Prezident bilan yuzlashgan momo

17:37 28 Iyun 2021 Jamiyat
870 0

Bugun Izboskan tumaniga qadam ranjida qilgan kishi borki, “Urganji” mahallasida bir toʻxtab oʻtadigan boʻlgan. Davlatimiz rahbari shu yilning 17-18-iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida ushbu mahallada boʻlib, jumladan, aholi bilan uchrashdi. Sebzor koʻchasining 44-xonadonida yashovchi Sanobarxon aya Oʻrinboyeva oʻz xonadonida respublikamiz Prezidenti bilan yuzlashdi.

— Televizorlarda davlatimiz rahbarining aholi bilan uchrashuvlarini koʻrib, qanday baxtli odamlar ekan-a, yurtning “kattasi” bilan yuzlashib turishibdi-ya, — deya havas qilardim,-deydi onaxon suhbatda. — Biroq, qachondir mening uyimga tashrif buyurishi mumkinligini xayolimga ham keltirmagan ekanman.

Sanobarxon aya ushbu mahallaga 1967-yilda kelin boʻlib tushgan. Ortda qolgan yillarni xalol mehnat bilan yashab oʻtdi. 6 farzandni oʻqitdi, uyli-joyli qildi.

— Rahmatli turmush oʻrtogʻim sovxozda hisobchi edi, — suhbatda davom etadi momo. — Men dalada ishlardim. Topganimiz roʻzgʻordan oshmasdi. Shunday boʻlsada, farzandlarimizni oʻqitdim. Kechalari koʻylak tikardim. Bitta koʻylak uchun 3 soʻm xizmat haqi olardim. Bitta bolamning bir haftalik xarajati esa 10 soʻmdan iborat edi. Hamma narsani hisob-kitobi bilan, rejali amalga oshirganim uchun qiyinchilik koʻrmaganman. Shu oʻgʻlim oʻqishga kirib, diplomni olguncha uygayam, toʻygayam bitta koʻylakni kiyardim. Bu yoʻqchilikdan emas, boriga shukr qilib yashashdan, deb bilaman. Xohlasam, bitta koʻylagimni ikkita qilishga qurbim yetardi. Biroq, shunga sarfalagan pulimni ham bolalarimning kelajagiga sarflashni xohladim.

“Obod qishloq” dasturi mahalladoshlar qatori onaxonning ham xonadoniga baraka olib kirdi. «Mahallabay» oʻrganishlardan soʻng onaxoning xonadoniga 50 bosh tovuq olib kelib berishdi. Ayni paytga kelib ulardan har kuni 35-40 ta tuxum olinyapti. Shu kunlarda bugʻdoydan boʻshagan maydondan dehqonchilik uchun yer ajratib beriladigan boʻlgan. Shuningdek, 1000 ta tuxumdan iborat inkubator topshirildi va 500 ta joʻja bilan taʼminlandi.

— Bolalarimnig ayrimlari ishsiz, — deydi Sanobarxon aya. — Biroq, xonadonimizga tovuq olib kelingach, bekorchilikka vaqt ham qolmayapti. Oilamizda necha kishi boʻlsak, hammamiz parrandachilik bilan band boʻlib qoldik. Shunday sharoitlarga ham kelarkanmiz, a! Hukumatimizga raxmat!

Onaxon bilan suhbatimiz davomida amin boʻldimki, davlatimiz rahbarining ushbu mahallaga tashrifi aholining dunyoqarashini mutlaqo oʻzgartirib yubordi. Ularning ertangi kunga boʻlgan ishonchi ortdi. Eng muhimi, har bir oila uy sharoitidagi tadbirkorga aylandi.

— Hayotning qancha ogʻir kunlarini koʻrmaylik, hech kimdan yordam soʻramadik, — shukr qiladi suhbatdoshimiz. — Nimagaki, erishgan boʻlsak mehnatimiz bilan topdik. Shuning uchun boʻlsa kerak, mana uydan chiqmagan holda rizqimizni topishga ham imkoniyat yaratildi. Shunday sharoitni yaratib qoʻygan davlatimiz kattalariga rahmat!

Fayzli xonadondagi farishtali ayol bilan suhbatimizdan shuni xulosa qildimki, inson hamisha yaxshi oʻylashi, halol rizq terishi va barchaga ezgulikni ulashishi kerak.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер