Parvozlar geografiyasi kengaymoqda
Andijon shahrida “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi tomonidan ochiq muloqot oʻtkazildi. Unda aviakompaniya masʼullari, keng jamoatchilik vakillari hamda sayyohlik markazi xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mamlakatimizda yoʻlovchilar uchun yaratilgan qulayliklar, xizmat sifatini yaxshilash yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Taʼkidlanishicha, 2024–2025-yillarda aviakompaniya parvozlar geografiyasini kengaytirib, Toshkentdan Sanya, Fukukok, Hanchjou, Goa, Hurgada, Maxachqalʼa, Nyachang, Islomobod, Madrid va Tyumen shaharlariga yangi yoʻnalishlarni ochgan. Shuningdek, Rim, Mumbay va Laxor yoʻnalishlari ham qayta tiklandi.
— Shu kunlarda respublikamizda, jumladan, Andijon viloyatida turizmni rivojlantirishga boʻlgan eʼtibor har doimgidan ortgan, — deydi “Parvoz” sayyohlik markazi vakili Ravshanbek Arslonov. — Sayohatni esa parvozsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shuning uchun aviakompaniya masʼullariga ichki turizmni yanada rivojlantirish maqsadida Andijondan Samarqand, Buxoro, Xiva hamda Nukus shaharlariga parvozlarni tashkil etish boʻyicha taklif kiritdik. Bir soʻz bilan aytganda, bugungi tadbir faoliyatimizga yangi imkoniyat eshiklarini ochdi.
Aytish joiz, aviakompaniya tomonidan joriy yilning noyabr oyidan boshlab Andijon aeroportidan muntazam xalqaro va ichki yoʻnalishlarda aviaqatnovlarni amalga oshirish boshlanadi. Buning natijasida Fargʻona vodiysi aholisi uchun Rossiya, Turkiya va respublikamizning yirik shaharlari bilan barqaror havo aloqasini taʼminlanadi. Bu esa hududdagi ishbilarmonlik, sayyohlik va ijtimoiy aloqalar rivojiga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar aviakompaniya faoliyatidagi yangiliklar, parvozlar xavfsizligini taʼminlash, xizmatlar samaradorligini oshirish va ichki turizmni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha fikr almashdi. Muloqot ochiq va konstruktiv ruhda oʻtdi, mazkur tashabbus kelgusida mintaqaviy aviatashuvlar tarmogʻini yanada kengaytirishga zamin yaratishi taʼkidlandi.
Saminjon HUSANOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring