Parlament Reglamenti oʻzgarishi mumkin

22:03 01 May 2020 Siyosat
1560 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining shu yil 1-may kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi yalpi majlisida mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid muhim masalalar qatorida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan qizgʻin koʻrib chiqildi.

Huquqni qoʻllash amaliyotining tahlillari shuni koʻrsatmoqdaki, garchand parlament nazoratining turli shakllari amal qilayotgan boʻlsa-da, davlat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlarining faoliyatini monitoring va nazorat qilishning mukammal tizimi mavjud emas. Deputatlarning fikricha, bu holat qonun hujjatlarining bajarilishi ustidan nazorat samaradorligini pasaytirmoqda. Natijada fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga sharoit yaratilyapti.

Oliy Majlis va siyosiy partiyalarning demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishdagi rolini yana-da kuchaytirish maqsadida qonun loyihasi bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi va “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartishlar kiritish taklif etilmoqda.

Chunonchi, Qonunchilik palatasi va Senat majlislarida davlat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotlarini eshitish tartib-taomillarini joriy qilish nazarda tutilyapti (bugungi kunga qadar Oliy Majlis palatalari faqat Hukumat aʼzolarining axborotini eshitishga haqli).

Shuningdek, ular yakunlari boʻyicha Oliy Majlis palatalari qarorlari mazkur organlar rahbarlariga yuborilishi, Hukumat aʼzolari yuzasidan qarorlar esa Vazirlar Mahkamasiga yuborilishi tartibini tatbiq etish belgilanyapti.

Xalq vakillari bu borada xorijiy tajriba keng tahlil etilganini taʼkidlashdi. Ularning fikricha, yuqoridagi qonunlarga oʻzgartishlar kiritilishi parlament vakolatlarini kengaytirish, huquqiy hujjatlarning samarali ijrosini taʼminlashda uning roli va mavqeini oshirishga xizmat qiladi.

Qizgʻin muhokamalardan soʻng, qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?