Endilikda prezidentni internetda haqoratlagan yoki unga tuhmat qilganlar 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin

11:13 31 Mart 2021 Hujjatlar
1633 0

“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, Oʻzbekiston Prezidentini telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet butunjahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

(Ilgari Prezidentni omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, mazkur jinoyatni matbuot yoki boshqa OAVdan foydalangan holda sodir etganlik uchun javobgarlik mavjud edi.)

Kodeksga ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zoʻravonlik qilishga omma oldida daʼvat qilganlik uchun javobgarlik kiritildi.

Unga koʻra, mazkur qilmishni sodir etgan shaxslar BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oʻsha harakatlar bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki OAV, telekommunikatsiyalar tarmoqlari, Internetdan, shuningdek matnni koʻpaytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda sodir etilgan boʻlsa, BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

▫️Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?