlishga ulgurgandi. Nima qilishni bilmay unga aytdim, bu xabarni eshitgach, u xorijga qochib ketdi. Turmushga chiqmaganman, mahallada bosh koʻtarolmay qoldim. Ota-onam, yaqinlarim malomatidan qoʻrqdim. Qarindoshlarimni qora qilib, Turkiyaga yoʻl oldim. Bu yerdagilarni davolanish uchun boryapman, deb aldadim. Sababi, menda umurtqa qiyshayishi bor edi. Shu kasallik bilan 2017-yildan beri roʻyxatda turaman. Turkiyaga kelib surishtirsam, bu operatsiya juda qimmat, tushimga ham kirmagan summani aytishdi. Kun koʻrish uchun uy xizmatchisi boʻlib ishlab yuraverdim. Tugʻadigan paytim kelgach, Oʻzbekistonga qaytishga majbur boʻldim. Turkiyadagi qarindoshlar yordam berishni istashmadi. Yurtga qaytgach, muammoni oʻzimcha yechmoqchi boʻldim. Perenatal markazda ishlaydigan bir ayolni surishtirib topdim. Bolamni vasiylikka bermoqchi edim – oʻsha ayolning aytishicha, ular bolamni bir necha yil boqib berisharkan. Bilasiz, tugʻruqxonada pulsiz qiyin, oʻzimga ham, bolamga ham qimmat ukol-dorilar buyurishdi. Pulim esa mutlaqo yoʻq edi. Qattiq tushkunlikka tushdim – bir tomondan qilmishimdan uyalsam, yana bir tomondan muhtojlik qiynadi. Bolani soʻraganlarga berib yubormoqchi boʻldim. “Qorovultepa“dagi baliqxonada bolani qaramogʻiga olmoqchi boʻlganlar bilan uchrashdim. Qoʻlimga pul tutqazishdi. Oʻz jigarbandimni sotayotganimda ushlashdi. U yerdan darhol Navbahor tuman ichki ishlar boʻlimiga olib ketishdi. Jinoyat kodeksining 135 — moddasi 3 – qismiga binoan 3-yilu 6 oyga jazo muddati tayinlandi. Keyin bilsam, “odam savdosi“ga qoʻl urgan ekanman. Menga xatoyimni toʻgʻrilash, toʻgʻri yoʻlga qaytish uchun imkon berildi. Hozircha mahalladagilar men uchun mebel sexidan ish topishdi. Maoshi yaxshi, ish yengil. Ishchilarning hammasi xotin-qizlardan iborat. Endi hech kimga ishonmayman, ayniqsa, yigitlarga... Atrofimdagi yaxshi insonlar hayotga qaytishimga, tiklanishimga, orzularimni roʻyobga chiqarishimga koʻmak berishmoqda. Subsidiya olmoqchiman, ijtimoiy nafaqa yoki moddiy yordam ham beradigan boʻlishdi. Viloyat hokimligidan minnatdorman.
Hali juda yoshman, lekin hayotda koʻp narsalarni koʻrib qoʻygandek gapirayotgan bu ayol qilgan ishidan ham pushaymonda. Ammo hozir uning atrofimda dardlashadigan, eshitadiganlar bor. Afv etilganlar orasidagi barcha xotin-qizlarimiz ham Niginaxondek sidqidildan mehnat qilib, hayotda oʻz yoʻlini topib ketishiga umid qilamiz.
Gulchehra BERDIYOROVA,
Navoiy viloyat Oila va xotin-qizlar
boshqarmasi mutaxassisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring